Линклар

Tarixiy “Jo‘rabek” masjidi o‘rniga Islom Karimov nomidagi “alyukobond masjid” qurildi


"Jo‘rabek" masjidining ta’mirdan oldingi ko‘rinishi

"Jo‘rabek" masjidining ta’mirdan oldingi ko‘rinishi

Toshkentlik general Jo‘rabek tarafidan 1897 yili qurilgan va “Jo‘rabek “ masjidi deya tarixiy yodgorlik sifatida maxsus ro‘yxatga tirkalib, asrab kelinayotgan masjidga O‘zbekistonning marhum prezidenti nomi berilgani haqida uning kenja qizi YuNESKOdagi O‘zbekiston vakili Lola Karimova -Tillaeva xabar berdi.

Masjid ta’miri o‘zi va eri tarafidan moliyalanganligini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida aytgan mulozima “Ushbu masjidni qayta tiklash ishlarini boshlagan paytimizda, unga rahmatli padari buzrukvorimning nomlari berilishini hayolimizga ham keltirmagan edik”, deya ta’kidlaydi.

Lola Karimova-Tillaevaning Facebookdagi sahifasida yozishicha¸ masjid uning tadbirkor eri Timur Tillaev mablag‘i hisobiga qayta tiklangan:

“Masjidni qayta tiklash, savobli ishni bajarish baxtini men va turmush o‘rtog‘imga nasib aylagani uchun mehribon Parvardigorga beadad shukronalar va hamdu-sanolar aytaman”, deya ta’kidlaydi marhum prezidentning kenja qizi.

Masjidni kim ta’mir qildi¸ davlatmi yoki tadbirkor?

2015 yilning bahor oyida sodir bo‘lgan sirli yong‘in natijasida butkul vayron bo‘lgan masjid binosi “katta boy” puli evaziga ta’mir qilinayotgani haqidagi xabar joriy yil yanvarida rasman rad qilingan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi "Jo‘rabek" jome masjidi atrofida tarqalgan gap-so‘zlarga oydinlik kiritib, "uni boylar yangidan quryapti" degan gaplarni rad etgan edi:

“Nima emish, “Jo‘rabek” jome masjidini falon boyvachcha yoki xorijdagi falonchi boy quryapti” degan mutlaqo asossiz xabarlar tarqatilmoqda. Bu gaplar asliyat va voqelikka butunlay mos kelmasligi shundoq ko‘rinib turibdi. Chunki hamma ko‘rib turibdi-ku, ushbu masjidni yangidan barpo etishga diniy idora tashabbus qilyapti, Toshkent shahar hokimiyati esa yer ajratish ishlariga amaliy ko‘mak va bunyodkorlik ishlariga moddiy yordam bermoqda”, deya ta’kidlangan edi vazirlik rasmiy sahifasida joriy yilning 31 yanvarida e’lon qilingan baënotda.

Me’morlar xavotiri

Ayni paytda toshkentlik ma’mor va restavratorlar Yodgorliklarni saqlash boshqarmasi ro‘yxatida turgan tarixiy “Jo‘rabek” masjidi¸ mavjud qoidalarga zid tarzda buzilib “ta’mir qilindi” deya rasmiylashtirilganidan xavotir bildirishmoqda.

Xavfsizlik andishasida o‘z ismi ochiqlanishini istamagan O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligi mulozimi¸ davlat muhofazasiga olingan "Jo‘rabek" masjidini diniy idora va shubhali tadbirkorlar tarafidan buzib, uning o‘rniga aslidan mutlaq farq qiladigan bino qurilishini vandalizm deya atadi:

“Jo‘rabek" masjidi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 martdagi 53-sonli qaroriga asosan moddiy- madaniy meros ob’ekti sifatida muhofazaga olingan. Bu holatda "Jo‘rabek" masjidi madaniy meros ob’ekti sifatida asli qanday bo‘lsa shundayligicha konservatsiya qilinishi va har hil volyuntaristik ta’mirlardan himoyada bo‘lishi kerak edi. “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun talabi ham shu. Ammo "Jo‘rabek" masjidini buzish 2015 yilgi yong‘indan oldin boshlangan edi. Diniy idora va tadbirkorlar davlatni chetlab o‘tib, o‘zlaricha tarixiy binoni yevroremont qilishni boshlashganida biz ularga ogohlantirish bergan edik. Yong‘in bo‘lgani ularga qo‘l kelib asliga mutlaqo o‘xshamaydigan¸ beton va alyukobond kabi zamonaviy qurilish materialidan yasalgan hamda me’moriy saviyasi tuban bo‘lgan bino tiklashdi. Bu holatda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qonun buzilishi hamda vandalizm jinoyati bo‘yicha ish ochishga haqlidir", deydi mulozim.

Ozodlik suhbatlashgan Yodgorliklarni saqlash boshqarmasining ismi aytilishini istamagan mulozimiga ko‘ra¸ “ta’mir” dan keyin bino o‘z tarixiy ahamiyatini butkul yo‘qotgan:

"Binoning ikki tarixiy qiymati bor edi. Birinchidan bu masjid Chor davridagi mahalliy aholidan chiqqan ilk general- mayor Jo‘rabekning puli va tashabbusi bilan qurilgan. Volyuntaristik ta’mir oqibatida masjid binosidagi "Jo‘rabek" honaqosi ham yo‘q qilindi. Ikkinchidan masjid Xiva me’morchiligida ko‘zga tashlanadigan uslubdagi sariq g‘isht va lojuvard koshinli¸ sirti yumaloq minoraga ega edi. Bu minora buzib tashlanib, usti alyukobond tunuka bilan qoplangan¸ aslidan ko‘ra anchayin baland sirti geometrik ko‘p qirrali beton minora qo‘yildi. Binoning ichki va tashqi dizayni ham ilgarigi me’moriy uslubni 100 foiz inkor qilgan. Shu bilan birga bu ob’ekt kolonial me’morchilik namunasi ham edi. Masjidda Chor Rosiyasida ishlab chiqarilgan terrakota g‘ishtlari qo‘llanilgan. Hozir bizga bino ta’mir qilindi degan qog‘oz berildi. Bu ta’mir emas. Shu bois "Jo‘rabek" masjidi tarixiy binolar ro‘yxatidan chiqariladi"¸ deydi ismi sir qolishini istagan mulozim.

Toshkentlik blogger Aleksey Voloseevich “Jo‘rabek“ masjididagi xalq orasida “Nikolay g‘isht” deya qadrlangan g‘ishtlar tashib ketilib internet sotuviga qo‘yilgani haqida yozgan edi.

Jo‘rabek kim?

Chor armiyasida mahalliy aholi orasidan etishgan ilk general-mayor Jo‘rabek (1841?—1906) (Ba’zi manbalarda Jo‘rabiy) rus ishg‘oliga qadar hozirgi Qashqadaryo viloyatiga qarashli Kitob begi bo‘lgan.

U haqda tadqiqot olib borgan yozuvchi Nabijon Boqiyga ko‘ra¸ u o‘zbeklarning Kenagas urug‘iga oid bo‘lgan.

Jo‘rabek 1865 yilda Turkistonni bosib olgan Chernyaev qo‘shinlariga qarshi kurashgan.

1870 yilda Chor generali Abramov tarafidan Kitob shahri ishg‘ol qilinishi ortidan Jo‘rabek Qo‘qonga qochadi.

Qo‘qon xoni esa Jo‘rabekni ushlab ishg‘olchi chor generali Kaufmanga topshiradi.

Kaufman o‘z navbatida katta harbiy salohiyatga ega Jo‘rabekka lutf ko‘rsatib, unga general-mayor rutbasini beradi.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ Jo‘rabek ikki yuz kishilik otryadga bosh bo‘lib, chor generali Skobelevning ishg‘olchilik hujumlarida ishtirok etgan.

Jo‘rabek 1876 yilda imperator Aleksandr II farmoni bilan Stanislav ordeni bilan mukofotlanib unga 3500 chor rubli miqdorida yillik maosh belgilanadi.

Buning ortidan Jo‘rabek Sankt Petreburgga tashrif buyurib imperator bilan uchrashgan ilk o‘zbek mulozimi sifatida tarixga kirdi.

Jo‘rabek 1880 yilda o‘z mablag‘i hisiobidan Toshkentda masjid va honaqo qurdiradi.

Sankt Peterburgdagi arxivda saqlanayotgan “Istoricheskiy vestnik” jurnalida yozilishicha Jo‘rabek 1906 yilda noma’lum shaxslar tarafidan o‘ldirib ketilgan.

Jo‘rabekning o‘g‘li otasi o‘limidan keyin Rossiya imperatorining jilovdori vazifasiga ko‘tariladi. Jo‘rabekning qizi esa Qo‘qon xoni Xudoyorxonning nevarasiga turmushga chiqqan.

XS
SM
MD
LG