Линклар

Farg‘onada 20 000 bemor hayoti insulin taqchilligi tufayli xavf ostida qoldi


Qandli diabetga chalinganlar uchun insulin tirik qolish uchun asosiy vosita sanaladi va shu bois bu dori ta’minoti O‘zbekiston kabi davlatlarda davlat nazoratiga olingan.

Qandli diabetga chalinganlar uchun insulin tirik qolish uchun asosiy vosita sanaladi va shu bois bu dori ta’minoti O‘zbekiston kabi davlatlarda davlat nazoratiga olingan.

O‘zbekistonning aksar viloyatlari¸ xususan¸ Farg‘onada joriy yil iyulidan insulin taqchilligi boshlandi. Qandli diabetning insulinga qaram shaklidan aziyat chekayotgan bemorlar uchun bu dori tirik qolish sharti bo‘lgani bois, uning ta’minotini davlat to‘lig‘icha o‘z zimmasiga olgan. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat bo‘ylab kuzatilayotgan bu taqchillikka barham berish yo‘lini izlash o‘rniga¸ uni xaspo‘shlashga urinmoqda.

Qandli diabet kasalligi O‘zbekistonda ijtimoiy kasalliklar toifasiga kiradi va bunday bemorlar hayot-mamotini belgilovchi insulin kabi dori vositalari ularga davlat tomonidan bepul taqdim etilishi lozim.

Ammo Ozodlikka bir-biridan mustaqil holda ayri-ayri shahar va tumanlardan kelayotgan xabarlarga qaraganda¸ iyul oyidan mamlakat bo‘ylab insulin taqchilligi boshlangan va hozirda aksar poliklinikalar insulin yo‘qligini aytib¸ bemorlarni quruq qo‘l bilan qaytarmoqda.

Yaqinlaridan birining hayoti to‘lig‘icha insulinga qaram bo‘lgan farg‘onaliklardan biri Ozodlikka insulin vositasini bu viloyatda dorixonalardan ham topib bo‘lmay qolganini yozdi.

“Farg‘ona viloyatida qandli diabet kasalligi bilan "D" (diabet - tahr.) nazoratda turuvchi bemorlarga bir yarim oydan ortiq vaqtdan buyon insulin dori vositasi yetkazib berilmayapti. Hozirda bemorlar insulinni hech bir dorixonadan topisholmayapti. Apteka va poliklinikalar 1 oktabrdan keyin xabar oling¸ deyapti. Lekin ungacha hayot-mamoti insulinga bog‘liq odamlar taqdiri nima bo‘lishi hech kimni qiziqtirmayapti”.

Ozodlik bilan suhbatda bu xabar muallifi¸ poliklinika tekin berilishi lozim insulin yo‘q¸ deb eshikni yopgach¸ pulga sotiladigan insulin qidirib o‘z tumani¸ so‘ngra Farg‘ona shahrida bormagan aptekasi qolmagani¸ biroq ularda ham bu dorini topa olmaganini aytadi:

- Otam 4 yildan beri insulin oladi. Tuman poliklinikasidagilar bir amallab turinglar¸ biz nima qilaylik berishmaganidan keyin¸ deyishdi. Amallab turing¸ degani¸ dorixonadan pulga sotib oling¸ degani. Tumanda ham¸ shaharda ham bormagan aptekamiz qolmadi¸ hammasi bizda yo‘q¸ deyapti. Endi dori qidirib Toshkentga borishimiz qoldi¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan farg‘onalik manba.

Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yaqin manba¸ o‘z xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar bois¸ ismi ochiqlanmasligi sharti bilan vaziyatga izoh berdi.

Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariga bosh endokrinolog vrach yozgan maktub nusxasi.

Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariga bosh endokrinolog vrach yozgan maktub nusxasi.

“Birgina Farg‘ona viloyatida 20 mingga yaqin diabetga chalingan bemor bor.Ulardan 6000 dan ko‘prog‘i insulinga to‘liq qaram – ular insulin olmasa¸ yo o‘ladi¸ yoki buyrak¸ ko‘z va boshqa organlari qisqa vaqt ichida ishdan chiqa boshlaydi. Bizga Toshkent berayotgan insulin viloyatdagi ehtiyojning 22 foizigagina yetadi¸ qolganini hokimliklarga yalinib-yolvorib¸ qoplashga urinib kelayotgandik. Hozir viloyat zahirasida insulin bor¸ lekin vazirlik uni ishlatmaysan¸ deb turib olgan. Zapasdagi insulin to‘rtinchi kvartalda berilishi kerak¸ deyapti. Shu insulinni 1 sentabrdan ishlatishga ruxsat bering¸ deb vazirlikka murojaat qildik. Vazirlik bu xatimizni hatto qabul ham qilmadi – qabul qilsa¸ nimadir chora ko‘rishi kerakda! Ahvolni hamma bilib turibdi¸ lekin hech kim hech narsa qilishni xohlamayapti”¸ dedi Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yaqin mulozim o‘z shaxsi sir qolish sharti bilan.

Bu manba o‘z aytganlarining tasdig‘i o‘laroq¸ Ozodlikka Farg‘onada yuzaga kelgan insulin taqchilligi borasida bong urish uchun ëzilgan ikkita maktub nusxasini taqdim qildi.

Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarining O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga yozgan (ammo qabul qilinmagan) maktubi nusxasi.

Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarining O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga yozgan (ammo qabul qilinmagan) maktubi nusxasi.

Ulardan biri Farg‘ona viloyat endokrinologiya dispanseri bosh vrachi O.X. Mavlanovning Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i O.M. Umarovga yozgan bildirishnomasi bo‘lsa¸ ikkinchisi Umarovning O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri A.V. Alimovga yozgan va 01-03/2864 raqami bilan qaydga olingan maktubidir.

Hujjatlar yozilgan sana 17-18 avgust va unda boshqarma vakili tasvirlagan vaziyat xususida avvaliga bosh endokrinolog tomonidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqamasi rahbariga arz qilinadi¸ uning asosida Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari vazirga bildirishnoma yuboradi.

Har ikkala xatda ham Farg‘onadagi insulin taqchilligi raqamlarda aks etadi va vazirlikdan zahiradagi insulinni tarqatishga ruxsat so‘raladi.

Ammo Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ bu maktub vazirlik tomonidan qabul qilinmagan va ayni kunlarda insulinga qaram bemorlar ahvoli ularning bu vositani o‘z yo‘li bilan topish-topmasligi¸ topgan taqdirda ham unga qurbi yetish-yetmasligiga bog‘liq bo‘lib qolgan.

Aytilishicha¸ aptekalarda sotuv qo‘yilgan bir ampula insulin narxi Xitoy yoki Yevropada ishlab chiqilganiga qarab¸ 20 mingdan 85 ming so‘mgacha boradi va bu vositani¸ asosan¸ Toshkent dorixonalaridan topish mumkin.

Ozodlik ma’lumoti: Qandli diabetning 1-turiga chalingan bemorlar oshqozon osti bezi insulin ishlab chiqarmaydi¸ uning 2-turida esa¸ to‘qimalar organizmdagi insulinni qabul qilmaydi. Birinchi toifa bemorlarning hayoti to‘lig‘icha kuniga har bir ovqat va uyqudan oldin qilinadigan insulin ukoliga qaram. 2-tur diabetga chalinganlar ham ma’lum muddatdan so‘ng insulinga qaram bo‘lib qoladi. 1-tur diabatga chalinganlar insulin qabul qilishni to‘xtatsa¸ qisqa muddat ichida komaga tushib¸hayotdan ko‘z yumishi mumkin. Dunëning ko‘p davlatlari¸ xususan¸ O‘zbekistonda ham qandli diabet ijtimoiy kasalliklar ro‘yxatida va shu bois hayoti insulin vositasiga qaram bemorlarga dori davlat byudjetidan bepul taqdim etiladi.

XS
SM
MD
LG