Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:16

O‘zbekiston “Tinchlikparvar Missiya”da ishtirok etmaydi


O‘zbekiston Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida 15 sentabr kuni boshlanadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Qurollli Kuchlarining “Tinchlikparvar Missiya-2016” harbiy o‘quv mashg‘ulotiga harbiylarini jo‘natmadi. Mazkur mashg‘ulotlarga tashkilotga a’zo Rossiya, Xitoy, Tojikiston va Qozog‘istonning bir necha ming harbiysi hamda yuzlab harbiy texnika jalb qilingan.

O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 8 sentabr kuni Oliy Kengash Qonun chiqaruvchilar palatasi va Senati qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmasligini aytgan edi.

Bu bilan Mirziyoev marhum prezident Islom Karimovning harbiy bloklarga qo‘shilmaslik va harbiy jihatdan betaraflik siyosati davom ettirilishini anglatgan.

Mirziyoev o‘z nutqi davomida O‘zbekiston harbiy kontingentining mamlakatdan tashqarida joylashtirilishiga ham qarshi ekanini ma’lum qilgan.

Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston tomoni Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatidagi “Edelveys” harbiy poligonida o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Qurolli Kuchlarining "Tinchlikparvar Missiya-2016" mashg‘ulotiga o‘z harbiylarini jo‘natmagan.

Biroq Shavkat Mirziyov O‘zbekistonning ShHTga a’zoligi foydali bo‘lishini, negaki harbiy masala bu ittifoqda ikkilamchi omil ekanini ham ta’kidlagandi.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, Toshkentning bu kabi bildiruvlari yangilik emas. O‘zbekiston shu kungacha tashkilotning birorta harbiy tadbirlarida ishtirok etmagan. Holbuki, Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy aksilteror tuzilmasi shtab kvartirasi joylashgan. Tashkilot doirasidagi harbiy o‘quv mashg‘ulotlari esa aynan terrorchilik va ekstremizmga qarshi hamkorlikda kurash doirasida o‘tkazilib kelinadi.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda,15 sentabr kuni boshlanadigan va 21 sentabr kuni yakunlanadigan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkaziluvchi poligonga Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va Tojikiston askarlari yetib kelgan.

Mashg‘ulotlarda Rossiyaning 55-maxsus tog‘ brigadasi, Xitoyning 300 askari va 50ta harbiy texnikasi qatnashadi. Mashg‘ulotlarda ishtirok etadigan Qozog‘iston va Tojikiston harbiylari soni haqida esa ma’lumot berilmagan.

Sobiq postsovet davlatlari a’zo bo‘lgan ShHT va KXShT shu kungacha qandaydir bir mintaqaviy ziddiyatlarni bartaraf etishda ishtirok etmagan. Shunga qaramay, Rossiya mudofaa vazirligi “bu kabi mashg‘ulotlarda qo‘shnilar bilan hamkorlikda terrorchilikka qarshi kurashning asosiy vazifalari o‘rganiladi va shuning uchun ham bu mashg‘ulotlarni o‘tkazish zarurati bor”, deb bildirdi.

ShHTning 2002 yil 7 iyunda qabul qilingan Xartiyasida tashkilot maqsadlaridan biri “terrorchilikka, separatchilikka va ekstremizmga qarshi hamkorlikda qarshi turish” ekani qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG