Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:45

G. Karimovaning pora janjali ortidan ishdan olingan A. Aripov lavozimiga qayta tiklandi


O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyov 13 sentabrda imzolagan farmon bilan Abdulla Nig‘matovich Aripov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalari masalalari kompleksi rahbari lavozimiga tasdiqlandi.

Bosh vazirning yangi o‘rinbosari 2012 yili aynan shu lavozimdan, telekommunikatsiya sohasidagi korupsiya janjali ortidan, ishdan olingan edi.

Tahlilchilar fikricha, “poraxo‘rlik janjali figurantining hukumatga qaytarilishi yomon signaldir”.

Abdulla Aripov 2002 yil may oyidan to 2009 yil oktyabrigacha O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining rahbari bo‘lib,. 2009 yildan 2012 yilgacha esa O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

O‘zbekiston marhum prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning chet el shirkatlaridan O‘zbekiston telekommunikatsion bozoriga kirish uchun pora olgani bilan bog‘liq janjal ham o‘sha paytda kommunikatsiya sohasini nazorat qilgan mulozim Aripov ismi bilan bog‘lanadi.

Shvetsiya prokuraturasi apellyatsiya sudiga taqdim qilgan TeliaSonera mas’ul xodimlarining o‘zaro yozishmalarida shirkat mas’ullari O‘zbekistonda biznes boshlashdan avval Gulnora Karimova bilan kontakt o‘rnatishga uringaniga ishora qiladi.

Bu yozishmalardan ma’lum bo‘lishicha, TeliaSonera ijrochisi Esko Ritkonen O‘zbekiston rasmiylari bilan muzokara qilish uchun Toshkentga kelishi kerak bo‘lgan. Bunda Markaziy Osiyoda biznes yuritish tajribasiga ega bo‘lgan Elden O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining o‘sha paytdagi rahbari Abdulla Aripov bilan uchrashishdan avval Gulnora Karimova bilan kelishib olish lozimligini maslahat qiladi. "Chunki, deb yozadi u, o‘ta agressiv tip bo‘lgan Aripov rus inevestorlari tarafdoridir".

TeliaSonera sobiq rahbariga qo‘yilayotgan ayblovlar mazkur shirkatning O‘zbekistonda biznes qilish imkoniyati evaziga bu mamlakat prezidentining qizi Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar pora berganiga doir tergov bilan bog‘liqdir.

Bu ishni tergov qilayotgan Shvetsiya prokuratuarsi Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Gunnar Stetlerning Ozodlikka aytishicha¸

"TeliaSonera bo‘yicha tergov bilan bog‘liq jarayon Abdulla Aripov rahbar bo‘lgan davrni qamraydi. Aripovning imzosini ayni ishga oid ko‘p hujjatlarda ko‘rish mumkin".

Bu ishga oid Xalqaro matbot nazariga tushgan tafsilotlar ortidan 2012 yilda Aripov ishdan olinib, ustidan jinoyat ishi ochilgani haqida O‘zbekistondagi Uzmetronom internet nashri xabar bergan edi.

2012 yilda o‘zining “ishonchli manbalariga” tayangan holda xabar qilgan Uzmetronom nashriga ko‘ra, Abdulla Aripovga, jumladan, “O‘zdunrobita” shirkatiga qo‘shimcha retranslyatorlar o‘rnatish uchun noqonuniy ruxsatnomalar berganlik aybi qo‘yilgan.

2013 yilga kelib Abdulla Aripov ustidan jinoiy ish to‘xtatildi va sobiq mulozim Toshkent aloqa kollejida oddiy o‘qituvchi sifatida yana Bosh vazir o‘rinbosari qilib tayinlangan 2016 yilning 13 sentabrgacha ishlab yurdi.

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov Ozodlik bilan suhbatda hukumatga qaytarilgan sobiq mulozim o‘z vaqtida bir imzo bilan mamlakat hazinasini yillik byudjetning 7 foizi miqdoridagi puldan maxrum qilganligini iddao qildi:

- O‘z vaqtida "Takilant" va "Svisdorn" kabi nomi boru o‘zi yo‘q offshor shirkatlarga mobil aloqa litsenziyasi berilishini ta’minlagan va pirovardida bu litsenziyalarni real mobil operatorlariga sotib O‘zbekiston qonunchiligini qo‘pol buzgan mulozim hukumatga qaytarildi. Oripovning bu qilmishi oqibatida davlat xazinasi bir milliard AQSh dollariga yaqin mablag‘dan mahrum bo‘ldi. Bu summa O‘zbekiston yillik byudjetining 7 foizini tashkil etadi. Yoki sog‘liqni saqlashga byudjetdan ajratilgan pulning 50 foizi demakdir. Bu mulozimni ishiga qayta tiklagan Mirziyoev o‘z navbatida bu qilmishlar uchun ma’suliyatni bo‘lishadi. Albatta, Mirziyoevning 2012 yili Oripov ishdan olingan vaqtda ham Bosh vazir bo‘lgani bois¸ u shundog‘am bu ish uchun qisman javobgardir. Mirziyoev Abdulla Aripovni ishga tiklagani AQSh sudida ko‘rilayotgan masalaga halaqit beradi. O‘zbekiston hukumati kommunikatsiya shirkatlari tarafidan pora sifatida olinib hozir muzlatilgan bir milliard dollarni AQSh sudi orqali qaytarib olmoqchi. Pora oldi-berdisida ismi kechgan mulozimning yana Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lishi pulni byudjetga qaytarish shanslarini kamaytiradi¸ deydi Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov.

Shu bilan birga Ilhomov Abdulla Aripovning telekommuniatsiya sohasida tajribali mutaxassis ekanligini ham e’tirof qildi.

Aripov bilan bog‘liq janjallarni yoritgan o‘zbekistonlik jurnalist Sergey Yejkov ham uing kasbiy mahorati haqida gapirib¸ Mirziyoev uni shu bois bugungacha asrab kelganini ta’kidladi.

- U O‘zbekistondagi telekommunikatsiya modernizatsiyasini boshlab bergan edi. Mirziyoev uni mutaxassis sifatida qadrlab kelajak uchun asrab qo‘ygan edi¸ dedi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG