Линклар

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 8 sentabr kuni o‘tkazilgan qo‘shma yig‘ilishida mamlakat prezidenti vazifasini vaqtincha bajarish vakolati Konstitutsiyaning 96- moddasiga zid ravishda Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga topshirildi.

Mamlakatning birinchi raqamli rahbariga aylangan Shavkat Mirziyoevning siyosiy portretiga nazar tashlaymiz.

Shavkat Mirziyoev kim?

Shavkat Miromonovich Mirziyoev haqidagi rasmiy ma’lumotlarda uning 1957 yili Jizzax viloyati Zomin tumanida veterinar vrach oilasida dunyoga kelgani aytiladi.

Tojikistonlik jurnalist Manija Qurbonova o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvi asosida Mirziyoevning ota-onasi Tojikistonning G‘onchi tumanidagi yo‘qsilligi bilan tanilgan Yaxtan qishlog‘idan O‘zbekistonga ko‘chib borganligini iddao qiladi.

Yaxtan qishlog‘da¸ asosan¸ etnik o‘zbeklar dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi.

Komsomol, mergan va partkom...

Mirziyoevning siyosiy faoliyati Toshkent Irrigatsiya va Melioratsiya institutidan boshlangani haqida ma’lumot bor.

Mirziyoev institutda avvaliga boshlang‘ich komsomol tashkiloti kotibi bo‘lgan.

Mirziyoev 1982 yilda institutni bitirib “injener-mexanik” mutaxassisligiga ega bo‘ladi va ayni institutda kichik ilmiy xodim darajasida ishlay boshlaydi.

Aynan o‘sha paytda ov miltig‘idan otishga qiziqib “Nishonga aniq uruvchi mergan” degan sovetcha ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan. Mirziyoevning ovga ishqibozligi keyin ham davom etgan. Hokim bo‘lgan davrida ovchi Mirziyoev Zomin qo‘riqxonasida "merganlik namunasi"ni ko‘rsatgani haqida iddaolar bor.

Shavkat Mirziyoev Toshkent Irrigatsiya va Melioratsiya instituti Kommunistik partiya qo‘mitasida rahbar¸ ya’ni partkom lavozimiga ko‘tarilgan.

Postkommunist rahbar qanday ko‘tarildi?

1990 yilda Mirziyoev Sovet O‘zbekistoni Oliy kengashiga deputat qilib saylangan va o‘sha yili parlamentda o‘tkazilgan O‘zbekiston prezidenti saylovida Sanoq komissiyasi a’zosi bo‘lgan va Islom Karimovning nazariga tushgan.

1992 yilga kelib Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimida ishladi.

Shavkat Mirziyoev qattiqqo‘lliklari haqidagi xabarlar butun respublikaga tarqalgan edi

​Ozodlik manbalarining eslashicha¸ Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani prezident Islom Karimovning "Do‘rmon" qarorgohiga chegaradosh va bu tuman rahbari sifatida ish yuritishi Karimovga ma’qul bo‘lgani uchun 1996 yili Shavkat Mirziyoevga Jizzax viloyati hokimligi ishonib topshirilgan.

Mirziyoevning bu viloyatdagi hokimligi fermerlarning davlat rejasi bajarib bo‘linganidan keyingi donni davlatga topshirishdan bosh tortganlari bilan bog‘liq noroziliklar manzarasida kechgan.

2001 yilda Samarqand viloyati hokimi lavozimini egallaganida ham "Shavkat Mirziyoev qattiqqo‘lliklari haqidagi xabarlar butun respublikaga tarqalgan edi" - deya eslaydi samarqandlik sobiq mulozim Farida Bo‘ronova.

Oybolta ushlagan Bosh vazir

2003 yilda Prezident Karimov Mirziyoevni O‘zbekiston Bosh vaziri lavozimiga tayinladi.

O‘zbekistonda parlament saylovlari o‘tkazilganidan keyingi Oliy Majlisning yuqori va quyi palatalari ilk qo‘shma majlisida prezident Islom Karimov Shavkat Mirziyoev nomzodini bosh vazirlikka taklif etgandi.

Mirziyoev bu lavozimga O‘tkir Sultonovning o‘rniga keldi va Karimov o‘limidan so‘ng ham muvaqqat prezidentlik vazifasi bilan birgalikda bu lavozimda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shavkat Mirziyoev prezident Karimov janozasida

Shavkat Mirziyoev prezident Karimov janozasida

​2004 yil Toshkentga o‘sha paytdagi Ukrainaning bosh vaziri Viktor Yanukovich tashrif buyurgan va Xalqaro Biznes markazi binosida O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev bilan muzokara o‘tkazganida ilk bora tashqi siyosat borasida bu kishining dunyoqarashi ochiqlandi.

Bu muzokara chog‘ida Mirziyoev O‘zbekiston yaqinlashib kelayotgan Ukrainadagi prezidentlik saylovida janob Yanukovich nomzodini qo‘llab-quvvatlashini aytgan edi.

Karimov tobutkashi

2016 yilning 2 sentabr kuni Islom Karimov o‘limi ortidan Shavkat Mirziyoev dafn komissiyasining rahbari ekani e’lon qilindi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 8 sentabr kuni o‘tkazilgan qo‘shma yig‘ilishida mamlakat prezidenti vazifasini vaqtincha bajarish vakolati konstitutsiyada ko‘zda tutilgani kabi Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshevga emas¸ Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga topshirildi.

Panadagi mulozim

Shavkat Mirziyoev uzoq vaqt Karimov panasida qolib kelgan mulozim

Shavkat Mirziyoev uzoq vaqt Karimov panasida qolib kelgan mulozim

​Shavkat Mirziyoev Bosh vazir lavozimini egallagan 2003 yildan to bugunga qadar jurnalistlar bilan muloqot qilmagan siyosatchi sifatida ko‘riladi.

O‘zbekistonlik jurnalist Sharof Ubaydullaevga ko‘ra¸ Mirziyoev telekanallar va gazeta sahifalarida tasviri ko‘rinmasligini qat’iyan talab qilgan.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod sifatida Bosh vazir lavozimini shu kungacha egallab kelayotgan Shavkat Mirziyoev boshqaruvi deputatlar tarafidan yaxshi baholanib, ofarinlar aytilmoqda.

Ular nazarida “Mirziyoev sharofati bilan mamlakatda bir qancha iqtisodiy yutuqlarga erishilgan va aholining moddiy turmushi yaxshilangan”.

2015 yil oktyabrida Bosh vazir Mirziyoev tashabbusi bilan Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi Shahartepa qishlog‘idan o‘tuvchi avtomobil yo‘li chetidagi paxtasi terib olingan chanoqlarga qaytadan paxta yelimlab chiqilgan edi. Bu voqea dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalarida hajv qilingan edi.

"Boy qarindosh. Pul va hokimiyat nikohi"

Alisher Usmonov

Alisher Usmonov

​2009 yilda rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning jiyani Bobur Usmonov O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning jiyani Diyoraga uylangan edi.

Bir necha oydan so‘ng Bobur Toshkentda avtohalokat qurboni bo‘ldi.

Bobur va Diyoraning Maryam ismli qizchasi bor.

Diyora va Bobur Usmonov

Diyora va Bobur Usmonov

Shavkat Mirziyoevga quda bo‘lgan asli namanganlik Alisher Usmonov Forbs nashriga ko‘ra¸ Rossiyaning eng boy odamlaridan biri hisoblanadi.

Shavkat Mirziyoev qo‘qonlik Mahmudjon ismli savdogarning qiziga uylangan va oilaning Saida va Shahnoza ismli ikki qiz farzandi¸ shuningdek, Alisher ismli o‘g‘li bor.

Mirziyoevning Saida ismli qizi va uning eri Oybek Tursunovning bedodligi haqida internetga ma’lumotlar sizdirilgan edi.

Xavfsizlik nuqtai nazardan o‘z ismi fosh etilishini istamagan sobiq amaldorning iddaosiga ko‘ra, davlat zahiralarini boshqarish qo‘mitasida mulozim bo‘lgan Tursunov ayni idoradagi kamomadi hamda valyuta qora bozoridagi faoliyati bois muammoga duch kelgan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, Oybek qudratli qaynotasi ko‘magida jazodan qutulib Moskvaga ketib yashashga majbur bo‘lgan.

Ular Moskvaning boylar yashaydigan "Rublevka" mavzesida yashashgan.

So‘nggi ma’lumotga ko‘ra¸ Oybek Tursunov Toshkentga qaytgan.

Bosh vazirning kuyovi Oybek Tursunovning otasi O‘zbekiston Ichki Ishlar vazirligi Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi sobiq boshlig‘i¸ Toshkent viloyat Ichki ishlar boshqarmasining sobiq boshlig‘i iste’fodagi polkovnik Botir Tursunovdir.

2001 yilda O‘zbekistondan qochgan sobiq Ichki ishlar vazirligi mulozimi va paxta tujjori Bahrom Mo‘minoxunov Rossiyaning etakchi telekanallaridan biri "TV-Sentr" namoyish qilgan o‘zbek muxolifati lideri Muhammad Solihga qarshi amalga oshmay qolgan suiqasd haqidagi​ maxsus ko‘rsatuvda Botir Tursunov tilga olingan edi.

2010 yili IzRus portali Isroilning "Ixilov" kasalxonasida Shavkat Mirziyoevning Shahnoza Mirzieeva-Shaxanova ismli qiz farzand ko‘rgani haqida yozdi.

Shahnozaning eri Otabek Shaxanov haqida ma’lumotlar kam.

Tahr: Bosh vazir, respublika prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoev bilan birga ishlagan, o‘qigan yoki boshqa hollarda yo‘lingiz kesishgan bo‘lsa, bilganlaringizni bizga yo‘llang. Ozodlik radiosi istagingizga binoan shaxsingiz sir qolishini kafolatlaydi.

e-mail:ozodlikmail@gmail.com
TELEGRAM + 420 724 971 539
WhatsApp + 420 724 740 755

XS
SM
MD
LG