Линклар

O‘zbekiston prezidenti vakolatlarini vaqtincha qo‘lga olgan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev 13-14 sentabr kunlari o‘zining ikki o‘rinbosarini "yangiladi"¸ bir vazirni almashtirdi¸ Bosh prokurorga yangi o‘rinbosar tayinladi. Zudlik bilan kadrlar o‘zgarishini boshlagan Shavkat Mirziyoev tuza boshlagan komandadan nimalar kutish mumkin? Siyosiy va iqtisodiy islohotlar boshlashga Mirziyoevda jasorat bormi?

Ozodlikning “Qurultoy” davra suhbatida qatnashgan tahlilchilar ana shu savollarga o‘z mulohazalarini bildirdilar.

O‘zbekistondagi “Demokratik tashabbus” guruhi yetakchisi Iskandar Xudoyberganov¸ Mirziyoevning o‘z komandasini tuza boshlaganida favquloddalik yo‘qligi¸ ayni paytda¸ hukumatning eski kadrlarni qaytarish orqali qisman o‘zgargan tarkibiga qarab¸ jiddiy xulosa chiqarishga erta ekanini aytadi:

- Mamlakatdagi haqiqiy o‘zgarishlar iqtisodiy emas¸ siyosiy xarakterda bo‘lsagina¸ reformalar haqida gapirish mumkin. Zotan¸ iqtisod emas¸ siyosat birlamchi. Iqtisodning qay yo‘nalishda ketishini siyosat va hukumat tepasida o‘tirganlarning siyosiy irodasi belgilaydi. Hozircha bunday irodadan darak yo‘q¸ dedi jumladan Iskandar Xudoyberganov.

O‘zbekiston Iqtisod vazirligining sobiq mutaxassisi Saodat Nishonova¸ Shavkat Mirziyoev oldida nihoyatda og‘ir vazifalar turganini e’tirof etgan holda¸ uning Karimov barpo qilgan siyosiy tuzumni o‘zgartirishga jur’at etishiga ishonmasligini ta’kidladi.

O‘zbekiston hokimiyati to‘qimasini yaxshi bilgan taniqli jurnalist Sharof Ubaydullaev¸ aksincha¸ Shavkat Mirziyoev boshlagan kadrlar o‘zgarishi aslida siyosiy o‘zgarishlar debochasi ekani¸ Mirziyoev mavjud tuzumni isloh qilmasdan uzoqqa borib bo‘lmasligini yaxshi tushunishini qayd etdi.

-Endi O‘zbekistondagi kadrlarni yo‘naltirib kelgan dirijyor o‘zgardi. Agar bu dirijyor tayoqchasi boshqa yo‘nalishga buyursa¸ Karimov davri kadrlari bo‘lishidan qat’iy nazar¸ Aripovmi¸ Azimovni¸ boshqacha ishlashga o‘tadi. Men shunga ishonaman¸ dedi jumladan Sharof Ubaydullaev.

Asosan¸ qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar talabi bilan tuzilgan “Ozod dehqonlar” deb nomlangan siyosiy partiya yetakchisi Nigora Hidoyatova¸ o‘zi o‘tmishda qishloq xo‘jaligini ma’muriy-buyruqbozlik asosida boshqarib kelgan Shavkat Mirziyoev¸ mamlakat uchun hayot-mamot masalasi bo‘lib turgan islohotlarni aynan shu sohani erkinlashtirishdan boshlashi lozimligini uqtirdi.

AQSh moliya tizimlarida ishlab kelayotgan tahlilchi Farhod Inag‘omboev esa¸ Mirziyoev va uning o‘zi kabi Karimov davrida shakllangan kadrlar mamlakatda islohotlar¸ xususan¸ iqtisodiy-moliyaviy islohotlarni boshlashga siyosiy qaror bersa¸ bu strategiyani ijro etishga qodir yosh kadrlar borligini alohida qayd qildi:

- Eski kadrlar strategiyani belgilab¸ uning taktikasini ishlab chiqish¸ amalga oshirishni G‘arbda o‘qigan¸ dunyodagi iqtisod-moliya yuritish usullaridan yaxshi xabardor¸ muhimi¸ O‘zbekistondagi korrupsiya kasaliga yo‘liqmagan¸ toza texnokrat komandaga topshirsa¸ hali ham kech emas. O‘zbekiston o‘z potensialini butunlay yo‘qotgani yo‘q. Masalan¸ shaxsan o‘zim¸ O‘zbekistonga qaytib ishlashga tayyorman¸ dedi Harvard univertitetida o‘qib¸ hozirda Wall Streetda ishlayotgan o‘zbekistonlik mutaxassis.

“Qurultoy” davra suhbatini quyida to‘liq tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG