Линклар

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) O‘zbekistondagi prezident sayloviga o‘z kuzatuvchilarini yuborishdan oldin bu mamlakatdagi saylovoldi muhitini o‘rganib chiqadi.

Bu haqda Ozodlikka DIIHB so‘zchisi Tomas Raymer ma’lum qildi.

Tomas Raymerning aytishicha, byuro O‘zbekiston taklifnomasini bugun olgan va hozirda saylovoldi muhitini o‘rganish uchun O‘zbekistonga baholovchilarning kichik guruhini yuborish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Ushbu guruh, Tomas Raymerga ko‘ra, dastlab Toshkentga safar qilib, O‘zbekiston hukumati rasmiylari, Markaziy saylov komissiyasi, mamlakatdagi siyosiy partiyalar rahbarlari bilan muloqotlar o‘tkazadi.

Ushbu guruh xulosalari asosida DIIHB O‘zbekistondagi prezident sayloviga kuzatuvchilar guruhini yuborish yoki yubormaslik borasida yakuniy qaror qabul qiladi.

18 sentabrda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda boshqa bir qator xalqaro tashkilotlarga O‘zbekistondagi prezident sayloviga o‘z kuzatuvchilarini yuborishni so‘rab, taklifnomalar yubordi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining ta’kidlashicha, “xalqaro va xorijiy kuzatuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi butun saylov jarayonining oshkoraligi va ochiqligi tamoyillari mustahkamlanishiga, umumiylik, tenglik, erkinlik va yashirin ovoz berish kabi demokratik saylovlarning tamoyillariga rioya etilishiga xizmat qiladi”.

2015 yil bahorida O‘zbekiston prezidenti sayloviga kuzatuvchilarni emas, cheklangan baholovchilarini yuborgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti o‘z bayonotida "saylovda haqiqiy muxolifat mavjud bo‘lmagan holatda siyosiy sahnada joriy rahbar siymosi ustuvorlik qilgan"ini ta’kidlagan, saylov “qonun ustuvorligiga” zid ravishda o‘tkazilgani to‘g‘risida xulosa qilgan edi.

XS
SM
MD
LG