Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:40

G. Karimovaga pora berganlikda ayblanayotgan kompaniyaga AQSh $1,4 mlrdli jarima to‘lashni taklif qildi


Telia Company telekommunikatsiya xoldingi (sobiq TeliaSonera) mazkur shirkatning 2007 yili O‘zbekiston bozoriga kirishi bilan bog‘liq qo‘zg‘atilgan korrupsiyaga qarshi tergov yuzasidan AQSh va Hollandiya hukumatlaridan 1,4 mlrd. dollar atrofida jarima to‘lashga oid taklif olganini payshanba kuni e’lon qildi.

“Oldin ham ko‘p marta aytganimday, Telianing O‘zbekistonga kirishi ahloqqa va qonunga zid usullar bilan amalga oshirilgan va biz mas’uliyatni to‘la o‘z zimmamizga olishga tayyormiz”. Telia Company raisasi Mari Erling (Marie Ehrling) ning bu bayonotini Reyters axborot agentligi tarqatdi.

“Bu taklifga dastlabki reaksiyamiz shuki, jarima miqdori juda yuqori ko‘rinmoqda. Rahbariyat bu taklifning barcha tafsilotini o‘rganadi va oxirgi javobini beradi"- dedi Ozodlik radiosiga Telia kompaniyasining Yevroosiyo mintaqasi bo‘yicha vakila Aleksandra Akkirman.

Unga ko‘ra, bu taklif Yusel kompaniyasining O‘zbekistondagi joriy faoliyatiga ta’sir qilmaydi. Biroq shu yil oxiriga qadar Telia nafaqat O‘zbekiston balki butun Yevroosiyo mintaqasini tark etish rejasidan qaytgani yo‘q, deydi Akkirman.

"O‘zbekistonni tark etishimiz kompaniyaning umuman Yevroosiyo mintaqasidan chiqib ketishga oid katta qarorning bir qismidir. Rahbariyatimiz kompaniyani shu yil oxirigacha sotishni mo‘ljal qilmoqda."

Boshqaruvi Amsterdamda joylashgan VimpelCom telekommunikatsiya operatori joriy yil fevralida O‘zbekistondagi korrupsion sxemalar yuzasidan tergov o‘tkazayotgan AQSh va Hollandiyaga 795 mln. dollar hajmida jarima to‘lashi mumkinligini bildirgan.

Telia O‘zbekiston bozoriga 2007 yili (u paytda TeliaSonera) Coscom aksiyalarining 100 foizini sotib olib kirgan edi. Mazkur kompaniya Vimpelcom va MTS bilan bir qatorda AQSh ma’murlari qo‘zg‘agan korrupsiyaga qarshi tergov figuranti bo‘lgan.

AQSh Adliya vazirligiga ko‘ra, tilga olingan operatorlar soxta kompaniyalar tarmog‘i orqali va konsultatsiya xizmati ko‘rsatishga doir qalbaki shartnomalar yordamida, O‘zbekistonning telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun, shu mamlakat prezident qizi Gulnora Karimova bilan bog‘liq strukturalarga ko‘p million dollarli pora bergan.

AQSh Adliya vazirligiga ko‘ra, TeliaSonera Coscom operatorini sotib olish orqali O‘zbekiston bozoriga kirganidan so‘ng 2007 yildan buyon Takilant foydasiga pora berib kelgan.

Korrupsiya bilan bog‘liq janjal ortidan TeliaSonera shirkati O‘zbekiston va Osiyoning boshqa mamlakatlarini tark etish rejasini joriy yil boshida e’lon qildi.

20 aprel kuni esa bu rejalar doirasidagi birinchi qadam o‘laroq, Telia Company Nepaldagi Ncell mobil operatoridagi ulushini 48 millon dollarga sotganini e’lon qildi.

Telia Company bosh ijrochi direktori Yohan Dennelind Wall Street Journal gazetasiga bergan intervyusida shu yil oxiriga qadar Osiyoning qolgan mamlakatlari, jumladan O‘zbekistondan chiqish jarayonini yakunlash niyatida ekanini bildirgan.

Ayni paytda...

2012 yili telekommunikatsiya sohasidagi korrupsiya janjali ortidan, Bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan ishdan olingan Abdulla Nig‘matovich Aripov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalari masalalari kompleksi rahbari lavozimiga tasdiqlandi.

Abdulla Aripov 2002 yil may oyidan to 2009 yil oktabrigacha O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining rahbari bo‘lib,. 2009 yildan 2012 yilgacha esa O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

O‘zbekiston marhum prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning chet el shirkatlaridan O‘zbekiston telekommunikatsion bozoriga kirish uchun pora olgani bilan bog‘liq janjal ham o‘sha paytda kommunikatsiya sohasini nazorat qilgan mulozim Aripov ismi bilan bog‘lanadi.

XS
SM
MD
LG