Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:22

Qirg‘izistonda GESga yashirincha kirishga uringan tojikistonliklar qo‘lga olindi


Qirg‘izistondagi To‘qto‘g‘ul GESi inshootlaridan biri.
Qirg‘izistondagi To‘qto‘g‘ul GESi inshootlaridan biri.

Qirg‘izistonda strategik ob’ekt sifatida qattiq qo‘rqilanadigan Kurpsoy GESiga 1 sentabr kuni yashirincha kirishga uringan Tojikiston vatandoshlari qo‘lga olindi. Bu xabarni Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi tasdiqladi. Tojikiston pasportiga ega bo‘lgan ikki fuqaro GES hududiga kirishga nega uringani hozircha noma’lum qolmoqda. Bundan avvalroq, 30 avgust kuni Xitoy elchixonasi oldida xudkush hujum uyushtirganlardan ikki nafari ham Tojikiston vatandoshi pasportiga ega bo‘lgani xabar qilingan edi.

Jalolobod viloyatidagi Kurpsoy GESi strategik ob’ekt sifatida Milliy Gvardiya askarlari tomonidan qo‘riqlanadi. Milliy Gvardiya matbuot kotibi To‘lqunbek Raimjonov askarlar GESga yashirincha o‘tishga harakat qilgan ikki odam qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu voqea 1 sentabrda, ya’ni Bishkekdagi Xitoy elchixonasi oldida xudkush o‘zini portlatganidan so‘ng ikki kun o‘tib sodir bo‘lgan.

-Bizning askarlar ularni qo‘lga olib, tintuv qilganida, ularning oldidan Tojikiston vatandoshi pasportlari topilgan. Shundan so‘ng ularni Ichki ishlar vazirligiga topshirdik. Ular qattiq qo‘riqlanadigan ob’ektga noqonuniy kirishga harakat qilgani uchun hibs qilindi, -dedi To‘lqunbek Raimjonov.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Ernis Osmonbaev bu ma’lumotni tasdiqladi. Ichki ishlar vazirligi tezkor surishtiruv ishlarini amalga oshirganidan so‘ng, hibs qilingan tojikistonliklarni Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga o‘tkazib bergan.

-So‘roq paytida tojik vatandoshlari “Rossiyadan Qirg‘iziston orqali uyimizga qaytayotib, yo‘ldan adashib qoldik va GES hududiga kirib ketdik”, deb tushuntirish bergan. Biroq bu haqiqatmi yoki yolg‘onmi tergov davomida aniq bo‘ladi. O‘sha kuniyoq ularni Milliy xavfsizlik xizmati dastlabki tergov natijalari bilan birga olib ketgan. Tergov ishlarini hozir Milliy xavfsizlik xizmati olib borayapti, -dedi Ernis Osmonbaev.

30 avgustda Xitoyning Bishkekdagi elchixonasi oldida xudkush o‘zini portlovchi modda yuklangan avtomashinada portlatib yuborgan, buning oqibatida xudkushning jasadi parcha-parcha bo‘lib atrofga sochilib ketgan va Qirg‘izistonning uch vatandoshi yaralangan edi.

Milliy xavfsizlik xizmati tarqatgan ma’lumotda aytilishicha, terror harakatini uyushtirganlikda gumonlangan 9 odamdan 5 nafari qo‘lga olingan, 4 odam esa qidiruvga berilgan.

Xitoy elchixonasi oldida portlovchi modda o‘rnatilgan mashinada o‘zini portlatgan xudkush Zoir Halilov nomiga berilgan tojik pasportiga ega 33 yoshli uyg‘ur millatiga mansub shaxs bo‘lgan. Xavfsizlik xizmati bu shaxs “Turkiston islomiy harakati” a’zosi bo‘lgan, deb bildirmoqda.

Shuningdek, qidiruvga berilganlar orasida o‘shlik 25 yoshli Izzatillo Satibaev Qirg‘izistonda Tojikiston vatandoshi F. Babajanov nomiga berilgan pasport bilan yurgani ma’lum bo‘lgan.

Xavfsizlik bo‘yicha ekspert Talant Razzakov Qirg‘iziston janubidagi GESlar terrorchilar nazariga tushgan bo‘lishi mumkin, degan tahminni ehtimoldan soqit qilmaydi. Unga ko‘ra, mazkur GESlarning ishdan chiqarilishi ortidan butun Farg‘ona vodiysi suv ostida qolishi mumkin.

-GESlarda juda katta miqdorda suv bor, bu suv omborlarda saqlanadi. Shuning uchun bu ob’ektlar kuchaytirlgan tarzda qo‘riqlanadi. Agar GESlarga tahdid qilinsa butun Markaziy Osiyo, jumladan, Farg‘ona vodiysi xavf ostida qoladi. Bishkekda xudkush hujum uyushtirilgani bu bir ogohlantirish bo‘ldi. Shuning uchun GESlar va suv omborlari nazoratini yanada kuchaytirish lozim, -dedi Talant Razzakov.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati tojik vatandoshi pasporti bilan qo‘lga olingan shaxslar ishi yuzasidan hozircha ma’lumot berishdan tiyilmoqda. Tojikistonning Bishkekdagi elchixonasi ham shu kungacha o‘z vatandoshlari hibs qilinganiga o‘z munosabatini bildirgan emas.

XS
SM
MD
LG