Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:05

Qirg‘iz-o‘zbek chegarasining berk qolayotgani So‘x eksklavidagi hayotni falajlab qo‘ydi


70 ming aholisi bo‘lgan Co‘x tumani Qirg‘iziston hududi ichkarisida joylashgan
70 ming aholisi bo‘lgan Co‘x tumani Qirg‘iziston hududi ichkarisida joylashgan

O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan Qirg‘izistonning Botken viloyatiga o‘tish nuqtalari butunlay berkilgani O‘zbekistonning So‘x eksklavidagi aholi hayotini falajlab qo‘ydi. Bu haqda Ozodlikka so‘zlab bergan so‘xliklarga ko‘ra, oxirgi uch hafta ichida aholisi 70 mingdan ziyod bo‘lgan tumanda kundalik oziq-ovqatlar narxi qimmatlashgan, tuman bozorlarida mevalar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan so‘xliklar Qirg‘iziston orqali O‘zbekiston hududiga avgust oyi oxiridan buyon umuman o‘ta olmayotganliklaridan shikoyat qilishdi.

Ularga ko‘ra, O‘zbekiston hududida bo‘lgan so‘xliklar ham, o‘z uylariga qayta olmay, sarson bo‘lishmoqda.

Narx-navo

So‘x tumanida istiqomat qiluvchi A.B (ismi Ozodlikka ma’lum) tuman aholisi deyarli bir oydan buyon O‘zbekistonning boshqa hududlariga o‘ta olmayotgani va bu holat narx-navolarga ta’sir ko‘rsatganini aytdi.

"Oladigan narsaning o‘zi yo‘q. Bitta besh litrlik yog‘ni 36 ming so‘mga olardik. Hozir 45 mingdan 52 ming so‘mgacha olayapmiz. Mevalarni Farg‘ona shahridan olib kelishardi. Hozir yo‘llar berk bo‘lgani uchun magazinlarda, to‘g‘risi, narsa qolgani yo‘q," dedi A.B.

So‘xlik nafaqadagi o‘qituvchi Nabijon Rahmatov tumanga mahsulot etib kelmayotganini aytdi.

"Mana Hayit arafasi bozorga borsangiz istagan narsangiz yo‘q. Meva qolmayapti. Ko‘pini Farg‘ona shahridan olib kelardik, endi esa yo‘q. Bugun 43 ming so‘mga 5 litrlik baklashkada yog‘ oldim. Davlat narxida buni arzonga olardik, hozir kelmayapti," deydi Nabijon Rahmatov.

Sarson talabalar

So‘x tumani Chashma qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Kamoliddin Azizovning aytishicha, yangi o‘quv yili boshlanganidan bir haftadan ko‘proq vaqt o‘tgan esa-da, o‘rta maxsus va oliy ta’lim dargohlari talabalari O‘zbekiston hududiga o‘ta olmayotirlar.

"Respublikamizning Toshkent, Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon va Quvasoy shaharlarida yuzlab so‘xlik talaba-yoshlar turli oliy, umumta’lim va o‘rta-maxsus kollejlarida ta’lim oladilar. Bugunga kelib, chegara yopiq bo‘lgani uchun ular So‘xdan chiqolmasdan turibdilar. Hamma hayron. Kim nima qilishini bilmasdan, sarson-sargardon. Eng achinarlisi shundaki, hech kim, hech narsani bilmaydi. Erta tongdan kechgacha odamlar bir-birlariga faqat bitta savol bilan murojaat qilishadi: yo‘l qachon ochilarkan?" deydi Kamoliddin Azizov.

Hajga aylanma yo‘llar bilan

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 2 sentabrda Haj ziyoratiga yo‘lga chiqqan 13 nafar so‘xlik chegaralar yopiq bo‘lgani uchun aylanma yo‘llar bilan O‘zbekiston hududiga o‘tishga majbur bo‘lgan.

Ulardan bir nafari - 46 yoshli Abdusalom Nazirov qirg‘iz chegarachilari tomonidan qo‘lga olingan.

Yaqinlarining Ozodlikka ma’lum qilishlaricha, qirg‘iz chegarachilari hozirda uni chegaradan noqonuniy o‘tishga urinishda ayblamoqda.

Ammo, Ozodlik hodisa yuzasidan qirg‘iz rasmiylaridan ma’lumot ololmadi.

Hokim inkori

So‘x tumani hokimi Tavakkal Rahimov Ozodlik suhbatlashgan so‘xliklar shikoyatini "asossiz", deya rad etdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaralarning berkitilgani So‘xliklar hayotiga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q.

Сўх ҳокими Таваккал Раҳимов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:29 0:00


"Hech qanaqa narx-navo oshgani yo‘q. Oziq-ovqatlar etarli, normalno," dedi So‘x tumani hokimi.

U o‘zbek-qirg‘iz chegarasining qachon ochilishi unga ma’lum emasligini aytdi.

"Chegara bizga bog‘liq emas. Sizlar yaxshi bilasizlar buni, - deya ilova qildi Tavakkal Rahimov. - Xalq qiynalgani yo‘q, hammasi yaxshi yashayapti."

Cheklovlar

22 avgustdan O‘zbekiston hukumati mamlakat mustaqilligining 25 yilligi bayrami arafasida qo‘shni davlatlar¸ xususan¸ Qirg‘iziston bilan o‘zaro chegaralarini bir tomonlama yopishga qaror qildi.

Bu qarorning xavfsizlikni ta’minlash maqsadida olingani aytildi.

Qirg‘iziston Davlat chegara komiteti matbuot xizmati rahbari Sajira Chokolaeva Ozodlik bilan suhbatda 3 sentabrdan boshlab Bishkek hukumati chegaralarni noma’lum muddatga yopib qo‘yganini ma’lum qildi.

Sajira Chokoloeva chegaralarning 22 avgustdan Toshkent qarori bilan¸ 3 sentyabrdan boshlab¸ Bishkek qarori bilan yopilgani va o‘zbek-qirg‘iz vatandoshlari uchun o‘zaro o‘tib-qaytishning qachon ochilishi noma’lum ekanini bildirdi.

Ozodlik suhbatlashgan kuzatuvchilar¸ qirg‘iz tomonining 3 sentyabrdan boshlab chegaralardagi o‘tish-qaytishni to‘xtatib qo‘yganini ikki hukumat o‘rtasidagi bahsli hudud - Ungartepaga bog‘lashadi.

XS
SM
MD
LG