Линклар

logo-print

Interpol G‘afur Rahimovni qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatidan olib tashladi


G‘ofur Rahimov G‘aarb matbuotida jinoiy guruh yetakchisi deya tilga olinadi

G‘ofur Rahimov G‘aarb matbuotida jinoiy guruh yetakchisi deya tilga olinadi

O‘zbekiston vatandoshi G‘afur Rahimov ismi Interpolning O‘zbekistondagi milliy vakolatxonasi qidiruv lentasidan joriy yilning 15 sentabr kuni olib tashlandi.

AQSh Moliya vazirligi 2012 yilda G‘afur Rahimovni uyushgan xalqaro guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanksiyalari ro‘yxatiga kiritgan edi.

65 yoshli G‘afur Rahimovning ismi hozir ham mazkur ro‘yxatda qolmoqda.

"Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan “Birodarlik xalqasi” (Bratva) dagi belgilovchi shaxs bo‘lgan G‘afur Rahimov o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri va u Markaziy Osiyoda narkotik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan. Rahimov dunyoning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda," deyiladi AQSh Moliya vazirligi rasmiy saytidagi hujjat matnida.

AQSh Moliya vazirligi qora ro‘yxati

AQSh Moliya vazirligi qora ro‘yxati

Unda "Birodarlik xalqasi" deb atalgan mazkur guruh a’zolarining Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida faoliyat yuritib kelayotgani ta’kidlangan.

Sanksiyaga tortilgan guruhning etti a’zosi orasida G‘afur Rahimovdan tashqari yana bir O‘zbekiston vatandoshi - Lazar Shaybazyan ham bor.

AQSh Moliya vazirligining bildirishicha¸ Shaybazyan "Birodarlik xalqasi" yetakchilaridan biri Vladislav Leontevning yaqin odami sifatida uning nomidan ish ko‘radi.

AQSh sanksiyasiga tortilgan "Birodarlik xalqasi" guruhi rahbarlari¸ xususan G‘afur Rahimovning ham hozirda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida istiqomat qilishi aytiladi.

AQSh Moliya vazirligi bayonotida sanksiyalar joriy qilingan shaxslarning ism-sharflari, qaysi davlat vatandoshi ekani, yashash manzillari, pasport raqamlari va boshqa ma’lumotlar ham keltirilgan.

G‘afur Rahimovning qidiruvga berilgani to‘g‘risidagi hujjat

G‘afur Rahimovning qidiruvga berilgani to‘g‘risidagi hujjat

Sanksiya joriy qilingan “Birodarlik xalqasi” a’zolarining aksari bir necha davlat vatandoshlari bo‘lgani holda¸ (Vasiliy Xristoforov (Rossiya), Qamchibek Kolbaev (Qirg‘iziston), Vladislav Leontev (BAA, Gretsiya, Gana, Venesuela), Aleksandr Manuylov (Rossiya), G‘afur Rahimov (O‘zbekiston), Lazar Shaybazyan (O‘zbekiston), Aleksey Zaysev (BAA, Gana, Rossiya) hujjatda G‘afur Rahimovning ikki nom bilan olingan ikkita O‘zbekiston pasportiga ega ekani qayd etilgan.

AQSh Moliya vazirligi bayonotida mazkur shaxslarga qarshi sanksiya joriy qilishdan maqsad AQSh moliya tizimini hamda AQSh moliyaviy tashkilotlarini o‘zi bilmagan holda mazkur guruhning noqonuniy faoliyatiga aralashib qolishidan himoyalash ekani bildirilgan.

Ayni paytda jazo choralari tilga olingan shaxslarning AQSh iqtisodiyotiga kirib kelishini oldini olish ta’minlab kelinmoqda.

AQSh vazirligi qora ro‘yxatga qo‘shgan "Birodarlar xalqasi"dagi aksar kriminal avtoritetlardan farqli G‘afur Rahimovga qarshi u vatandosh bo‘lgan O‘zbekistonda huquq tartibot idoralari tomonidan biror rasmiy yoda norasmiy ayblov qo‘yilgani haqida ma’lumot yo‘q.

Ammo Osiyo Boks federatsiyasining sobiq prezidenti¸ Osiyo Olimpiya kengashining sobiq vitse-prezidenti, O‘zbekistondagi yirik biznes tizimlari egasi G‘afur Rahimov (G‘ofir-Arslonbek Ahmad o‘g‘li Rahimov) 2012 yilda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rais o‘rinbosari va O‘zbekiston Milliy Boks federatsiyasi prezidenti lavozimlaridan ham chetlatilgani haqida Ozodlikda ma’lumot mavjud.

G‘afur Rahimov o‘zbek boksining xomiylaridan biri sifatida tanilgan

G‘afur Rahimov o‘zbek boksining xomiylaridan biri sifatida tanilgan

G‘afur Rahimovga oidligi iddao qilingan O‘zbekistondagi biznes tizimlarida 2012 yilda jiddiy taftish o‘tkazilgani ortidan uning Birlashgan Arab Amirliklarida ixtiyoriy surgunda yashab kelgani aytib kelinadi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2012 yilning 28 iyun kuni e’lon qilgan xabarnomada aytilishicha, “Sezam” va “Lessor Plyus” shirkatlaridan mamlakatga noqonuniy tarzda olib kirilgan 362,5 million so‘mga teng maishiy texnika va audio-video apparatura musodara qilingan.

"Tergov davomida mazkur shirkatlar rahbarlari 2010-2011 yillar davomida 6,4 milliard so‘mlik molni noqonuniy tarzda mamlakatga olib kirib, sotgani, 6,7 milliard so‘mlik molni sotishda qonunlarni buzgani va davlatga 2,4 milliard so‘m miqdorida soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lmagani ham fosh etildi”, deya yozgan bosh prokuratura habarnomasida Rahimovning bu shirkatlarga aloqadorligi aniq aytilmagandi.

O‘zbekiston biznes doiralariga yaqin manbaning aytishicha, “Prokuratura keltirgan xabarlardagi biznes tizilmalar O‘zbekistondagi biznesi tortib olinayotgan G‘afur Rahimovga daxldor".

Sportsmen¸ savdo vazirligi mulozimi va tadbirkor?

G‘afur Rahimov, Vaxtang Kikabidze va Salim Abduvaliev

G‘afur Rahimov, Vaxtang Kikabidze va Salim Abduvaliev

O‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi kriminal to‘dalar ichidagi nufuzini kuchaytirib kelayotgani aytiladigan G‘afur Rahimov Toshkent hukumati tomonidan mamlakat sporti¸ xususan, boksini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan yirik tadbirkor sifatida e’tirof etilib¸ shaxsan prezident Karimov tomonidan berilgan olqish va mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

Ayni paytda bundan 2002 yilgi Sidneydagi xalqaro Olimpiada o‘yinlarida Osiyo olimpiya qo‘mitasi rasmiysi sifatida qatnashishga borgan G‘afur Rahimovni Avstraliya xavfsizlik idoralari, "xalqaro narkobaron" degan shubha bilan, mamlakat hududiga kiritmagan va bu voqea xalqaro maydonda shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Shaxs huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Marat Zohidov Ozodlik bilan suhbatda G‘afur Rahimovni O‘zbekistonda ham Markaziy Osiyoda hech qanday g‘ayri-qonuniy ishlarga aralashmagan deb hisoblashini bildirdi.

Bundan oldin G‘afur Rahimovning AQSh Moliya vazirligi tomonidan xalqaro narkosindikatlardagi muhim shaxs sifatida qora ro‘yxatga kiritilishi yurisprudensiya nuqtai nazaridan uning jinoyati isbotlanganini anglatmaydi¸ degan edi Ozodlik bilan suhbatda nufuzli London Iqtisodiyot universitetining xalqaro huquq bo‘yicha professori Luiz Arimatsu.

"U yoki bu shaxsning AQSh banklaridagi aktivlari muzlatilar ekan¸ bu ma’muriy huquqqa oid va bu ishni jinoiy ishdan mutlaq farqlash lozim. Kimnidir terror tarmog‘iga aloqador yoki uyushgan jinoiy to‘daga a’zo¸ deyish bu bayonot - siyosiy bayonot. Agar AQShda G‘afur Rahimov yoki sanksiya qo‘llanilgan boshqa shaxslarning global miqyosda narkotiklar kontrabandasiga aloqador ekanini isbotlovchi jiddiy dalillar bo‘lsa¸ ular jinoiy ta’qibni ham boshlashi mumkin. Ammo bu butunlay boshqa jaraën va hozirgi bosqichda sanksiya kiritilgan shaxslar aybsizlik prezumpsiyasiga ko‘ra¸ gunohsiz hisoblanadi¸" degan edi g‘arblik huquqshunos.

Norasmiy manbalar prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan biznesdagi mavqeini saqlab qolish uchun raqobatga kirishganidan so‘ng G‘afur Rahimovning hukumat¸ xususan Islom Karimov marhamatidan mosuvo bo‘lgani va 2010 yilda O‘zbekistondan chiqib ketganini aytib kelishadi.

Ayni manbalar iddaosiga ko‘ra¸ O‘zbekiston prezidenti o‘limidan keyin Rahimov uchun qulay vaziyat yuzaga keldi.

Ozodlik Interpolning O‘zbekistondagi milliy byurosi bilan bog‘lanib G‘afur Rahimov ismining qidiruv ro‘yxatidan olib tashlanishiga oydinlik kiritishga urindi.

Ammo Interpolning O‘zbekistondagi milliy byurosiga oid telefon raqamlardan birortasi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG