Линклар

Qirg‘izistonda Hayit namozi xavfsizlik choralari o‘ta kuchaytirilgan vaziyatda o‘qildi


Bishkek markaziy maydonida Hayit namozini o‘qish ko‘p yillik an’anadir.

Bishkek markaziy maydonida Hayit namozini o‘qish ko‘p yillik an’anadir.

Qurbon Hayiti namozi Qirg‘izistonda birinchi marta xavfsizlik choralari o‘ta kuchaytirilgan tarzda o‘qildi. Jumladan, Bishkekdagi barcha masjidlar va u yerga kirayotgan namozxonlar qattiq tekshiruvdan o‘tkazildi. Bishkek bosh maydonida o‘qilgan namozga ham dindorlar maxsus uskunalar vositasida tekshiruvdan o‘tkazilganidan so‘ng kiritildi.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Bishkekda Hayit namozi o‘qiladigan bosh maydon va masjidlar joriy yilda uch mingta militsiya xodimi tomonidan kuchaytirilgan tarzda nazorat qilindi. Maxsus xizmatlarning oddiy kiymdagi yuzlab xodimlari ham masjidlarni va u yerga kelgan namozxonlarni nazoratga oldi.

Militsiya va maxsus xizmat xodimlari har bir namozxonni maxsus uskunalar yordamida tekshirganidan keyingina namoz o‘qiladigan joylarga kirishiga ruxsat berdi.

Har yili birgina Bishkek bosh madoniga Qurbon Hayiti namozini o‘qish uchun kamida 15-20 ming odam kelishini hisobga oladigan bo‘lsak, kuchishlatar tuzilmalar xodimlarining qo‘li qo‘liga tegmay tekshiruv o‘tkazganini tasavvur qilish mumkin.

Aytib o‘tish joyizki, joriy yilda Bishkekda birinchi marta mana shunday tekshiruv o‘tkazildi va namoz nazorat kuchaytirlgan bir vaziyatda o‘qildi.

Xavfsizlik choralarining kuchaytirilishiga 30 avgust kuni Bishkekdagi Xitoy elchixonasi oldida xudkush tomonidan uyushtirilgan portlash, Bishkek yaqinidagi mavzelardan birida terrorchi guruhga mansub shaxsning otishma paytida jismonan yo‘q qilingani va boshqa shu kabi holatlar sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Bir necha kun avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Bishkekdagi Xitoy elchixonasiga terror hujumi uyushtirgan 9 odam aniqlanganini ma’lum qilgandi.

Rasmiy xabarda portlashni amalga oshirganlar Suriyadagi janglarda ishtirok etayotgan, tarkibiga uyg‘urlar ham kirgan “Jabhad-ul-Nusra” va“Jamoat Tavxid va jihod” guruhlari a’zolari ekani iddao qilingan edi.

Ammo maxsus xizmat tomonidan xalqaro qidiruvga berilganlardan ikki nafari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o‘zlari Turkiyada yashashlarini, bu yerda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlarini, hech qanday terrorchilik tashkilotlariga mansub emasliklarini va qirg‘iz maxsus xizmati ularga nisbatan tuxmat qilayotganini aytib chiqqan.

Bishkek bosh maydonida o‘qilgan namozda bosh vazir So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov, poytatxt meri va boshqa rasmiylar ishtirok etdi. Bishkek bosh maydonida ko‘p yillardan beri ikki hayit namozini o‘qish an’anaga aylangan. Namozdan oldin bosh vazir prezidenining bayram munosabati bilan Qirg‘iziston xalqiga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Prezident Almazbek Atambaev har yili Hayit namozlarini o‘zi tug‘ilib o‘sgan Bishkek yaqinidagi Arashan qishlog‘idagi masjidda hamqishloqlari bilan birga o‘qiydi. Bu yil ham u bu an’anani davom ettirdi.

Qirg‘izistonning boshqa viloyatlarida ham Hayit namozi paytida xavfsizlik choralari kuchaytirilgani, bu ishga militsiya, maxsus xizmat xodimlaridan tashqari ko‘ngilli vatandoshlar ham jalb qilingani xabar qilindi.

XS
SM
MD
LG