Линклар

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev marhum prezident Islom Karimovni o‘z otasiga tenglashtirdi.

"Bu odam menga otam kabi juda katta tarbiya qilgan," dedi Shavkat Mirziyoev 17 sentabrda Jizzax shahar kengashidagi chiqishida marhum prezidentni eslarkan.

Shavkat Mirziyoev marhum prezident haqida gapirarkan uni “o‘zbek millatining g‘ururi va iftixori,” deb atadi.

"Islom Abdug‘anievich iftixorimiz. Men bu inson bilan 27 yil yelkadosh bo‘lganman. Qancha-qancha og‘ir kunlarni birga o‘tkazganmiz," dedi vaqtinchalik prezident vazifasini bajaruvchi.

U majlis ishtirokchilarini "halol bo‘lib xalqqa xizmat" qilishga chaqirdi.

"Muhtaram prezidentimiz juda ko‘p tizim yaratib bergan. Shuni odamlarga to‘g‘ri yetkazib, adolatli bo‘lib, halol bo‘lib xalqqa xizmat qilsak, hech qachon kam bo‘lmaymiz, - dedi Shavkat Mirziyoev. - Xudo menga umr bersa, farzand otaga qanday xizmat qilsa, ana shunday butun borlig‘im bilan xizmat qilaman".

Ayni majlisda Shavkat Mirziyoev Jizzax shahri va viloyatdagi kamida yettita tuman hokimini ishdan bo‘shatdi.

U bu amalini quyidagicha izohladi:

"Bugun hamma qilingan ishlar Jizzaxning ertangi kuni uchun qilindi. Odamlar rozi bo‘lishi uchun ishni joy bilan, investitsiya bilan, oylik bilan natija bo‘ladi. Xudo xohlasa, yo‘limiz nurafshon," dedi Shavkat Mirziyoev.

O‘zbekistonni chorak asrdan ko‘proq idora qilgan Islom Karimov 78 yoshida miyasiga qon quyilishi oqibatida 2 sentabrda vafot etdi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 8 sentabrь kuni o‘tkazilgan qo‘shma yig‘ilishida mamlakat prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajarish bosh vazir Shavkat Mirziëevga topshirildi.

Markaziy Saylov Komissiyasi O‘zbekistonda prezident saylovi 4 dekabrda bo‘lib o‘tishini e’lon qilgan.

16 sentabr kuni O‘zbekistondagi O‘zLiDep partiyasi prezident sayloviga nomzod sifatida 59 yoshli Shavkat Mirziyoevning nomzodini ilgari surdi.

XS
SM
MD
LG