Линклар

logo-print

Prezident Karimov vafoti ortidan O‘zbekistonda hokimiyatning yangi qo‘lga o‘tgani Rossiya isteblishmentida O‘zbekistonga nisbatan bayonotlarning yangicha ritorikada yangrashiga sabab bo‘ldi. Ozodlik radiosi o‘zining yangi "GOVORIT MOSKVA" ruknida bu bayonotlarni savol ostiga oladi.

Rossiyada yana “migrantlar xavfi” masalasi ko‘tarilmoqda. Nolegal muhojirlikka doir mahalliy ommaviy axborot vositalarida ko‘p hollarda tekshirilmagan va asoslanmagan xabarlar tarqatilayotir. Kuzatuvchilar esa bu raqamlarga jiddiy shubha bilan qarashni tavsiya etmoqda.

Migrantlar – yana nishonda

Rossiyada mehnat muhojirlariga qarshi navbatdagi axborot hujumi boshlandi.

Saylov kampaniyalarida “migrantlar xavfi” muammosi yana ko‘tarilmoqda. Rossiya ommaviy axborot vositalarida esa hukumat rasmiylari tomonidan uzatilayotgan tekshirilmagan “statistika ma’lumotlari”dan keng foydalanish urf bo‘ldi.

“Moskvadagi 70 foiz zo‘rlashlar Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar tomonidan sodir etilmoqda”, deyiladi Moskva politsiyasi rasmiy xabarida.

Biroq, prokuratura va Rossiyaning boshqa idoralarida Ichki ishlar tomonidan tarqatilayotgan bu raqamlarga jiddiy shubha bildirilmoqda.

Moskva shahar Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i Mixail Trubnikov Rossiya poytaxtida sodir etilayotgan zo‘rlashlarning aksariga markaziy osiyolik mehnat muhojirlari aloqasi borligini aytdi.

Umumiy statistika olinib, jinoyat sodir etayotganlar soniga taqsimlansa, 75 foizi Moskva mintaqasida yashayotganlar tomonidan sodir etilmayotir. Ularning 90% Osiyodan: Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘izistondan”, Moskva politsiyasi rasmiysi so‘zlaridan iqtibos keltirdi “Novosti” axborot agentligi.

Janob Trubnikov joriy yilda zo‘rlash holatlarining kamayib borayotganini iqtisodiy inqiroz tufayli mehnat muhojirlarining poytaxtni tark etayotgani bilan bog‘ladi.

Qizig‘i, aynan bir xil "politsiya ma’lumoti" Rossiya ommaviy axborot vositalarida turlicha berilishi ham mumkin.

​"Ijevsk Info" axborot portalidagi "IIB: Moskvada 70% ziyod zo‘rlashlarni migrantlar sodir etadi" xabari

RIA Novosti talqinida "Osiyodan kelganlar Moskvada 75% ziyod zo‘rlashlarni sodir etadi" ko‘rinishga ega bo‘ldi.

Politsiya statistikasiga binoan, Moskvada qotillik, talon-taroj, tan jarohati yetkazish kabi og‘ir jinoyatlarning 45 foizdan ziyodida ham migrantlar qo‘li bor.

Aytish joyizki, Rossiyada sodir etilayotgan jinoyatlarning asosiy qismida migrantlarni ayblash tendensiyasi ancha yillardan buyon kuzatiladi. Odatda bunday mavzuda yozilgan maqolalar sarlavhalari quyidagi ko‘rinishga ega:

Moskvada 60 foiz jinoyat chetdan kelganlar tomonidan sodir etiladi” (“Novosti” AA, 2005 y.);

Gastarbayterlar armiyasi qaroqchilar armiyasiga aylanib qolishi mumkin” (Izvestiya, 2008);

70 foiz zo‘rlash va 30 foiz qotillikni Moskvada gastarbayterlar sodir etadi” (Praviy vzglyad, 2009)

Zo‘rlashlarning aksar qismi gastarbayterlar tomonidan sodir etilayapti” (Newsland, 2010)

"Moskvada har ikkinchi zo‘rlashga migrant aloqador" (RBK, 2013).

Rossiya telekanallaridan birida "migratsiya masalasi" muhokamasi

Bunday xabar va raqamlar asosan politsiya va tergov xizmatlari keltirgan raqamlarga tayanadi.

Bayonot – bir, statistika - boshqa

2009 yilda Rossiya Interpoli boshlig‘i Vladimir Ovchinskiy migrantlar jinoyatchiligiga oid Rossiya militsiyasi berayotgan raqamlarni mutlaqo inkor etib chiqqandi.

Faktlarga zid keltirilayotgan bu raqamlarga hatto FMS sobiq direktori Konstantin Romodanovskiy ham chiqqan edi:

- Yildan-yilga bitta gapni qaytaraverish jonga tegdi: Rossiyada sodir etilayotgan jinoyatlarning 3,5 foizigina migrantlarga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda, bu huquqbuzarliklardan uchdan bir qismi hujjat qalbakilashtirish bilan bog‘liq, deb edi rasmiylar tomonidan eshitilmagan Romodanovskiy.

Moskva huquq muxofazachilari raqamlaridan farqli o‘laroq, Rossiya Ichki ishlar vazirligi raqamlariga ko‘ra, mamlakatdagi jami jinoyatlarga atigi 1,5 foiz MDH davlatlari fuqarolari aloqasi bor.

Soha kuzatuvchilari umumrossiya va Moskva politsiyasi keltirayotgan statistika raqamlarida jiddiy tafovut borligiga anchadan buyon e’tibor qaratib keladi.

Sankt-Peterburgdagi Yevropa Universiteti professori, migrantlar masalalari bo‘yicha yirik tadqiqotchi, tarix fanlari doktori Sergey Abashin migratsiya masalasi va migrantlarga qarshi ritorika saylov oldidan sun’iy ravishda yangittan avj oldirilayotganini bildirdi.

Uning Feysbukdagi sahifasida u Rossiyadagi deyarli barcha partiyalar va nomzodlar saylovoldi kampaniyasi davomida yana “migrantlar xavfi” masalasini ko‘tarib chiqayotganiga e’tibor qaratdi.

Rossiyada nomzodlarning saylovoldi plakatlari (S.Abashin surati)

Rossiyada nomzodlarning saylovoldi plakatlari (S.Abashin surati)

U “migrantlar” deganda odatda Rossiyaning Shimoliy Kavkaz mintaqasidan kelgan rossiyaliklar ham tushunilishi mumkinligini inkor etmadi.

Ozodlik bilan suhbatda Sergey Abashin Rossiya kuchishlatar tizim xodimlarining bunday bayonotlarini tasdiqlovchi birorta rasmiy raqamlar yo‘qligi to‘g‘risida gapirdi.

Professor Sergey Abashin

Professor Sergey Abashin

- Bizga ma’lum bo‘lgan rasmiy statistika ma’lumotlaridan 2016 yilning birinchi yarim yilida 87 ta zo‘rlash holati qayd etilgan (o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 138 ko‘rsatgan). Politsiya statistikani yaxshilashga intilayotgani aniq. Bu bayonotlar haqiqatni emas, qog‘ozbozlikka ko‘milgan tizimning ichki holatidan darak beradi. Oxirgi 6-7 yilda biz migrantlar, ayniqsa markaziy osiyoliklar haqidagi bunday salbiy xabarlarni vaqti-vaqti bilan eshitib turibmiz. Bunday bayonotlarsaylov oldidan qilinayotgan bo‘lishi ham mumkin. Qolaversa, bu o‘sha raqamlarni keltirayotgan rasmiyning ksenofob kayfiyati in’ikosi ham bo‘lishini inkor etmayman, dedi professor Abashin.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy ma’lumotlariga qaraganda, 2016 yilning yanvar-iyul oylarida mamlakatda 747,5 ming jinoyat sodir etilgan. Bu jinoyatlarning 27,6 foiziga xorij fuqarolari aloqasi borligi qayd etilgan.

Bu qonunbuzarliklarning uchdan bir qismi – ma’muriy jinoyatlardir.

XS
SM
MD
LG