Линклар

O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan munosabatlarni yaxshilashga tayyor


Suratda (o‘ngdan chapga): O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev.

Suratda (o‘ngdan chapga): O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev.

Bishkekda o‘tadigan MDH sammitida ishtirok etish uchun kelgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkent ikki davlat o‘rtasida to‘planib qolgan muammolarni ijobiy hal qilish yuzasidan faol harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanini aytdi. Bishkekda 15 sentabr kuni Abdulaziz Komilov Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev bilan uchrashdi.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov uchrashuvi paytida O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarining bugungi holati hamda boshqa dolzarb muammolar muhokama qilindi.

Uchrashuv paytida Komilov O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan hamkorlikning barcha sohalari bo‘yicha pozitiv ruhdagi kompleksli harakatlarni faol amalga oshirishga tayyor ekanini aytdi.

“Tomonlar hamkorlikni jonlantirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidlagan holda, davlatlararo darajadagi muammolarni konstruktiv dialog orqali hal qilish bo‘yicha jiddiy siyosiy niyatga ega ekanliklarini tasdiqladilar”, deyiladi Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.

“Abdulaziz Komilov uchrashuv paytida Almazbek Atambaevga Shavkat Mirziyoevning salomi va samimiy tilaklarini yetkizdi”, deb xabar berdi qirg‘iz nashrlari.

Mazkur uchrashuv Toshkent ikki davlat o‘rtasida bahsli ekani aytilib keladigan Ungartepa hududiga 22 avgustda militsiya desantini kiritgani ortidan O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarida keskinlik paydo bo‘lgan bir paytda o‘tkazildi. Qirg‘iziston shu kungacha Toshkentdan Ungartepadan militsionerlarni chiqarishni talab qilib kelayotir.

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Roza O‘tunbaeva O‘zbekiston ikki davlat o‘rtasidagi muammolarni bartaraf etishga jiddiy yondashmoqchi ekanidan mujda berdi, deb hisoblaydi.

- Men aytishim zarurki, O‘zbekiston bu masalaga juda mas’uliyat bilan yondoshadi. O‘zbekiston muammoni hal qilishda ko‘r yoki saqov bo‘lib olmasligidan mujda berdi. Albatta, muzokaralarda har bir davlat o‘zi uchun hayotiy bo‘lgan manfaatlarni himoya qilishini yaxshi tushunamiz. Ammo nima bo‘lganda ham keskinlikni faqat murosa yo‘li bilangina yumshatishimiz mumkin,- dedi Roza O‘tunbaeva.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari Bishkek 2009 yilda Qambarota -1 GESini qurish yuzasidan Rossiya bilan shartnoma imzolaganidan so‘ng yomonlasha boshlagan. O‘zbekistonning sobiq rahbari Islom Karimov xalqaro darajada bir necha marta bu GES qurilishiga qarshi ekanini bildirgan edi. Shundan so‘ng Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegaralari yopilib, savdo-sotiq va iqtisodiy-madaniy aloqalar uzildi.

Toshkentda 23-24 iyun kunlari o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Islom Karimov va Almazbek Atambaev o‘tkizgan uchrashuvdan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi sovuqlashgan munosabatlarda iliqlik paydo bo‘lishi kutilayotgan edi. Ammo bu iliqlik paydo bo‘lib ulugrmasidan turiboq, 22 avgustda O‘zbekiston Ungartepaga militsiya desantini kiritib, 4 qirg‘izistonlikni hibs qilgan edi.

Qirg‘izistonningg sobiq tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenkulov O‘zbekiston yangi rahbariyati yuzaga kelgan keskinlikni yumshatishdan manfaatdor, deb hisoblaydi.

-Mening fikrimcha, O‘zbekiston va Qirg‘iziston siyosiy elitasi qo‘shni davlatlar bilan uyg‘unlikda va tinchlikda yashashi kerak, degan tushunchaga amal qiladi. Hozirda mavjud muammolar hal qilinadigan masalalardir va ular hal qilinishi lozim. Ikkinchidan, O‘zbekistonda uch oydan keyin prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Qirg‘izistonda ham bir yildan so‘ng prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Hokimiyatga yangi odamlar keladi. Yangi hukumdorlar yangicha nuqtai nazar bilan ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni tiklaydi, degan umid ham bor, -dedi Alikbek Jekshenkulov.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Bishkekka 16 sentabrda o‘tadigan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi prezidentlari sammitida ishtirok etish uchun keldi. MDH tashkil topganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan 16 sentabrda Bishkekda o‘tkazilayotgan sammitda Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston va Qozog‘iston prezidentlari ishtirok etadi.

Qirg‘iziston prezidenti apparati tashqi siyosat bo‘limi mudiri Sapar Isaqov sammitga Shavkat Mirziyoevning kelmaganini Toshkent-Bishkek munosabatlariga sovuqchilik tushgani bilan bog‘lamaslik kerakligini malum qildi.

Unga ko‘ra, MDH davlatlari Bishkek sammitiga O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining kelishi qirg‘iz-o‘zbek munosabatlari ahvoli belgisi emas, balki O‘zbekistondagi ichki siyosiy vaziyatga bog‘liqdir.

XS
SM
MD
LG