Линклар

Toshkentda energiya ashyolari qimmatlagani bois issiqlik va issiq suv narxi oshdi. Farg‘ona bo‘yicha 201 nafar chet el fuqarosi pasport tartibini buzgani uchun mamlakatdan chiqarib yuborildi. Mahalliy matbuot mana shunday voqealarni yoritdi.

Farg‘ona bo‘yicha 201 nafar chet el fuqarosi pasport tartibini buzgani uchun mamlakatdan chiqarib yuborildi

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan pasport tartibi tekshiruvlarida 201 nafar chel el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar qoida buzgani aniqlandi va mamlakat hududidan chiqarib yuborildi (“Postda”, 10 sentabr).

Qayd etilishicha, tekshiruvlardan 23 mingdan ziyod qoidabuzar shaxs aniqlanib, ularga nisbatan chora ko‘rilgan. Jumladan, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan davlat idoralari rahbarlaridan 158 nafariga chora qo‘llanilgan.

Qayd etilishicha, yangi biometrik pasportning joriy etilishi ko‘plab jinoyatlarning tez fursatda fosh etilishi va qidiruvdagi shaxslarning qisqa paytda qo‘lga olinishiga zamin yaratmoqda.

Ayni paytda Farg‘ona viloyatining 75 foiz aholisi yangi biometrik pasport olib bo‘lgani xabar qilingan.

Toshkentda energiya ashyolari qimmatlagani bois issiqlik va issiq suv narxi oshdi

Joriy yil 1 oktabrdan Toshkent shahri aholisi uchun markazlashgan issiqlik va issiq suv ta’minoti narxi oshirildi (“Toshkent oqshomi”, 14 sentabr).

Markaziy isitishning yangi narxi 1 metr kvadrat maydon uchun 1263,35 so‘m etib belgilandi (ayni paytda 1169,7 so‘m).

Bir kubometr issiq suv bahosi esa 3459,9 so‘mdan 3736,92 so‘mga chiqarildi.

“Toshissiqquvvati” korxonasi tarif qimmatlashuvini energiya tashuvchi muhit va ashyolar narxi oshgani bilan izohladi.

Toshkentda joriy yil 1 oktyabrdan elektr energiyasi, sovuq suv va gaz to‘lovi ham oshirilmoqda.

Hafta savoli: Nega rahbarlar jurnalistdan o‘zini olib qochadi?

Ayrim rahbarlar orasida fikr aytishdan o‘zini chetga olish, siyosiy bahsdan hayiqish hollari hamon uchrab turibdi (“Hurriyat”, 14 sentabr).

Ba’zi boshliqlar esa matbuot savoliga javob berishga majbur emasman degan kayfiyatda yuradi. Gazetaga ko‘ra, jurnalistni mensimaslik, u bilan “bitim” tuzish, qo‘shib yozish va buyurtma evaziga tanqidiy yoki maqtov maqolalar tayyorlash sohaning jiddiy masalalari bo‘lib qolmoqda.

“Deylik, gazeta muxbiri biror muassasada bo‘layotgan tadbirni yoritish uchun keladi. Rahbar unga yaxshi muomalada bo‘ladi, bir piyola choy degandek yoki uni boshqa yo‘llar bilan rozi qilish – harqalay, muxbirning ko‘nglini ovlash bilan band bo‘ladi. Rahbar ushbu tadbir, muassasa haqida faqat yaxshi gaplar, yutuqlarning yozilishini juda xohlashi tabiiy. Muxbir nima qiladi, “bir kun tuz egan joyingga qirq kun salom ber” maqoliga tayanib ish tutadimi?” deb yozadi muallif.

Qayd etilishicha, gohida jurnalistlar maqtasa – Asqartog‘dan oshirib yuboradi, tanqid qilsa – Abu Muslimning zarbi ham ip esholmay qoladi.

XS
SM
MD
LG