Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:20

Navoiylik jurnalistni Mirziyoevni tanqid qilgani uchun mahalladan quvmoqchilar


Dildora Boymurodova
Dildora Boymurodova

Navoiy viloyat, Karmana tumanida istiqomat qiluvchi nogiron jurnalist Dildora Boymurodova keyingi kunlarda qo‘rquvda yashamoqda.

Jurnalistning Ozodlikka aytishicha, o‘tgan haftada tarkibida tuman miqyosidagi ba’zi ishxonalar rahbarlari – ayollardan iborat qariyb 20 kishilik guruh uning uyiga kelib, Shavkat Mirziyoevni tanqid qilgani uchun haqoratlagan. Ertasiga esa, mahalla fuqarolar yig‘ini jurnalistni mahalladan ko‘chirib yuborish talab qilinayotganini aytgan.

Boymurodovaga ko‘ra, bosimlar uning Ozodlikda qilgan chiqishidan so‘ng boshlangan.

Dildora Boymurodova Islom Karimovning vafoti munosabati bilan e’lon qilingan 3 kunlik motamning 3- kuni - 5 sentabrda viloyatda o‘tayotgan motam marosimlari to‘g‘risida Ozodlikka ma’lumot bergan va “ko‘pchilik Mirziyoevni yomon ko‘rishi”, “odamlar Mirziyoev tayinlagan viloyat hokimidan norozi” ekanligi to‘g‘risida aytgan edi.

Boymurodovaga ko‘ra, aytganlari efirga ketgan kunning ertasiga, ya’ni 6 sentabr, tushdan keyin soat 4 larda 20 ga yaqin ayol uning uyiga bostirib kelgan:

- Ko‘pchiligi notanish, lekin 3 - 4 nafarini men tanidim. Nima istaysizlar, desam, “Siz nega kecha Ozodlikda gapirdingiz, nega tumanimizning obro‘sini to‘kdingiz, tuman hokimi sizni chaqirtiraverib charchabdi”, deyishdi. Hokim chaqirtirgani rost. Lekin noqonuniy chaqirtirgani uchun bormaganman, degan edi Dildora Boymurodova 6 sentabr kuni.

Aytishicha, ayollar o‘sha kuni Dildora bilan 1 soatga yaqin tortisha-tortisha qaytib ketgan.

Oradan 1 kun o‘tib – 8 sentabr kuni Dildoraning uyiga u istiqomat qiladigan “Katta masjid” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dilmurod Qayumov kelgan va unga tuman rahbariyatining talabini yetkazgan:

- Sizni “mahallada yashamasin, chiqib ketsin”, deyishdi. Hokim sizni deb meni yig‘ilishlarda turg‘izib qo‘yib bezor qildi, dedi, - dedi Boymurodova.

Ozodlik “Katta masjid” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dilmurod Qayumov bilan bog‘landi. Boymurodova bilan bog‘liq savolni eshitgach, rais bo‘lgan voqeani na rad etdi, na tasdiqladi – bir og‘iz so‘z aytmay aloqani uzib qo‘ydi.

Karmana tuman hokimligi mulozimlari bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston televideniesi sobiq xodimi, jurnalist Malohat Eshonqulova karmanalik hamkasbi Dildora Boymurodovani shaxsan tanishini aytdi. Ozodlik undan, “nahotki ikki og‘iz tanqidi uchun kishiga bu qadar bosim qilish mumkin, balki Boymurodova biroz bo‘rttirayotgandir?” deb so‘radi.

- Bu tabiiy hol. O‘zbekistonda emasligingiz uchun, balki, bu sizga g‘alati tuyulayotgandir. Men O‘zbekistonda yashaydigan shaxs sifatida buning tabiiy hol ekanligini aytishim mumkin, dedi Malohat Eshonqulova va o‘ziga nisabatan qilingan bosimlar to‘g‘risida aytib berdi.

Malohat Eshonqulovaning fikricha, Dildora Boymurodovaga qarshi bosim ortida hokimlik turgan bo‘lishi mumkin. Boymurodovaning o‘zi ham shunday fikrda.

Biroq Islom Karimovning vafotidan so‘ng mamlakatda shakllantirilayotgan kayfiyat fonida rejim tanqidchilariga bosim o‘tkazish uchun yuqoridan buyruq bo‘lishi shart emasga ham o‘xshaydi.

Masalan, 13 sentabr kuni Buxoroning Shofirkonidan 81 ga kirgan bir oqsoqol Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilib, "birovni, ayniqsa, rahbarlarni tanqid qilish o‘zbekchilikka yotmasligini" uqtirarkan, bunday dedi:

- O‘z vaqtida Stalin bizni qattiqqo‘llik bilan boshqardi. Amir Temur, Karimov... Bundan keyingi rahbarlarimizgayam sog‘liq tilayman, ular ham davlatmizni Karimovday boshqarsin, dedi oqsoqol. Birovni tanqid qilish o‘zbekchilikka yotmasligini uqtirgan shofirkonlik otaxon, ayni paytda, o‘zining tanqid tig‘ini yurtdoshi, O‘zbekistondan quvilib, AQShda istiqomat qilayotgan jurnalist Jahongir Muhammadga qaratdi.

Karmanalik jurnalist Dildora Boymurodova bilan bog‘liq ba’zi intsidentlar to‘g‘risida Ozodlik bundan oldin ham yozgan edi. Masalan, u 2015 yilning yozida 90 yoshli xolasining huquqini himoya qilib piketga chiqqani uchun mahalliy hokimiyat tomonidan bosimga uchrayotgani va sud ijrochisi tomonidan kaltaklanganini iddao qilgan va Ozodlik bu voqeani o‘rgangan edi.

Dildora Boymurodova ikkinchi guruh nogironi. U 2010 yilda mahalliy televidenie muharrirligi lavozimidan noqonuniy tarzda ishdan bo‘shatilganini iddao qilib keladi.

Dildora Boymurodova 2014 yilning 7 dekabrida Navoiydan Toshkentga piket o‘tkazish uchun ketayotganida maxsus xizmat tomonidan yo‘lda qo‘lga olingan. O‘shanda u ikki kun mobaynida Karmana tuman Ichki ishlar bo‘limida saqlangan va soxta ma’muriy ayblov bilan ayblanib, 397 ming so‘m jarimaga tortilgan.

Boymurodovaning aytishicha, u mazkur jarimani nogironlik nafaqasidan to‘lagan.

XS
SM
MD
LG