Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:34

Rustam Azimov Rossiyadan meva-sabzavot uchun "yashil koridor" ochishni so‘radi


14 sentabrda Moskvaga safar qilgan Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov yetakchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun "yashil yo‘lak" ochib berish taklifi bilan Rossiyaga murojaat qildi. Bu taklifni Moskva qabul qiladimi-yo‘qmi? Qabul qilsa, "yashil yo‘lak" qachondan ochiladi? Bu savollar hozircha ochiq qolmoqda. Ayni paytda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida 3 yilga mo‘ljallangan loyiha ish boshlaganini e’lon qildi.

O‘zbekiston «Yashil yo‘lak» so‘ramoqda

O‘zbekiston Rossiyaga Federal bojxona xizmati (FTS) va Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati (Rosselxoznadzor) tizimlari bo‘yicha mahsulotlarni olib kirishda yengillik yaratib berish iltimosi bilan chiqdi.

Rossiya Qishloq xo‘jalik vazirligi matbuot xizmati rahbari Yekaterina Popovaning Ozodlikka aytishicha, bunday tashabbus O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov tomonidan Rossiya qishloq xo‘jalik vaziri Aleksandr Tkachev bilan uchrashuv chog‘ida ko‘tarildi.

- O‘zbekiston tarafi Rossiya FTSi va Rosselxoznadzori tizimlari bo‘yicha mahsulotlarni yengillashtirilgan tartibda bojxona hamda fitosanitariya tekshiruvidan o‘tkazish, ya’ni “yashil yo‘lak” tashkil etish yuzasidan kelishim tuzishni taklif qildi. Tomonlar o‘zaro hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirdi. Muzokaralarda Rustam Azimov boshchiligidagi O‘zbekiston vakillari, Rossiya Qishloq xo‘jalik vazirligi departamentlari rahbarlari, Rossiya FTS boshlig‘i muovini Aleksandr Popov, Rosselxoznadzor rahbari Sergey Dankvert va Rossiyaning qator savdo vakillari ishtirok etdi, dedi Yekaterina Popova.

Tomonlar ijobiy holatlar bilan birga, o‘zbek mahsulotlarini Rossiya ichki bozoriga yetkazib berishda bir qator qiynchiliklar ham paydo bo‘layotganini ta’kidlashgan.

Shundan so‘ng O‘zbekiston tomoni O‘zbekistondan Rossiyaga olib kelinayotgan mahsulotlarga “yashil yo‘lak ochish” taklifini kiritgan.

“«Yashil yo‘lak» yaqinda ishga tushishi mumkin”

Bu masala yuzasidan Ozodlikka qo‘shimcha ma’lumot bergan Rossiyaning Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati rahbari muovini Aleksey Alekseenko “yashil yo‘lak” tushunchasiga ta’riflar ekan, bunday dedi:

- Bu degani, biz hamkor tarafdan nazorat bo‘yicha qo‘shimcha kafillik olib, o‘zaro ishonch asosida ish boshlaymiz. Ya’ni, biz chegarada yuklarni faqat oralatib tekshiramiz. Natijada tekshiruv jarayoni tezlashadi va mahsulotlarning sifati oshadi, iste’molchiga etish muhlati kamayadi. Bu jismoniy shaxslar olib kirayotgan yuklarga tegishli emasligini ta’kidlab o‘tishim zarur. Jismoniy shaxslar o‘z mahsulotlariga fitosanitariya sertifikatlariga ega bo‘lishi shart, dedi Rosselxoznadzor rasmiysi.

Aleksey Alekseenkoga ko‘ra, o‘zbekistonliklar bilan Rossiyaga yetkazib berilajak tovarlarning xavfsizligi va sifati ta’minlanishini yetkazuvchi tomon o‘z zimmasiga olishi to‘g‘risida kelishilgan.

U kelishuvlar amalga ko‘chishi muddatlari masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

- Bu masalada muddatlar haqida gapirish juda qiyin. Ammo muzokaralar anchadan beri davom etayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, kechagi uchrashuv uning strategik yo‘nalish ekanini yana bir bor tasdiqlab berdi. Ishonamanki, yaqin orada hamkorligimiz real natija beradi, dedi Rosselxoznadzor rahbari muovini Aleksey Alekseenko.

Qator G‘arb mamlakatlariga oziq-ovqat embargosi e’lon qilgan Rossiya ichki bozorini to‘ldirish maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishi mumkin bo‘lgan yangi mintaqalarga yuzlangan edi.

Joriy yilning iyulida Rossiya qishloq xo‘jalik vazirligi rasmiylarining katta guruhi Toshkentdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasida ishtirok etgandi. O‘sha uchrashuv davomida ikki taraf O‘zbekistondan kelayotgan mahsulotlarning chegaradagi karantini va boj to‘lovlarining qimmatligini qayd etgan, bu to‘siqlarni bartaraf etish istagini bildirgan edi.

Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jalik vaziri Aleksandr Tkachyovning bayonotiga tayanib xabar qilinishicha, joriy yilda O‘zbekistondan Rossiya bozoriga olib kelinayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmi o‘tgan yildagiga qaraganda 2 martaga ko‘paygan,

USAID O‘zbekistonda qovunchilik va uzumchilikni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda

Ayni paytda, AQShning Xalqaro taraqqiyot bo‘yicha agentligi (USAID) O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida uch yilga mo‘ljallangan loyiha ish boshlaganini e’lon qildi. 14 mln dollar turuvchi bu rejaga ko‘ra, mamlkatning 12 viloyatidagi 33 tumanda qovun va boshqa poliz ekinlari, uzum va boshqa mevalar sifati hamda hosildorligini oshirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Loyiha ochilishi Toshkentdagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda xabar bergan AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela L.Spratlen loyiha, shuningdek, O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisidagi bozor munosabatlarini rivojlantirish va shu sohaga oid ilmiy-o‘quv dargohlari o‘rtasidagi aloqalarni tiklashga qaratilganiga e’tibor qaratdi.

XS
SM
MD
LG