Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:25

Paxta-2016: Andijonlik talaba paxta frontining ilk qurboni bo‘ldi


Andijon viloyatida majburiy paxta terimiga jalb etilgan talaba halok bo‘ldi. Viloyat prokuraturasi Andijon Davlat universitetining biologiya fakulteti 2-bosqich talabasi Komiljon Azimovning 11 sentabr kungi shubhali o‘limi yuzasidan tekshiruv boshlagan. Universitet rahbariyati Komiljon yurak xurujidan vafot etgani, guvohlar esa talabani kursdoshi urib, o‘ldirib qo‘yganini aytishmoqda.

Ozodlik ega bo‘lgan ma’lumotga ko‘ra, 20 yoshli Komiljon Azimov 11 sentabr kuni kechqurun Andijon Davlat Universiteti talabalari paxta terayotgan Ulug‘nor tumanida vafot etgan.

Guvohlar talabani kursdoshi urib o‘ldirib qo‘yganini iddao qilishmoqda:

"Ulug‘nor tumanida 12-otryad terimchilari uchun ijaraga olingan xonadonda u bilan birga yashab kelgan 3- kurs talabasi uni yuragiga urib, o‘ldirib qo‘ygan", dedi ismi sir qolishini istagan Komioljonning kursdoshlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Biroq Andijon Davlat Universiteti rahbariyati talaba kaltak zarbidan emas, balki yurak xuruji oqibatida vafot etganini ta’kidlashdi:

"Jasadi tibbiy-ekspertiza qilindi, yurak hurujidan vafot etdi, degan xulosa chiqarildi", dedi Ozodlik bog‘langan Universitet rektoratining ismi sir qolishini istagan xodimi.

Ozodlik ega bo‘lgan ma’lumotga ko‘ra, Komiljon Azimov o‘limida gumonlanayotgan Andijon Davlat Universitetining 3-bosqich talabasi hibsga olingan va Ulug‘nor tumani Ichki ishlar bo‘limida so‘roq qilinmoqda.

Andijon viloyat huquq-tartibot organlari talabaning o‘lgani va uni o‘limida gumonlanib Andijon Davlat Universitetining talabasi hibsga olinganini tasdiqladi va hozirda bu ish bilan Ulug‘nor tuman prokuraturasi shug‘ullanaëtganini bildirdi.

Komiljon Azimovning jasadi 12 sentabr kuni Paxtaobod tumanidagi oilasiga berilgan va shu kuni dafn etilgan.

Har yili paxta terimiga jalb etilgan hasharchilar orasida ko‘plab qurbon qayd etiladi.

2011 yilda Andijon Davlat Universitetining tarix fakulteti 1-kurs talabasi 4-kurs yigitlaridan yegan kaltagidan jon bergani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘tgan yili esa Ozodlik paxta terimiga majburiy safarbar etilgan kamida 19 odam halok bo‘lganini aniqlagan edi.

XS
SM
MD
LG