Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:08

Huquqbonlar qamoqdagi "Erk" faoli Isroil Xoldorov bilan uchrashdi


11 sentabr kuni “Ezgulik” jamiyati faollari Navoiy qamoqxonasida jazo o‘tayotgan, muxolifatdagi "Erk" partiyasi a’zosi Isroil Xoldorov bilan uchrashdi. Andijon voqealari ishtirokchisi sifatida ayblangan Isroil Xoldorov 2007 yildan buyon qamoq jazosini o‘tayapti.

"Ezgulik" faollari Navoiy qamoqxonasida “Erk” demokratik partiyasining Andijon viloyati bo‘limi sobiq raisi Isroil Xoldorov bilan uchrashgani haqida Ozodlikka xabar bergan Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, qariyb bir soat davom etgan uchrashuv koloniya tezkor xodimlari ishtirokida o‘tgan. Uchrashuvda Tashanovdan tashqari “Ezgulik” rahbari Vasila Inoyatova ham ishtirok etgan.

“Ezgulik” Isroil Xoldorovga tayanib “uning ahvoli yaxshiligi, qamoqxona ma’muriyati va shart-sharoitlardan shikoyati yo‘qligi” haqida yozdi:

“Men ozodlikdan mahrum qilinishimdan avval ham poliartrit bilan ikkinchi guruh nogironi bo‘lganman. O‘rtada poliartrit qo‘zg‘amay ketgandi, yaqindan beri Navoiydagi ob-havo ta’sir qilibmi, bo‘g‘imlarim shishganday bo‘lyapti. Qolgani yaxshi, ozodlikka chiqsam bo‘ldi, boshqa narsadan shikoyat yo‘q. Ba’zan xuddi shu yerda qolib ketadigandek tuyuladi menga. Lekin Murod Jo‘raev, Mamadali Mahmudovlarning ozod etilganligini eshitib, men ham baribir ozod bo‘laman degan umid paydo bo‘ldi. Takror aytaman, sharoit qanchalik yetarli bo‘lmasin, qamoq baribir qamoq, uyga ketishni, nevaralarimning katta bo‘layotganini ko‘rishni xohlayman”, degan Isroil Xoldorov “Ezgulik” faollari bilan uchrashuvda.

“Ezgulik” jamiyati Isroil Xoldorovning keksaligi, salomatligi yomonligi va jazoni o‘tashga qodir emasligini inobatga olib, uni ozodlikka chiqarish lozimligi borasida bir necha bor bayonot e’lon qilgan.

Asli kasbi o‘qituvchilik bo‘lgan Isroil Xoldorov 2003 yildan boshlab “Erk”ning Andijon viloyati kengashiga rahbarlik qilgan.

2005 yil 13 may kungi Andijondagi qonli voqealarga oydinlik kirituvchi ma’lumotlarni jamoatchilikka oshkor etgan. Xususan, Bobur maydonida o‘ldirilgan fuqarolarning Bog‘ishamolda ommaviy qabrga ko‘milgani haqidagi gapni jamoatchilik Isroil Xoldorovdan eshitgan edi.

Andijon voqealaridan so‘ng muxolifat va huquq faollarini qamoqqa olishlar boshlanib ketgandan so‘ng, ayrim manbalarga ko‘ra, Xoldorov 2005 yil oxirlarida xorijdan boshpana so‘rash niyatida qo‘shni Qirg‘izistonga o‘tgan, ammo ko‘p o‘tmay Andijonga qaytgan. 2006 yilning 10 iyulida yana O‘shda g‘oyib bo‘lgan.

Rasmiylarga ko‘ra, 2006 yil 7 sentabr kuni Isroil Xoldorov O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, o‘zini topshirgan. Norasmiy manbalarga ko‘ra, muxolifatchi 2006 yil 10 iyul kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahridan o‘g‘irlab ketilgan.

So‘ngra Andijon voqealari ishtirokchisi sifatida ayblangan Isroil Xoldorov 2007 yilning 19 fevralida 6 yillik qamoqqa hukm qilingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi Isroil Xoldorovni O‘zbekiston Respublikasi JKning 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish), 223-moddasi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) hamda 244/1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish)da aybdor deb topgan.

2012 yilda “Erk” faoli Isroil Xoldorovning jazo muddatiga yana uch yil qo‘shib berilgan. 2015 yilning sentabr oyida esa Xoldorovning jazo muddati yana 3,6 yil muddatga uzaytirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi “Ezgulik” faollariga qamoqdagi 10 nafar faol bilan uchrashishga ruxsat bergan. Isroil Xoldorov bilan uchrashuv ushbu ro‘yxatdagi uchinchi uchrashuvdir.

“Ezgulik”chilar avgust oyida Jasliq qamoqxonasida huquq faoli A’zam Farmonov bilan iyulda esa Zarafshon qamoqxonada saqlanayotgan jurnalist va siyosiy faol Muhammad Bekjon bilan uchrashdi.

XS
SM
MD
LG