Линклар

Prezident Karimov vafoti ortidan O‘zbekistonda hokimiyatning yangi qo‘lga o‘tgani Rossiya isteblishmentida O‘zbekistonga nisbatan bayonotlarning yangicha ritorikada yangrashiga sabab bo‘ldi. Ozodlik radiosi o‘zining yangi "GOVORIT MOSKVA" ruknida bu bayonotlarni savol ostiga oladi.

Rossiyada mavjud son-sanoqsiz "strategik tadqiqotlar" ekspertlari va siyosatchilari tomonidan tarqatilayotgan mulohazalardan biri – O‘zbekistonda o‘tish davrida AQSh va boshqa mamlakatlarning ichki siyosatga aralashuvi kuchayishi hamda "mamlakatni qayta taqsimlashga urinishlar" avj olishi to‘g‘risida xabarlarga to‘xtalamiz.

"O‘zbekistonga tashqi tahdidlar kuchaydi"

Rus siyosatchilari va tahlilchilarining aksari ilgari surayotgan umumiy fikr: Islom Karimov o‘limi va hokimiyat boshqaruvi boshqalarga o‘tishi ortidan mamlakatga ayniqsa AQShning bosimi kuchayib boradi.

Bu qarash Rossiyadagi deyarli har bir nashr, radio va telekanalda ovoza qilindi.

- O‘zbekistonda beqarorlashish kerak bo‘lmagan ikkita mamlakat bor – bu Rossiya va Xitoy. Parokandalik Rossiya uchun og‘ir iqtisodiy talafotlarga olib keladi. Biz allaqachon 2 million migratlarni qabul qildik – endilikda 4 million bo‘lishi mumkin. O‘zbekistondagi beqarorlik Xitoyning neftь-gaz va hokazo tomonlardan zarar ko‘radi. Beqarorlikdan hech narsa yo‘qotmaydigan yagona davlat – AQSh. Aksincha, ular Moskva va Pekinning kuchsizlanishidan foyda olishi mumkin, dedi Igor Shishkin O‘zbekiston masalasi muhokama qilingan 1 kanalning "Vremya pokajet" dasturida.

(Rossiya 1-kanalning "Vremya pokajet" dasturidan lavha)

Rus ommaviy axborot vositalarida chiqayotgan mutaxassislarning aksari O‘zbekistonda hokimiyat uchun kurashdan AQSh va boshqa G‘arb davlatlari foydalanib qolishi mumkinligidan bong uradi.

Moskvadagi "Milliy strategiya muammolari" jurnali bosh muharriri Ajdar Qurtov "RIA Novosti" tomonidan maxsus tashkillashtirilgan "Karimovdan keyin O‘zbekiston: siyosiy tahdidlar va kelgusi taraqqiyot" matbuot anjumanida AQSh O‘zbekistonda "ikkinchi Andijon-2005" rejasini amalga oshirishi mumkinligi gapiradi.

Tahlilchi Ajdar Qurtov

Tahlilchi Ajdar Qurtov

- Amerikaliklarga har qaysi mintaqa, ayniqsa Markaziy Osiyo zarur. Markaziy Osiyo Rossiyaga chegaradosh mintaqa, amerikaliklarning asosiy maqsadi esa Rossiya chegarasi bo‘ylab muammolar yaratishga qaratilgan. Ular bu rejadan voz kechmaganlar. Masalan, Andijon voqealari tergovi amerikaliklarning bu voqealarga bevosita aloqadorligini isbotladi, dedi Ajdar Qurtov.

Ayni paytda, ekspert Qurtov Islom Karimov boshqarib kelgan hukumat yillar "Andijon qirg‘ini" masalasida xalqaro tashkilotlar va G‘arb mamlakatlari, jumladan AQShning mustaqil va ob’ektiv tergov-surishtiruv ishlarini olib borish taklifini rad etib kelayotganini yodga olmadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham bunday tahdidlarga oid fikr-mulohazalar soni ko‘payib borayotganini ko‘rish mumkin.

Boshqa kremlparast ekspertlar esa O‘zbekistonda boshqa davlatlar faoliyati kuchayishi Rossiya manfaatlariga zid kelishini ovoza qilmoqda.

- U yerda Rossiya, AQSh va Xitoydan tashqari yaponlar, janubiy koreyaliklardan turli sohalarda faoliyat yuritib kelgan. Bizning u yerdagi ta’sirimiz susayib borayotgani aniq, dedi siyosatchi, Dumaning Xavfsizlik malalalari bo‘yicha qo‘mita sobiq a’zosi Semen Bagdasarov.

MDH mamlakatlari instituti direktori muovini Vladimir Yevseev esa Rossiya bunday vaziyatdan ustamonlik bilan foydalanishi zarurligini uqtirmoqda. "Vesti" dasturlaridan birida qilgan chiqishida u o‘zbek hukumati va Rossiyani o‘tgan 25 yil davomida "mustahkam harbiy aloqalar" ushlab turganini bildirib, deydi:

- O‘zbekiston ShHT va KHShT tashkilotlari tarkibida undan kutilmagan harakatlarga ko‘p marotaba yo‘l qo‘ydi. Hozirda AQShning Markaziy Osiyodagi aloqalari susayishi kuzatilmoqda. Bunday vaziyatda Rossiya va Xitoyning pozitsiyasi mustahkamlanib boradi, dedi Vladimir Yevseev.

Rossiyalik siyosatchilar nafaqat AQSh va G‘arb davlatlari, balki 90-yillarda, ma’lum sabablarga ko‘ra, o‘z o‘rnini yo‘qotib qo‘ygan Turkiya ham O‘zbekiston siyosiy sahnasiga qaytishga urinishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

“Muammoni ichkarida qidiring”

Bu mulohazalarda qanchalar asos borligini aniqlash maqsadida Ozodlik mustaqil harbiy tahlilchilarga yuzlandi.

Harbiy tahlilchi, jurnalist Arkadiy Babchenko bunday gaplarni faqat istehzo bilan qabul qilish zarurligini aytadi:

Harbiy tahlilchi A.Babchenko

Harbiy tahlilchi A.Babchenko

- Buyuk dohiy, buyuk Islom Karimov narigi dunyoga ketishi ortidan Amerika, so‘zsiz, u yerga tank diviziyalarini kiritadi, sanoqsiz josuslarni jo‘natadi, zaharlangan saqichlarni yuboradi va, eng asosiysi, u yerga atom bomba tashlashi mumkin. Hazilsiz gapiradigan bo‘lsam, men sobiq harbiy sifatida bunday alahsirashlarni izohlash zarur emas, deb o‘ylayman. Siz “amerikaliklar, Karimov yo‘qligidan foydalanib, O‘zbekistonga hujum qiladi,” degan ibora ichida menga mantiqni topib bering, dedi Arkadiy Babchenko.

Yana bir rossiyalik mustaqil harbiy tahlilchi Pavel Felgengauer rus siyosiy maydonida ko‘tarilgan bu masalaga fikr bildirib, uni "safsata", deb atadi.

Uning ishonishicha, O‘zbekiston uchun tahdidlarni boshqa joydan qidirish kerak.

- Beqarorlik albatta yuzaga kelishi mumkin, ammo unga amerikaliklarning mutlaqo aloqasi yo‘q. Turkiya esa o‘z muammolari bilan band - O‘zbekistonga vaqti yo‘q. Islomiy harakatlardan, masalan "O‘zbekiston Islomiy Harakati"dan tahdidlarni kutsa bo‘ladi. AQSh tahdidi haqida hatto gapirishning hojati yo‘q – bu safsata. Eng katta tahdidlarni mamlakat ichkarisidan qidirish lozim, deya xulosa qildi Pavel Felgengauer.

Ayni paytda, bosh vazir Shavkat Mirziyoevning O‘zbekistonning ham Rossiya bilan aloqalarni kuchaytirish, ham AQSh bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishi to‘g‘risida bayonotlari yangradi.

Hukumat rahbari, shuningdek, qo‘shni davlatlar – Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonga nisbatan ham “ochiq, xayrixoh va pragmatik siyosat” olib borishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG