Линклар

14 sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida taniqli aktyor Matyoqub Matchonov doxil yana uch kishi ustidan mahkama jarayoni boshlandi. Matchonov bir qator moliyaviy jinoyatlarda ayblanmoqda. Manbalarga ko‘ra, mahkama kutilmaganda boshlangan bo‘lsada, sud zaliga odam sig‘magan. Ayni paytda aktyorning hamkasblari yuqori idoralarga iltimosnoma yo‘llab, Matchonovni ozod qilishni so‘rashgan.

"Sud zaliga odam sig‘madi"

60 yashar Matchonov va uning sheriklari ustidan borayotgan mahkama jarayoniga Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Sarvar Karimov raislik qilmoqda.

“Sud bugun soat 10 da Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida boshlandi. Sudni oldindan ogohlantirmasdan boshlashdi. Ular imi-jimida, oshkor qilmasdan o‘tkazishni rejalashtirishgan ekan. Lekin Matchonovning yaqinlari xabar topgach, sud zaliga odam sig‘may ketdi. Qarindosh-urug‘i, Matchonovning hamkasblari, juda ko‘p odam sudga keldi”, dedi xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z ismi fosh etilishini istamagan mahkama qatnashchilaridan biri.

Sudning keyingi yig‘ilishi 20 sentabrga belgilangan.

"Qoldirilgan mahkama"

O‘tgan oy o‘rtasida Matyoqub Matchonov ustidan 17 avgustga rejalangan mahkama qoldirilib, ish qayta tergovga jo‘natilgan va aktyor MXX nazoratidagi hibsxonadan umumiy rejimdagi Toshturma hibsxonasiga ko‘chirilgan edi.

60 yashar Matchonov va yana uch shaxs qator "moliyaviy-iqtisodiy" jinoyatlarda ayblanmoqda. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov 4 iyulda MXX xodimlari tomonidan hibsga olingan edi.

Ayon bo‘lishicha¸ hibsga olinganlar aktyor asos solgan “Marsa” nomli tijoriy shirkat xodimlaridir.

Ulardan biri H. ismli shaxsning mol-mulklari sudgacha arest qilingan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, ayni ish yuzasidan huquq-tartibot idoralari yana ikki shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilgan.

"Narkotikka aloqador ayblov yo‘q"

Ozodlik jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining Matyoqub Matchonov ishi bo‘yicha 5 iyuldagi ajrimi nusxasini qo‘lga kiritdi.

Ajrimga ko‘ra, Matchanov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 189-moddasi (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 184-moddasi (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish), 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bo‘yicha ayblanmoqda.

Matchonov hibsga olingan paytda uning narkotik moddalar savdosiga aloqadorligi haqidagi gap-so‘zlar paydo bo‘lgandi. Biroq ushbu ajrimda narkotikka aloqador birorta ham ayblov yo‘qligini ko‘rish mumkin.

Tergov ishidan xabardor Ozodlik manbalariga ko‘ra, Matchonov va uning sheriklari aniqlangan moliyaviy kamomadni davlatga qaytarishgan:

“Matchonov firmasida soliqdan 180 million so‘m kamomad aniqlandi va bu kamomad davlatga qaytarildi”, deydi manba.

O‘zbekistonda prezident qarori bilan tadbirkorlik sub’ektlarining javobgarligini liberallashtirish bo‘yicha qonunga kiritilgan o‘zgartirish asosida etkazilgan zarar qoplansa, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo belgilanadi.

"Matchonov ushlanishiga sababchi general O‘zbekistondan chiqib ketgan"

Bir-biridan mustaqil ikki manbaning iddao qilishicha, “Matyoqub Matchonovning hibsga olinishi O‘zbekiston xavfsizlik tizimlaridagi yuqori martabali ikki general o‘rtasidagi shaxsiy adovat bilan bog‘liq”.

Ozodlik manbalari aytayotgan ikki general adovatining manbai oilaviy-maishiy, shaxsiy xarakterga egaligi tufayli uning tafsilotlariga to‘xtalishni noma’qul, deb topdi.

Biroq ayni shu adovat “Matyoqub Matchonov va yana bir qator odamlar boshiga etgani” aytilmoqda.

14 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatlashgan Matchonov ishidan xabardor manbaning aytishicha, Matyoqub Matchonov hibsga olinishiga sababchi bo‘lgan shaxslardan biri O‘zbekistonni tark etgan:

"MXXning yuqori lavozimli generali bo‘lgan bu shaxs Islom Karimov o‘lgan kuni O‘zbekistondan chiqib ketgan. U barcha oila a’zolarini olib ketgan", dedi manba.

Lekin Ozodlikda bu ma’lumotni mustaqil manbalar orqali tekshirish imkoni bo‘lmadi.

Matchonov himoyasiga aksiyalar

Ayni paytda taniqli o‘zbek kino va teatr aktyori Matyoqub Matchonovning teatrdagi hamkasblari ham uning himoyasiga chiqmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda Matchonovning yaqinlaridan birining aytishicha, bir guruh san’atkorlar tegishli idoralarga iltimosnoma yo‘llab, aktyorni ozod qilishni so‘rashgan:

"Bu iltimosnoma Oliy sudga, MXX boshlig‘i Inoyatovga va Bosh prokuraturaga yuborilgan. Iltimosnomaga 5 O‘zbekiston Xalq artisti, 12 O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist va bir qator mashhur artistlar imzo chekishgan. Ular Matchonovning hibsdan chiqarilishini so‘rashgan", dedi Matchonovning yaqini Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

O‘zbekning taniqli aktyori

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov 1980 yillar o‘rtalaridan o‘zbek teatr va kino muxlislariga yaxshi tanish.

U "Shaytanat", "Temir erkak", "Sug‘diyona", "Ulfatlar", "Dada", "Arzanda", "Xizmat doirasidan tashqarida ", "Sotqin" kabi filmlardagi rollari bilan kinomuxslar orasida shuhrat topgan.

Uch farzandning otasi Matyoqub Matchonov 2011 yili “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Uni yaqindan tanigan hamkasblari va rejissyorlarga ko‘ra, aktyor o‘z ishiga o‘ta talabchanligi, jiddiyligi va samimiyligi bilan ajralib turadi.

Ozodlik "Matchonov ishi" yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni o‘rganishda davom etayotir.

XS
SM
MD
LG