Линклар

O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimov vafotidan so‘ng Ozodlik radiosi o‘zining Odnoklassniki sahifasida “Sizningcha, Islom Karimov qoldirgan eng asosiy meros nima?” degan so‘rov o‘tkazdi. Bu so‘rovda 20 mingdan ortiq vatandosh qatnashdi. So‘rovga javob berganlarning 95 foizidan ko‘pi “mamlakat tinchligi” degan javobni ma’qulladi. Ozodlik o‘zbekistonliklarning bu javobiga sotsiolog olim Bahodir Musaevning fikrini o‘rgandi.

Ozodlikning “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘idagi “Sizningcha, Islom Karimov qoldirgan asosiy meros nima?” degan savoliga 20 mingdan ortiq odam javob berdi.

Islom Karimov qoldirgan eng asosiy meros “mamlakat tinchligi” degan javobni 19 ming 426 kishi ma’qulladi.

Qolgan javoblar, “Mehnat muhojirlari sonining oshishi”ni 352 kishi, “Sport yutuqlari”ni 264 kishi, “Avtoritar hokimiyat”ni 152 kishi, “Avtosanoat”ni 142 kishi ma’qulladi.

So‘rov natijalari

So‘rov natijalari

So‘ralganlarning 95 foizidan ko‘pi Islom Karimov o‘zidan “tinchlik” merosini qoldirdi, deb javob bergan.

O‘zbekistondagi tinchlik haqiqatan ham Islom Karimovning xizmatimi, degan savolga sotsiolog olim Bahodir Musaev javob berar ekan, bu tinchlikning marhum prezident bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini aytdi:

- Odamlarning tinchlikni qadrlashi borasida hech qanday g‘ayritabiiylik yo‘q. Lekin men bunda Islom Karimovning siyosatchi sifatida xizmatini ko‘rmayapman. O‘zbek bag‘rikeng va sabrli xalq. Uning ana shu sabrliligi tinchlikni saqlab turdi. Ammo, Karimov tinchlikni saqlab turdi, deb mubolag‘a qilmaslik lozim. Chunki uning rejimi jamiyatni faqat kuch ishlatish tizimlari zo‘ravonligi bilan boshqarib keldi. Bu yerda eng asosiy narsa, inson huquqiga ham, “kuch adolatda” degan Amir Temurning o‘gitiga ham tupurildi. Agar bu adolat qonun bilan himoya qilinmasa, qonunlarning o‘zi ishlamasa, qanaqa tabiiy tinchlik bo‘lishi mumkin, dedi Bahodir Musaev.

Jamiyatshunos olim O‘zbekistondagi tinchlikning barqaror emasligini aytadi:

- Qarang, bizda Konstitutsiyaning birorta moddasi ishlamasa, jamiyatni korruptsiya chirmab o‘rab olgan bo‘lsa, bizning jamiyatimiz qandaydir “zona” qonunlari bilan yashasa, jamiyat haqsizlikdan, huquqlari poymol bo‘layotganidan to‘lib turgan bo‘lsa, qanaqa barqaror tinchlik haqida gapirish mumkin? Bu barqaror tinchlik emas, balki ijtimoiy portlash yuz berishi mumkin bo‘lgan, bir holatdir, dedi sotsiolog.

Bahodir Musaev fikricha, o‘zbek hukumatining “hamma joyda urush, bizda tinchlik”, “prezident tinchlik garovi”, singari iboralar uzoq yillardan buyon aholining ongiga O‘zbekiston matuboti, TV va radiosi orqali singdirilaverganidan keyin, bundan boshqacha natija kutish mumkin emas:

- Mana bizda barqarorlik, xavfsizlik jamiyatimiz rivojining asosiy talablaridan biri, deb ko‘p aytiladi. Yo‘q, bizdagi asosiy talab zo‘ravonlikni yopib turish uchun gapiriladigan yolg‘ondir. O‘zbek hukumati ichki siyosatining asosiy strategiyasi ham odamlar qalbiga qo‘rquv solish, hech kim ortiqcha fikrlamasin deb burchakka taqash, insonning erkini bo‘g‘ish bo‘lib qoldi. Agar bunday ichki siyosat davom etaversa, bu tinchlikning bir zumda tugashi kutilgan holdir, dedi Bahodir Musaev.

Sotsiolog olim Bahodir Musaev bilan suhbatning to‘lig‘ini quyida tinglashingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG