Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:56

Abu Saxiy va boshqa bozorlarda paxta uchun yo mardikor, yoki pul talab qilinmoqda


Toshkentdagi "Abu Saxiy" bozori do‘kondorlariga ko‘ra, bozor ma’muriyati har bir do‘kondordan paxta terimi uchun yo kamida 300 ming so‘m pul to‘lashni, yoki mardikor topib berishni talab qilmoqda. Ma’muriyat ushbu talabni bajarmagan savdogarlarga do‘konlarini olib qo‘yish bilan tahdid qilgan. "Abu Saxiy" ma’muriyatidagi Ozodlik manbasi do‘kondorlardan paxta uchun yo naqd pul to‘lash yoki mardikor topib berish talab qilinayotganini tasdiqladi. Biroq ayni tartib Respublikaning butun savdo tarmog‘iga ta’luqli ekanini qo‘shimcha qildi.

Yo pul, yoki mardikor

"Abu Saxiy" bozorida bir nechta do‘koni bo‘lgan Ozodlik manbasining aytishicha, paxta yig‘im-terimi uchun ulardan pul yig‘ish 5 sentabrda boshlangan.

Uning iddao qilishicha, har bir do‘kondordan, u egalik qilgan do‘konning hajmiga qarab, 50 dollardan 200 dollargacha pul to‘lash talab qilinmoqda.

"Paxtaga yo odamingni chiqarib yubor, yoki pulni to‘la, deydi. Mardikor olib bersang, kuniga 40 ming so‘mdan bir oyga 1 million 200 ming so‘m bo‘layapti. Mardikorning bir oylik yeb-ichishini hisoblashayaptida. Yo bo‘lmasa, rasxodlarni ko‘tarib, o‘zing mardikor jo‘natib yubor, degan talabni qo‘yishayapti," deydi Abu Saxiy bozoridagi do‘kondorlardan biri.

"Abu Saxiy" bozorida savdo qiluvchi yana bir do‘kondorning aytishicha, ma’muriyat talabini bajarmaganlarni "ishlagani qo‘yishmaydi".

"Agar topolmasak, ishlagani qo‘yishmaydi. Nalogoviy kelib bosadi ayb topib. Chunki, hammada ayb bor. Qonuniy bir xilda ishlab bo‘lmaydi," deydi Ozodlik suhbatdoshi.

U ayni talab Toshkentdagi boshqa bozorlarda ham qo‘llanilayotganini aytdi.

Yana bir do‘kondor so‘ralgan mablag‘ni to‘lamaganlar yoki paxta terimiga odam yuborishni istamaganlarga bosimlar kuchayishini aytdi.

"Senga nega paxtaga odam yubormading, nega pulni to‘lamading, deyishmaydi. Indashmaydiyu, lekin senga qiyin bo‘lishi mumkin keyin. Doimiy "pritsel"da yurasan. Shuning uchun, yaxshisi, dalaga mardikor topib bergan yoki naqd pul bergan yaxshi," deydi "Abu Saxiy" bozoridagi do‘kondor.

Paxta terimi uchun do‘kondorlardan mablag‘ yig‘ilayotganini tasdiqlagan "Abu Saxiy" ma’muriyatidagi Ozodlik manbasining aytishicha, "bunday tajriba 3-4 yildan beri bor, lekin bu haqda ovoza qilinmaydi".

U ayni talab Toshkentdagi boshqa bozorlarda ham qo‘llanilayotganini aytdi.

"Abu Saxiy" konglomerati

Abu Saxiy bozori
Abu Saxiy bozori

​"Abu Saxiy" ma’muriyatining bunday talabi o‘tgan hafta bozorda tekshiruvlar boshlangani haqida, O‘zbekiston xavfsizlik tizimlaridagi manbalariga tayanib, uzmetronom.com cayti xabar tarqatgani ortidan kuzatilmoqda.​

"Abu Saxiy" bozori ma’muriyatidagi Ozodlik manbasi xorijdan keltirilgan tovarlar bojxona nazoratidan bir necha kun davomida o‘tmay qolganini aytdi.

Ammo u, hozirga kelib, vaziyat o‘nglanganini ham qo‘shimcha qildi.

Bir necha yuzta do‘konga ega bo‘lgan "Abu Saxiy" bozori marhum prezident Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillaevaning turmush o‘rtog‘i Temur Tillaevga tegishlidir.

XS
SM
MD
LG