Линклар

logo-print

Mirziyoev hukumatga qaytarib, vazir qilib tayinlagan Rustam Qosimov kim?


Rustam Qosimovning surati hatto Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiy saytida ham yo‘q.

Rustam Qosimovning surati hatto Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiy saytida ham yo‘q.

O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning farmoniga muvofiq, Alisher Vahobov oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimidan ozod etilib, o‘rniga ilgari ayni vazirlik ustidan qarovchi Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan va “ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari” uchun bo‘shatilgan Rustam Sobirovich Qosimovning tayinlanishi maorif sohasini bilgan mutaxassislarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Xo‘sh, Rustam Qosimov kim? Bu kishining tayinlanishi ortidan mamlakat oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassalalarini qanday istiqbol kutadi?

Bu savollar javobini Rustam Qosimovni tanigan va oliy ta’lim tizimi muammolaridan habardor kishilar ko‘magida topishga harakat qilamiz.

Rustam Qosimov bilan birgalikda O‘zbekiston Oliy ta’lim va o‘rta ta’lim vazirligida ishlagan va xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z ismini aytishni istamagan mulozimning aytishicha¸ “Qosimovning vazirlikka qaytishi soha uchun "katastrofani anglatadi”:

- Bu odamni ismi O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasini inqirozga boshlagan asosiy omil, desak ham bo‘ladi. U kishi O‘zbekiston Bosh vazirining ta’lim sohasi bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan davrni tahlika bilan eslayman. O‘shanda O‘zbekistonda ketma-ket ikkita shu sohaga oid vazir ishda yo‘l qo‘ygan qo‘pol hatolari uchun ishdan bo‘shatilgandi. Xalq ta’lim vaziri G‘ayrat Shoumarov hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Azimjon Parpiev bo‘shatilgan edi. Bundan oldin prezident Islom Karimovning qarori bilan Rustam Qosimov ishdan bo‘shatilgan edi¸ deya eslaydi suhbatdosh.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidagi yana bir Ozodlik manbasiga ko‘ra, vazirlarning ishdan bo‘shatilishi ta’lim sohasi kuratori hisoblangan Rustam Qosimovning 2010 yilda hukumat tarkibidan chetlashtirilishi bilan bevosita bog‘liqdir:

- Qosimov ishdan olinganidan keyin ta’lim sohasida u kishi yo‘l qo‘ygan muammolarga barham berish uchun marhum prezident Islom Karimov 2011 yilda “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayërlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Bu qarorning ijrosi Qosimovning o‘rniga tayinlangan Rustam Azimov zimmasiga yuklandi. Bu qaror universitetda muhokama qilinganida ta’lim tizimida Qosimov davrida shakllangan ikki muammoga barham berish va’da qilingan edi. Bu muammolardan biri korruptsiya, ikkinchisi esa korrupsiyaga eltuvchi yo‘l, ya’ni o‘qituvchi-professorlar oyligining kamligiga e’tibor qaratildi va shu yo‘nalishda kichik bo‘lsa ham qadamlar qo‘yildi. Endi esa, yana ishlar eski formatga qaytadiganga o‘xshaydi, deydi suhbatdosh.

Rustam Qosimov bilan birgalikda O‘zbekiston Oliy ta’lim va o‘rta ta’lim vazirligida ishlagan mulozim o‘z sohasining birinchi rahbar harhashasiga bog‘lanib qolishini istamaydi.

- Sistemani o‘zgartirish kerak¸ rahbarni emas. Mamlakat, jamiyat rivojlangan sari ta’limning dunëda tan olingan samarali uslublariga intilish, qiziqish kuchayishi, baribir, muqarrar. Ertami-kechmi, sohani isloh qilish kerak. Lekin bu islohot bitta rahbarni o‘zgartirish bilan bo‘lmaydi. Bu yilning o‘zida Samarqandda ikkita, Navoiyda bitta, Toshkentda to‘rtta o‘qituvchi pora olayotganida ushlanib qamaldi. Bu korrupsiya o‘tgan yili yoki burnog‘i yili boshlanmadi. Buning ildizi ancha chuqur. 2002 yilda Qosimov O‘zbekiston Oliy va maxsus ta’lim vazirligida oliy ta’lim bo‘yicha vazir o‘rinbosari edi. O‘shanda bu sistema avj ola boshlagan edi¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra¸ 2010 yilda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasidan bo‘shatilgan Rustam Qosimov bir muddat ishsiz yurgan.

Keyinroq Toshkent viloyati kasaba uyushmalari federatsiyasida ishga kirib, joriy yilning 13 sentabri, ya’ni O‘rta va maxsus ta’lim vaziri qilib tayinlangan kunga qadar yetakchi mutaxassis bo‘lib ishlagan.

Qosimovni yaqindan tanigan mulozimning Ozodlikka aytishicha, iqtisodiyot fanlari doktori, 62 yashar Rustam Qosimov joriy yilning 30 avgustida oila va do‘stlari davrasida tug‘ilgan kunini nishonlaganida Bosh vazir Shavkat Mirziëev telefon qilib, uni tabriklagan:

- Mening ismimni aytmang, chunki o‘sha kuni men ham tug‘ilgan kunda bor edim. Shavkat Miromonovich telefon qilganida Qosimov telefon tugmasini bosib hammaga eshittirib turdi. Rus tilida tabrikladi. Kela olmagani uchun uzr so‘rab, sovg‘aga qarzdorligi aytdi¸ deya iddao qildi mulozim.

Bu tabrikdan 13 kun o‘tib Qosimovning yangi lavozimga tayinlangani haqida Mirziëev farmoni e’lon qilindi.

Ozodlik O‘zbekiston Oliy ta’lim va o‘rta ta’lim vazirligiga telefon qilib Rustam Qosimovning bu soha rivoji uchun qanday yangi dasturi borligiga qiziqdi.

O‘zini vazir yordamchisi, deya tanishtirgan mulozim Qosimovning muhim masalada majlisga chaqirilganligini aytish bilan kifoyalandi.

XS
SM
MD
LG