Линклар

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning o‘limi mamlakat va mintaqadagi vaziyatga salbiy ta’sir o‘tkaza olmaydi, deb bayonot berdi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi. Uning aytishicha, Mirziyoev hukumati “vaziyatni to‘liq nazoratga olgan”. Shunga qaramasdan, Rossiya diplomatiyasi mintaqadagi vaziyat izdan chiqqan holatda aralashishi mumkinligini ham inkor etmayotir.

"Prezident Islom Karimovning siyosiy sahnadan ketishi ortidan O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda vaziyat o‘zgarmasdan qoladi".

Rossiya prezidentining Afg‘onistondagi maxsus vakili, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Osiyo Ikkinchi departamenti direktori Zamir Qobulovning 12 sentabr kuni jurnalistlar oldida qilgan bu bayonotidan anglash mumkinki, Rossiya Shavkat Mirziyoevning marhum prezident Islom Karimov siyosatini davom ettirishiga ishonadi.

- Bu (Islom Karimov o‘limi.-tahr.) O‘zbekiston va uning atrofidagi vaziyatga harbiy-siyosiy nuqtai nazardan salbiy ta’sir o‘tkazmaydi, degan fikrdaman. O‘zbekiston hukumati vaziyatni nazorat qilib turibdi, dedi Zamir Qobulov.

Uning aytishiga ko‘ra, oldinroq Rossiya “ekstremist unsurlarning” O‘zbekistondagi vaziyatni izdan chiqarishi mumkinligiga urinib ko‘rishidan xavfsiragan.

- Hozircha ular buning uddasidan chiqa olmadi. Prezident vazifasini bajaruvchi bosh vazir Shavkat Mirziyoev o‘zini oqlagan amallarni davom ettiradi, dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri rasmiysi.

Shuningdek, Markaziy Osiyodagi bugungi vaziyatga izoh bergan Qobulov Rossiya Afg‘onistonga qo‘shin kiritmaslikka qat’iy qaror qilganini bildirdi.

Rossiyalik diplomat, shunga qaramasdan, “Islomiy davlat” jangarilarining Afg‘oniston ichkarisida harbiy potensialini oshirishidan xavotir bildirdi.

- Ekstremistik kuchlarning Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlariga bostirib kirishi mumkinligini inobatga olib, biz bunga javob qaytarishga majburmiz. Javob beramiz ham, kerak bo‘lsa. Ular mobillashish, o‘z saflariga jalb qilish, o‘zining harbiy potentsialini oshirishni davom ettirmoqda. Agarda bunga chek qo‘yilmasa yoki muayyan yo‘llar bilan to‘xtatilmasa, keyingi yilda biz IShIDni o‘z chegaralarimizda ko‘ramiz, dedi Rossiya harbiy yo Zamir Qobulov .

U Afg‘onistondagi terrorchilikka qarshi kurash harbiy harakatlar bilan emas, balki davlat iqtisodiyotining yuksaltirilishi ortidan natija berishini uqtirdi.

Kavkaz, Bolqon va Markaziy Osiyo tadqiqotlar markazi direktori Artem Ulunyan Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistondagi va mintaqadagi barqarorlik nafaqat Shavkat Mirziyoev va uning komandasi olib borajak siyosatga bog‘liqligiga ishonishini bildirdi.

- O‘zbekistondagi stabillik nafaqat hokimiyatga kelayotgan hukumat hatti-harakatlari, balki O‘zbekiston ichkarisidagi vaziyatga, ko‘proq ijtimoiy-iqtisodiy holatga bog‘liq bo‘ladi. Umuman olganda, shaxsan men ham O‘zbekistonni mintaqadagi vaziyatni izdan chiqara oladigan davlat deb hisoblamayman. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar – Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan munosabatlari shuningdek ko‘p narsani belgilab beradi. Shu davlatlar orasidagi kelishmovchiliklar bartaraf etilsagina to‘liq barqarorlik borasida so‘z yuritsa arziydi, dedi siyosatshunos Artyom Ulunyan.

Janob Ulunyan alohida vaziyatlarda va Afg‘onistondagi ahvol murakkablashishi ortidan Rossiya harbiy amaliyotlarni boshlashi mumkingigidan shubhalanmasligini aytdi.

- Muayyan vaziyatlarda O‘zbekistondagi holatning og‘irlashishi yoki Afg‘onistondan bo‘lgan tahdidlarning kuchayishi natijasida Rossiya harbiy jihatdan aralashishi mumkinligiga hecham shubha qilmaganman. Tashqi ishlar vazirligining bunday bayonotlari Rossiyaning bunga qodirligini yana bir bor isbotidir, dedi Artyom Ulunyan.

Suhbat so‘nggida siyosiy tahlilchi Artyom Ulunyan Islom Karimov siyosatini yodga olib, u G‘arb mamlakatlari va Rossiya o‘rtasida muvozanatni saqlashga intilganiga qaramasdan, harbiy sohada o‘zining yagona himoyachisi sifatida faqat Rossiyani ko‘rib kelganini ham eslatib o‘tdi.

XS
SM
MD
LG