Линклар

Lola Karimova-Tillaeva va Temur Tillaev manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Ozodlikka Toshkentdagi “Abu Saxiy” bozorida tekshiruvlar boshlangani haqidagi xabarlarni rad etdi.

“Abu Saxiy” bozorida tekshiruvlar boshlangani haqida 8 sentabrda, O‘zbekiston xavfsizlik tizimlaridagi manbalariga tayanib, uzmetronom.com cayti birinchi bo‘lib xabar tarqatgandi.

"Tekshiruv soliqlar to‘lanmayotgani va bozorda xorijiy valyutadan noqonuniy foydalanilayotgani haqida aholidan kelgan shikoyatlar asosida o‘tkazilmoqda", deya xabar berdi uzmetronom.com.

Biroq, Tillaevlar manfaatini himoya qiluvchi advokat Ozodlikka: “Sizda bor ma’lumot soxta. Tekshiruv yo‘q,” deya javob qaytardi.

Hozirga qadar uzmetronom.com xabari Rossiyadagi bir qator axborot agentliklari tomonidan qayta nashr etildi.

Bundan tashqari Rossiya Davlat multimediya xizmati - “Sputnik” O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi o‘z manbasiga tayanib, “tekshiruv ishlari so‘nggi bir necha yillar davomida kelib tushgan agentura ma’lumotlari asosida tashkillashtirilgan”i haqida xabar tarqatdi.

“Sputnik” manbasiga ko‘ra, “Abu Saxiy” bozorida o‘tkazilayotgan tekshiruvlar “oddiy xaridor va do‘kondorlar” ishiga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q.

“Sputnik” manbasining aytishicha, "bozorda valyuta qonunchiligining buzilishi, tovarlarning O‘zbekistonga bojxona qonunchiligini buzgan holda olib kirilishi va soliq yig‘imlari to‘lanmagan holda sotilishi" tekshiruv ishlari boshlanishiga sabab bo‘lgan.

Tekshiruv ishlari so‘nggi bir necha yillar davomida kelib tushgan agentura ma’lumotlari asosida tashkillashtirilgan

Xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi fosh etilishini istamagan “Abu Saxiy” bozori ma’muriyatining vakili Ozodlikka Toshkentdagi soliq idoralari bozorning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshira boshlaganini aytdi.

Ammo, unga ko‘ra, tekshiruvlar matbuotda xabar qilinganidek, 8 sentabr kuni emas, 9 sentabr kuni ertalab boshlangan.

Ozodlik suhbatlashgan bozordagi do‘kondorlardan biri tekshiruvlardan bexabarligi va bozor “har doimgidek” ishlayotganini aytdi.

“Abu Saxiy” bozoriga borgan Ozodlik muxbiri bozorning odatdagiday ishlayotganini ko‘rdi.

“Abu Saxiy” bozori marhum prezident Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillaevaning turmush o‘rtog‘i Temur Tillaevga tegishlidir.

Toshkentdagi Abu Saxiy bozori berkitilgani yo‘q

Toshkentdagi Abu Saxiy bozori berkitilgani yo‘q

2013 yilda Lola Karimova-Tillaeva bilan opasi Gulnora Karimova o‘rtasidagi kelishmovchilik matbuotga sizgan bir paytda ham “Abu Saxiy”da tekshiruvlar boshlangani haqida xabarlar olingan, ammo bozor o‘z faoliyatini davom ettirgandi.

“Abu Saxiy” bozorida tekshiruvlar o‘tkazilayotgani haqidagi xabarlar prezident Islom Karimov vafotidan olti kun o‘tib tarqaldi.

Temur Tillaev, o‘zbek milliy an’analari taqozo etsa-da, o‘z qaynotasining janozasida ko‘rinmadi.

Bu boradagi Ozodlik so‘roviga Tillaevlar advokati hozirga qadar javob qaytargani yo‘q.

XS
SM
MD
LG