Линклар

Atrofi Qirg‘iziston hududi bilan o‘ralgan So‘x va Shohimardon eksklavlari bilan O‘zbekistonning asosiy hududi o‘rtasidagi 1 oy oldin batamom uzilgan qatnov 13 sentabrda ham qayta tiklanmadi. Bu ma’lumotni Ozodlik So‘xdagi bir necha manbadan oldi.

Eksklavlarga O‘zbekistonning asosiy hududidan chegara yopilgunicha borib qolgan va ortga qaytolmayotganlarning ba’zilari ishdan haydalayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘la boshladi.

So‘xlik bir yigitdan esa, Ozodlikka mana bu xat keldi:

Hurmatli Ozodlik, Sizga So’x tumanidan yozayapman. Ismim Shohrux. Man bu yil Toshkent agro insitutiga o'qishga kirganman. Mana o'qish boshlanganiga 5 kun bo'ldi. Institut ma’muriyatiga xabar bersam telefon qilib, “So’x qanaqa joy o'zi?! 2 kunda kelsang kel, bo’lmasa xaydalasan o’qishdan”, dedi. Hokimyatga borib tushuntrish xati olib jo’natmoqchidim, hokimyat butun O’zbekiston biladi yo’l yopig'ligini, degan so’zdan boshqasiga o’tmayapti. Iltmos yordam bering!

Xat egasi bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Biroq bir oydan buyon O‘zbekistonning asosiy hududi bilan odamlar va transport vositalari qatnovi to‘xtab qolgan ikki eksklavdagi umumiy vaziyatdan kelib chiqilsa, xat egasining haqiqatni yozayotganiga shubha qilishga o‘rin qolmaydi.

Ekslavlar bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan rasmiy Toshkent qandaydir bayonot bergani, choralar ko‘rayotgani, Qirg‘iziston tomoni bilan so‘zlashuvlar yuritayotgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Mana shunday vaziyatda 13 sentabr kuni mana bu xabar paydo bo‘ldi:

O‘zbekiston davlat chegarasini buzish holatlarining 98 foizi o‘zbek-qirg‘iz chegara chizig‘ida sodir etiladi. Bu haqda milliy xavfsizlik xizmatining davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi rasmiysiga tayangan holda Sputnik nashri xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, joriy yilning iyul oyida o‘zbek chegarachilari chegarani noqonuniy kesib o‘tgan 129 odamni qo‘lga olgan. Ulardan 122 nafari O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida ushlangan. Shuningdek, chegarachilar 489, 5 million so‘mlik kontrabanda makhsulotlarini ham musodara qilgan.

“Bundan tashqari iyulda o‘zbek chegarachilari tomonidan chegarabuzarlarga nisbatan qurol qo‘llanilgan 12 holatning barchasi Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududlarga to‘g‘ri keladi”, deb bildirgan Sputnik nashri.

XS
SM
MD
LG