Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:58

Qirg‘izistonda siyosiy janjal: Qodirjon Botirov va korrupsiyada ayblanayotgan prezident Atambaev


Qodirjon Botirov 6 yildan so‘ng Qirg‘izistonda yana eslanmoqda.
Qodirjon Botirov 6 yildan so‘ng Qirg‘izistonda yana eslanmoqda.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaevning 31 avgust –Mustaqillik kuni so‘zlagan nutqi ortidan boshlangan siyosiy janjal avjiga chiqmoqda. Qirg‘izistondagi eng nufuzli siyosatchilardan biri O‘murbek Tekebaev Almazbek Atambaevni korrupsiyaga aralashganlikda ayblab chiqdi. Bunga javob o‘laroq Atambaev 2010 yilgi O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamoqqa sirtdan mahkum qilingan o‘zbeklar sobiq lideri Qodirjon Botirovni “Qirg‘izistondan qochirgan hukumat a’zolarini aniqlash"ga ko‘rsatma berdi.

Atambaev Qodirjon Botirovning xorijga ketishga ko‘maklashganlarni aniqlamoqchi

Prezident Almazbek Atambaev Qirg‘iziston Bosh prokuraturasiga O‘sh voqealarini uyushtirganlikda ayblanib xalqaro qidiruvga berilgan Qodirjon Botirovni xorijga chiqib ketishiga ko‘maklashgan hukumat a’zolarini aniqlashga ko‘rsatma berdi.

Prezident ko‘rsatmasiga ko‘ra, bu holatni tergov qilish uchun Bosh prokuratura rahbarligida kuchishlatar tuzilmalari vakillaridan iborat idoralararo maxsus guruh tuziladi.

So‘nggi xabarlarga qaraganda, Bosh prokuratura Qodirjon Botirovning Qirg‘izistondan chiqib ketishi bo‘yicha jinoyat ishi ochgan.

Qirg‘izistondagi O‘zbek milliy madaniy markazi liderlaridan biri bo‘lgan Qodirjon Botirov 2010 yil 7 aprel inqilobidan so‘ng hokimiyatga kelgan Muvaqqat hukumatni qo‘llab - quvvatlagan edi. Keyinroq mamlakatdagi vaziyat taranglashganidan so‘ng u xorijga chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Muvaqqat hukumat esa 500ga yaqin odamning o‘limiga sabab bo‘lgan O‘sh voqealarini uyushtirishda Qodirjon Botirovni ayblagan va qirg‘iz sudi hukmi bilan u sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Qodirjon Botirov Ozodlik radiosiga bergan intervyularida o‘ziga bildirilgan ayblovni inkor qilgan edi.

Qirg‘izistonda "Qodirjon Botirovni qamoqqa olish o‘rniga, uni Muvaqqat hukumat a’zolari horijga qochirib yuborgan", degan nuqtai nazar shakllanib ulgurgan. Prezident Atambaev ko‘rsatmasi bilan Bosh prokuratura bundan 6 yil avval yuz bergan voqeani tergov qilishi va Botirovni qochirgan hukumat a’zolari ismlarini aytishi kerak bo‘ladi.

Tekebaev Atambaevni korrupsiyada aybladi

Atambaev bu borada Bosh prokuraturaga ko‘rsatma bergani to‘g‘risidagi xabar paydo bo‘lishidan bir oz oldinroq , parlament deputati, “Ata Meken” partiyasi raisi O‘murbek Tekebaev prezidentni korrupsiyaga aralashganlikda ayblab matbuot anjumani o‘tkazdi.

Tekebaevning aytishicha, 2015 yil 7 mayda Bishkekning hozirgi meri Albek Ibraimovning turmush o‘rtog‘i Aynuru Ibraimova nomiga poytaxtadan 30 kilometr narida “Dastan” zavodiga qarashli bo‘lgan 27,5 gektar yer rasmiylashtirilgan. Oradan besh kun o‘tib bu yer prezident Atambaev nomiga o‘tkazib berilgan.

-2015 yilda Albek Ibraimov Shirshov, Maksim Bakiev va Daniyar Usenov egalik qilib kelgan o‘sha yerni prezidentga o‘tkazib berdi. Shundan keyin u Bishkek shahriga mer bo‘ldi. Bu ikki voqea bir –biri bilan mantiqan bog‘liq desak bo‘ladi. Negaki bu korrupsiyaning klassik namunasidir, -deb bayonot berdi O‘murbek Tekebaev.

Davlat ro‘yxatga olish xizmati raisi Tayirbek Sarpashev 16 sentabr kuni prezident Bishkekning hozirgi meridan haqiqatan ham yer olganini tasdiqladi:

-2015 yilning 19 martida Anarbek Ukuev Aynuru Ibraimovaga 2,7 gektar yerni 24 million so‘mga sotgan. Ibraimova 7 may kuni yerni o‘z nomiga rasmiylashtirib, uni 12 may kuni Almazbek Atambaevga 33 million so‘mga sotgan, - dedi Tayirbek Sarpashev.

Prezident ma’muriyati Atambaevni oqladi

Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati zudlikda Tekebaev bayonotiga raddiya berdi. Prezident ma’muriyati rahbari Farid Niyozov Atambaev Albek Ibraimovdan bu yerni pulga sotib olgani, yer maydoni Tekebaev aytganidek 27 gektar emas, 2,5 gektar ekani, bu yerga prezident uy qurayotgani jamoatchilikka sir emasligini hamda bu haqda Atambaev 2015 yil uchun topshirgan soliq deklaratsiyada ochiq ko‘rsatma berganini ta’kidladi.

Prezident Atambaevning jamoatchilikka bir necha oy avval ochiqlangan 2015 yil uchun soliq deklaratsiyasida prezident bir yilda 1 million 298 ming 448 so‘m oylik olgani, ammo prezident chiqimlari 34 million so‘mni tashkil qilgani ko‘rsatilgan. Shuningdek, deklaratsiyada Atambaev 2.5 gektardan ko‘proq yerni sotib olib, 116 kvadrat metrli uy qurayotgani qayd etilgan.

Mazkur uy Bishkek yaqinidagi Ko‘kjar qishlog‘iga qurilayotgani to‘g‘risida qirg‘iz matbuoti avvalroq xabar bergan edi. Matbuotda prezident qurayotgan uyning suratlari ham paydo bo‘lgandi.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi 16 sentabr kuni Tekebaevning bayonoti yuzasidan tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.

Siyosiy janjal Mustaqillik kunida boshlandi

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaevning mustaqillik kuni, ya’ni 31 avgustda so‘zlagan nutqi ko‘pchilik siyosatchilar tomonidan siyosiy janjalning boshlanishi sifatida e’tirof etilgan edi.

O‘sha nutqida prezident 2010-2011 yillarda Qirg‘izistonni boshqargan Muvaqqat hukumatning 14 a’zosini keskin tanqid qilgan, shundan so‘ng sobiq prezident Roza O‘tunbaeva Atambaev nutq so‘zlagan maydonni namoyishkorona tark etgan.

Prezident tanqidiga Qirg‘iziston Muvaqqat hukumati a’zolarining Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilishiga qarshilik qilayotgani sabab bo‘lgan. Atambaev va uning ayonlari esa mamlakat Konstitutsiyasini o‘zgartirish shart, deb hisoblamoqda. Lekin shu kungacha Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha referendum qachon o‘tkazilishi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG