Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:42

Shavkat Mirziyoev Jizzax viloyati hokimi va prokurorini ishdan oldi


O‘zbekiston bosh vaziri va vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 16 sentabr kuni Jizzaxga safari davomida ushbu viloyat hokimi Sayfiddin Ismoilovni lavozimidan olgan. Ismoilovning o‘rniga kim hokim etib tayinlangani hozircha ma’lum emas.

Mirziyoev Jizzaxga juma kuni vertolyotda uchib bordi. Muvaqqat prezidentning tashrifi munosabati bilan shaharda xavfsizlik choralari misli ko‘rilmagan darajada kuchaytirilgani, u yurishi mumkin bo‘lgan yo‘llar yopib qo‘yilgani aytilmoqda.

Shavkat Mirziyoev juma kuni Jizzax viloyati hokimligida selektor majlisi o‘tkazdi.

Majlisda viloyat rahbariyatidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq tashkiliy masalalar ko‘rildi.

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra, muvaqqat prezident viloyatni 2009 yildan beri boshqarib kelgan Sayfiddin Ismoilovni lavozimidan olgan.

Shuningdek, Mirziyoev Jizzaxga safar qilayotgan bir paytda Jizzax shahri hokimi Asror Qobilov ham o‘z vazifasidan ozod qilingan.

Qobilov o‘rniga avvalroq Toshkent shahar hokimi bo‘lib ishlagan Abduqahhor To‘xtaev shahar hokimi etib tayinlangan.

O‘zbekiston muvaqqat rahbarining tashrifi ortidan Jizzax viloyati prokurori ham o‘zgardi.

Shuhrat Akbarov lavozimidan olinib, o‘rniga Shoxmuhammad Muhammadjonov viloyat prokurori etib tayinlandi.

Sayfiddin Ismoilov va Shuxrat Akbarovlarning keyingi taqdiri haqida ma’lumot yo‘q.

Sayfiddin Ismoilov Jizzax viloyatiga hokim etib tayinlangunga qadar O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan.

Shuningdek, Mirziyoevning Jizzax viloyatiga safari ortidan viloyatdagi kamida oltita tuman hokimlari almashtirilgan.

Lekin Mirziyoevning Jizzaxga borgani va viloyat hokimini lavozimidan ozod etgani haqda rasmiy matbuotda hozirgacha xabar berilmadi.

Jizzax shahri yopib qo‘yildi

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Mirziyoevning safari munosabati bilan Jizzax shahrida xavfsizlik choralari nihoyatda kuchaytirilgan.

Shahar juma kuni ertalabdan kechki to‘rtgacha yopib qo‘yildi.

"Jizzax shahri respublikaning boshqa viloyat markazlaridan farqli jihati shuki, Toshkentdan mehmonlar kelgan vaqtda shahar yopilsa aholiga qiyin bo‘ladi. Chunki shaharda o‘zi ikkita asosiy yo‘l bor, ularni yopib qo‘yganidan keyin hamma narsa to‘xtab qoladi", - deydi jizzaxliklardan biri.

Muvaqqat prezident yurishi mumkin bo‘lgan yo‘llar atrofi tozalandi.

Bir kun avval Jizzaxdagi tashkilot xodimlari va kollej talabalari prezidentni kutib olish oldidan ommaviy tarzda majburiy hashar ishlariga jalb etilgandi.

"Jizzaxda har 20 metrda militsiya xodimlari. Viloyat hokimiyati ro‘parasidagi 9 qavatli turar joy bino va Drama teatri tomida snayperlar ertalab 11dan 16.00gacha o‘tirishdi", - deydi Ozodlik bilan suhbatda ismi sir qolishini istagan jizzaxlik.

Jizzaxlik jurnalist Ulug‘bek Ashur Mirziyoevning tashrifi kuni Jizzaxdagi xolat haqida Facebook sahifasida yozdi.

Faollar Shavkat Mirziyoevning bosh vazir sifatida avvalgi viloyatga safarlari chog‘ida bunday chora-tadbirlar amalga oshirilmaganini aytishadi.

"Uzunligi 70 kilometrdan ortiq Jizzaxdan Mirzacho‘l tumani markazi - Gagarin shahriga qadar bo‘lgan yulning ikki chetiga har 100 metrdan militsiya xodimlarini qo‘yishibdi," dedi jizzaxliklardan biri.

Ayni kunni o‘zida Shavkat Mirziyoev Jizzaxdan Toshkentga vertolyotda qaytgan.

Prezidentlikka nomzodi ilgari surilgan Mirziyoevning Jizzaxga tashrifi ilk saylovoldi tadbiri o‘laroq ko‘rilayotir.

Ayni paytda O‘zbekistondagi O‘zLiDeP partiyasi siyosiy kengashi a’zolari Shavkat Mirziyoev nomzodini prezidentlikka ilgari surdi.

Jizzaxlik huquq faoli O‘ktam Pardaev Ozodlik bilan suhbatda Shavkat Mirziyoevning muvaqqat prezident sifatida viloyatlarga safarini aynan Jizzaxdan boshlayotgani bejiz emasligini aytdi.

"Mirziyoev Jizzaxdan bo‘lganligi uchun ham, o‘zi Zomindan asli, Jizzaxga nisbatan boshqacha qaraydi. Tug‘ilib o‘sgan joyida endi. Shuning uchun safarini Jizzaxdan boshlayapti, prezidentlikka nomzod sifatida," deydi Pardaev.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 2 sentabr kuni 78 yoshida hayotdan ko‘z yumgan va ona shahri Samarqandda dafn etilgandi.

8 sentabrda O‘zbekiston Senati tomonidan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston konstitutsiyasining 96-moddasiga zid tarzda O‘zbekiston muvaqqat prezidenti etib tayinlangan edi.

O‘zbekiston prezident saylovi esa, joriy yilning 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

XS
SM
MD
LG