Линклар

Rossiya rasmiylarining ma’lum qilishlaricha, bu yilgi Qurbon hayiti munosabati bilan Moskva viloyatida qurbonlik uchun 14 ta kushxona tashkil etildi. Moskva viloyatidagi kichik ferma va kushxonalarida ishlarni, asosan, o‘zbek, tojik va qirg‘iz muhojirlari bajarishadi. Moskva shahri hududida esa qoramol so‘yish 2010 yildan boshlab taqiqlangan.

Qirg‘izistonlik 27 yashar Umarbek besh yildan buyon Moskva viloyati Odinsovo tumanidagi kichik fermalarning birida qassoblik qiladi. Uning aytishicha, qo‘y sotib olishga keladiganlar soni ayniqsa bayram paytida keskin ortadi:

- Ish qiyin emas, o‘rganib qolganman. Qassobchilikni shu yerda o‘rgandim. Kelayotgan mijozlar qurbonlik uchun qo‘yni ko‘pincha tirik olib ketishadi. Lekin sharoiti yo‘qligi uchun qo‘ylarni bizga so‘ydirib, olib ketayotganlar ham kam emas. O‘zim bayram kunlari kuniga 100tadan qo‘y so‘yaman. 8 ta qassob, o‘rta hisobda, kuniga 80 tadan to 100 tagacha qo‘y so‘yadi, dedi Umarbek.

O‘zbekistonlik Salim fermaga yaqinda ishga kelgan. U asosan ferma ko‘ylarini boqadi, kushxonada qassoblarga yordam beradi.

- Qo‘ylar fermaga asosan Dog‘istondan keltiriladi. Biz mashinalardan tushiramiz. Tarozidan o‘tkazib, vaznini o‘lchaymiz. So‘yiladigani so‘yiladi, qolganini dalaga chiqarib boqamiz. Qurbonlik qilish uchun mijozlar bir necha kun oldin ham kelib, qo‘yni tanlab, belgi qo‘yib ketishadi. Hayit kuni kelib, tiriklay yoki so‘ydirib olib ketishadi. Umuman ishi og‘ir emas. Men O‘zbekistonda ham bir fermerda cho‘ponlik qilgandim. Rossiyaga oldin umuman kelmaganman. Tanishlarim telefon qilishdi. Yaxshi ish deyishganiga keldim. Hozircha yomon emas, dedi Salim.

Qurbon hayiti kunlari Moskva mintaqasiga qo‘ylar yuk mashinalarida asosan Dog‘iston, Checheniston, Qalmiq respublikasi, Stavropol kabi o‘lkalardan keltiriladi.

50 yoshli asli dog‘istonlik Muhammad, qo‘ylarini Voronej va Tula viloyatlaridagi fermalaridan keltirgan. Uning aytishicha, Qurbon bayramida o‘ziga o‘xshagan o‘rtahol fermer 500dan to 1000 tagacha qo‘y sotishi mumkin:

- Shu tariqa pul topamiz. Lekin Moskva mintaqasida qo‘ylarni keltirish, Qurbon hayiti uchun so‘yish uchun etarli sharoit yaratilmagan. Jonivorlarni so‘yib sotishga mo‘ljallangan zamonaviy, yaxshi qurilgan kushxonalar yo‘q. Bu ish yaxshi tartibga solinmagan. Moskvada qurbonlik qilishga, umuman halol qo‘y go‘shtiga talab nihoyatda katta, dedi Magomed.

Dog‘istonlik Magomedning aytishicha, Rossiyada chorvachilik bilan shug‘ullanadigan ishbilarmonlar ko‘proq markaziy osiyolik muhojirlarni ishga yollashga harakat qilishadi.

Qurbon hayiti Rossiyaning Shimoliy Kavkaz respublikalarida ham katta tantana bilan nishonlandi.

Checheniston prezidenti Ramzan Qadirov Instagram sahifasida yozishicha, uning marhum otasi Ahmad Qodirov nomidagi jamg‘arma chetdan xarid qilgan 60 mingdan ortiq qo‘y va 100 tuya qo‘shni Dog‘iston, Ingushetiya, Shimoliy Osetiya, Qorachoy-Cherkes, Qabardin-Bolqor kabi o‘lkalardagi kambag‘al oilalariga tarqatgan.

XS
SM
MD
LG