Линклар

Toshkent viloyatining Xumson qishloq fuqarolar yig‘ini Dala qishlog‘ida 40 oilaga qarashli uylar buzilmoqda. Mahalliy aholiga ko‘ra, tuman hokimi Ibrohim Hasanovning qarori bilan suv yoqasida qurilgan kafelarni olib tashlash bahonasida Chirchiq daryosidan 5 kilometr uzoqlikdagi turar joylar ham buzilmoqda. Hozirda “noqonuniy” deb e’lon qilingan va hech qanday kompensatsiya berilmaydigan hovlilardan 13tasi allaqachon sud qarori bilan yo‘q qilingani ma’lum.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Dala qishlog‘ida oldingi tuman hokimi qarori bilan ajratilgan 297,3 gektar yer maydoni tarkibida qurilgan uylar sud ijrochilari tomonidan buzilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan O‘zbekiston Inson huquqlari Mustaqil tashkiloti a’zosi Hamroqul Asqarning aytishicha, tuman hokimi Ibrohim Hasanov "yuqoridan tushgan buyruq" asosida "Chirchiq daryosini ifloslantirayotgani" vaji bilan bir qancha kafelarga qo‘shib mahalliy aholi hovlilariga ham traktor solgan.

"Davlat dasturiga kirgan, rejalarda ham bor bo‘lgan uylar ketma-ket buzilayapti. Bugun oldim – bu yerlar dalaliklarga O‘zbekiston davlat qurilish-arxitektura qurilishi O‘zbekiston SSRning mahalliy soveti 1988 yilgi qaroriga asosan berilgan. Ularda huquqi bo‘lgan yer bo‘lib berishga! Hokimiyatdagilar esa bularni inobatga olmasdan, bu uylar noqonuniy qurilgan deb hisoblayapti. Lekin gapi noto‘g‘ri, chunki 2006 yilda Mustaqillik vaqtida e’lon qilingan xuddi shunday qarordan keyin mahallalar huquqi yo‘qolgan. Qaror 2006 yilda chiqarilgani uchun buzish to‘g‘risidagi qaror bekor bo‘lishi kerak," dedi Hamroqul Asqar.

Huquq himoyachisi Dala qishlog‘idagi uylar buzilishi tashabbuskori bo‘lgan Bo‘stonliq tuman hokimi Ibrohim Hasanov bilan uchrashib, “Ishingiz bo‘lmasin – bu yerlar o‘zboshimchalik bilan olingan,” deya javob olganini aytdi.

Hamroqul Asqar bu yerlar narxlari keskin oshib ketgani bois, ularni noqonuniy yo‘llar bilan egallab olishga intilishlar bo‘layotganini taxmin qildi.

Hozirga kelib Xumson qishloq fuqorolar yig‘ini erlarida 14 uy buzilgani, qolgan uylar buzilishi sud qarori asosida ketayotgani ma’lum bo‘ldi.

Hamroqul Asqar hukumat uyi buzib tashlanayotgan vatandoshlarga kompensatsiya berish tugul buzilgan uy qoldiqlarini olib chiqish ham jabrlanganlar bo‘yniga qo‘yilganini aytdi.

"Uyi buzilganlarga kompensatsiya berilgani yo‘q. Uyi traktor orqali buzilgani uchun va keraksiz axlatlar olib chiqishga har biriga 1 mln 600 mingdan jarima solingan," deya qo‘shimcha qildi huquq faoli.

Ayni paytda, Hamroqul Asqar sud “Haydar” fermer xo‘jaligining 2,1 gektar yeriga o‘zboshimchalik bilan qurilganini “inobatga” olib, uylarni buzishga ruxsat berganini gapirmoqda.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjatlardan “Respublika Yer resurslari Davlat qo‘mitasining “O‘ZDAVLOYIHA” instituti tomonidan aniqlangan “Xumson” shirkat xo‘jaligi tarkibidagi Xumson, Chinor, Qapal va Dala aholi punktlari aholisining tabiiy o‘sishi o‘rtacha 10 yilga 1200 daraja, 7427 nafar aholidan 4460 nafari ishlab chiqarish bilan bandligi inobatga olinib ushbu hudud aholisi uchun posyolkalar qurilishi loyihaviy chegarasi 292 gektar belgilanib, ushbu posyolkalarni qurishga ajratilgan suvli yerlar alohida ahamiyatga qiymatga ega yerlar turkumiga kirmaydi”, deb alohida qayd etilganini ko‘rish mumkin.

Huquq faolining guvohlik berishicha, 22 avgust kuni Bo‘stonliq tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Elmurod Po‘latov boshchiligida tuman IIB boshlig‘i 40 nafar xodimi, 20 nafar sud ijrochisi, bir nafar go‘rkov, ikkita bulьdozer, ikkita “gidromolotok”li buldozer, 5 ta “Kamaz”, ikkita “MAN” rusumli yuk mashinalari bilan kelishib, Dala qishlog‘idagi 5 nafar vatandosh oilasiga qarashli 7-8 yildan buyon yashab kelgan bitgan va chala bitgan xonadonlarni maydalab tekislab ketishgan.

Bo‘stonliq tuman hokimligiga Xumson qishloq yig‘inidagi vaziyatga oid qilgan murojaati hozircha javobsiz qoldi.

Tahririyat "jabrlanuvchi” deb topilgan “Haydar” fermerlik xo‘jaligi raisi Haybat Hayitboev bilan telefonlashdi va undan “bu yerlarni tuman hokimi mendan olib, Burchmullo o‘rmon xo‘jaligiga bergan, sudda qatnashmaganman”, degan javobni oldi:

"Meni ularga da’vom yo‘q. 2015 yilning may oyida er "Bioximiya" institutiga berilgan mendan olindi. Mendan majburiy olib qo‘yishdi – ixtiyoriy topshirganim yo‘q. O‘zi u yerda 30 gektar yer bor. Hujjatlarni ko‘rgan bo‘lsangiz, maktab eriga qurilgan bu uylar, hujjat qilib berganmi, bilmadim. Lekin tekshirishda yer chiqmagan," dedi fermer Haybat Hayitboev.

Uyi buzilganlar yuqori idoralarga shikoyat bilan murojaat qilgani aytildi.

Ayni kunlarda sud ijrochilari tomonidan turar – joylarini o‘z hisoblaridan buzib tashlash to‘g‘risida ogohlantirilgan Aminova Zulfiya, Saodat Teshaboeva, Aliev Akrom, Mavluda Alievalar har kuni xavotirda yashayotganini bildirdi.

Ozodlik birinchilar qatorida uyi buzilgan vatandosh Risqijon Madaminovaning quyidagi videomurojaatini oldi:

Ozodlik uyi buzilishi bo‘yicha sud qarorini kutayotgan mahalliylardan biri bilan suhbatda bo‘ldi.

U ayni paytda uyi buzilayotgan o‘zbekistonliklardan birining yuragi yomon bo‘lib qolganini aytdi:

"Hozir bittasining to‘rtta katta uyini buzishayapti – bechora, yuragi yomon bo‘lib yotib qoldi. Undan keyin mening qizimnikiga etib keladi. Sud qarori chiqmadi hali. Bu yerda 1 mingta aholi bo‘lsa shundan 20tasida kadastri borda. Kadarstga borsa – qilmaydi: u deydi, pul deydi... 1-2 million berganlarnikini ham qilmaydi. Oldin uyni quringlar, keyin kadastr qilamiz, degandi. Uy qursak, mana bunday buzib tashlashayapti. Kimga murojaat qilishni ham bilmay qoldik," dedi suhbatdosh.

Hozirda Xumson qishloq fuqarolar yig‘ini Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining raisi o‘rinbosari A.Tadjievning 2016 yil 28 avgustda № 5345/50-02 – sonli kuzatuv xati bilan mazkur muammoni voqea joyida mutaxassislar ishtirokida xolis o‘rganish to‘g‘risidagi mutasaddi tashkilotlarga yuborgach, tuzilgan tezkor komissiya voqea joyiga chiqib o‘rgangan.

Huquq himoyachisi Ismoil Adilov iddaosicha, Dala qo‘rg‘onchasi tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan xaritasida mavjudligi tasdiqlangan bo‘lsada, ushbu qo‘mitaning shaharsozlik boshqarmasi mulozimlari o‘z xulosasini bermasdan ishni paysalga solib kelmoqda.

Ozodlik Dala qishlog‘idagi vaziyatni kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG