Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 03:30

O‘zbekistonda "paxta dedovshchinasi" bo‘y ko‘rsatmoqda


Navoiy davlat konchilik institutining paxta terimiga chiqarilgan birinchi bocqich talabalari “dedovshchina”dan shikoyat qildi. Birinchi kurs talabalarining Ozodlikka xabar qilishicha, katta kursda o‘qiyotgan talabalar ular ustidan zo‘ravonlik qilmoqda.

Kimyo-metallurgiya fakulteti paxta shtabi boshlig‘i talabalar shikoyatini eshitmayoq rad etishga shoshildi va traktor shovqinini bahona qilib, aloqani uzib qo‘ydi.

Navoiy davlat konchilik instituti Kimyo-metallurgiya fakulteti birinchi bosqich talabalarining shikoyati Ozodlikka ijtimoiy tarmoqlar orqali yetib keldi.

Talabalardan biri, o‘zini Yodgor, deb tanishtirgan yigit vaziyatni bunday ta’riflab berdi:

- Biz 16 sentabr kuni paxtaga chiqarildik. Birinchi kunidan “dedovshchina” boshlandi. Kunduzi hammasi joyida edi – kechasi boshlanayapti. Katta kurs bolalari – 2-, 3-, 4- kurs va magistratura bolalari ichishdi. Oqshom kirib, hamma birinchi kurslarni “Bir qatordan tur!”, deb armiyadagidek turg‘izayapti. Maqsadi – bizning norma 40 kilo, ular “80 kilo terasan”, deyapti. “Nimaga?” desak, “Uchinchi-to‘rtinchi kurslar dam olishi kerak, chunki o‘tgan yili biz ham xuddi shunday qilganmiz. Bunday an’ana 20 yildan beri bor!”, deyapti, dedi Yodgor.

Suhbatdoshning bildirishicha, yuqori kurs talabalari birinchi kurslardan bu zo‘ravonlik borasida o‘qituvchilarga xabar bermaslik, aks holda ular “kozyol” va “sotqin” degan nomni olishi mumkinligi bilan tahdid qilgan.

Yodgor katta kurs talabalari o‘z kuchini ko‘rsatish maqsadida birinchi kurs bolalarini beayov do‘pposlaganini gapirib berdi.

- Dabdalasini chiqarib tashladi bolalarni: yotqizib qo‘yib tepyapti. Svet o‘chgan, bitta bolani to‘rtta-beshta bo‘lib uryapti. Boshga-ko‘zga urmaydi - tanasini ko‘kartirib qo‘ymaslik uchun ko‘rpaga o‘rab tepayati! Ular bir marotaba qo‘rqitib, ko‘niktirib oldi o‘ziga. Bolalarni oshqozon-buyragini to‘kib qo‘yyapti, ko‘pchilikni ichi og‘rib qoldi. Undan keyin “Magazinga borasan, yeyish-ichish tashkillashtirasan. Bizlar kechasi dam olishimiz, maishat qilishimiz kerak!”, deyapti. Har kuni kechqurun shu ahvol. Bolalarni ko‘pi shok holatiga tushib qolgan – qarshilik ko‘rsata olmaydi, deydi birinchi kurs talabasi.

U qattiq kaltaklangan Eldor ismli birinchi kurs tolibi jarohat olib, shifoxonaga ketgan bo‘lishi mumkinligini ham taxmin qildi.

Suhbat so‘nggida Yodgor bunday vaziyat yaxshilik bilan tugamasligini bildirdi.

Ozodlikning aniqlashicha, Kimyo-metallurgiya fakultetiga 2016 yilda qabul qilingan “A” va “V” guruh birinchi bosqich talabalari soni 48 kishini tashkil etadi. Katta kurs talabalari zo‘ravonligiga bardosh bera olmagan bu yigitlarning ko‘pi turli bahonalar bilan uyga javob olishga urinayotgani yoki qochib ketayotgani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlaridan birida o‘qituvchilik qilayotgan Ozodlik manbasi “dedovshchina”sabablariga izoh berar ekan, bu illat negizini bilim yurtlaridagi munosabatlarda izlash kerakligini tavsiya qildi.

Paxta terimiga jalb qilingan o‘qituvchilarning aksari talabalar boshqaruvini jismonan baquvvat, katta kursda o‘qiyotgan yoki harbiy xizmat o‘tab kelgan katta yoshdagi yigitlarga topshiradi.Boshqaruv deganda bu yigitlarga paxta termaslik, talabalarni paxta terdirish va normani bajartirish,qolgan talabalarga nisbatan durustroq sharoitlarda yashash va, ayrim hollarda,terilgan paxta uchun pullarni tarqatish “imtiyozlari” beriladi. O‘qituvchilarning ko‘pi yuqori kurslarning endi o‘qishga kirgan yigitlar ustidan qilayotgan zo‘ravonligini ko‘rib-bilib turadi, ammo ko‘rmaganga oladi. Chunki urib-sindirib bo‘lsa ham eng asosiysi – plan bajarilishi kerak”, dedi ancha yildan buyon talabalarni paxtaga olib chiqqanini gapirgan domla.

Shtab boshlig‘i birinchi kurs talabalari da’volarini tan olmadi

Fakultetning Navoiy viloyat, Navbahor tumani Ijant mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan paxta shtabidagilar birinchi kurs talabalarining shikoyati mazmuni bilan tanishini ham istamadi.

Fakultet paxta shtabi boshlig‘i Husniddin G‘ofurov Ozodlik savoliga javoban, shosha-pisha, talabalari shikoyatini “yolg‘on”, deb atadi:

- Hammasi yolg‘on bu gaplar. Hech unaqa bo‘lgani yo‘q. Hammasi joyida, ichki ishlar xodimimiz shu yerda. O‘zimiz kechqurun uxlamaymiz, hammasi uxlab yotganida tepasida turamiz. Svet umuman yoqilmaydi. Yolg‘on gap hammasi. Kechirasiz, bu yerda traktorlar ovozlari bo‘lib, gaplaringiz yaxshi eshitilmayapti, deya telefonini o‘chirdi fakultet paxta shtabi boshlig‘i Husniddin G‘ofurov.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, ayni paytda Navoiy davlat konchilik instituti rektori Quvondiq Sanaqulov boshqarib kelayotgan o‘quv yurti talabalari hozirda Navoiy viloyatining turli tumanlarida paxta terimiga jalb qilingan.

Talabalar – paxta qurboni

Har yili paxta terimiga jalb etilgan talabalar orasida o‘nlab qurbonlar qayd etiladi.

2013 yilning 16 sentabrida Qarshi Davlat universiteti Tarix fakulteti Milliy g‘oya yo‘nalishi 2- kurs talabasi shu fakultet 4- kurs talabalaridan 4 nafarini Nishon tumanidagi paxta dalasida pichoqlab qo‘ygani, pichoqlanganlardan biri voqea joyida halok bo‘lgani;

2014 yilning 2 oktabrida Guliston Davlat universiteti 2- kurs talabasi Shamsiddin Bobosaidov paxtada yuqori kurs talabalari tomonidan urib o‘ldirilgani;

2014 yilning 28 sentabrida Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida paxta terimiga safarbar etilgan Taxiatosh kasb-hunar politexnika kollejining uchinchi kurs o‘quvchisi, 18 yoshli Majid O‘teganov o‘zini osgani to‘risida Ozodlik oldin xabar bergan edi.

Mahalliy va xalqaro inson huquqlari himoyachilari yillardan buyon O‘zbekiston hukumatini o‘quvchi va talaba yoshlarni qishloq xo‘jalik ishlariga majburiy jalb etishni to‘xtatishni talab qilib keladi.

Dedovshchina - Sovet Armiyasida paydo bo‘lib, keng tarqalgan va postsovet mamlakatlariga, xususan O‘zbekistonga ham ko‘chgan ijtimoiy illatdir. Armiyaga avval chaqirilgan va demobilizatsiya bo‘lishini kutayotgan askarlar o‘zlarini "dedlar" ("qariyalar") bilib, o‘zlaridan keyin chaqirilgan yangi askarlar - "salagalar" ustidan zo‘ravonlik qilar, tahqirlar, ularga og‘ir ishlarni buyurar edi.

XS
SM
MD
LG