Линклар

O‘zbekiston muvaqqat prezidenti va Bosh vazir Shavkat Mirziyoev Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shomansur Ahmedov va ushbu tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Saidakbar Po‘latovni ishdan bo‘shatdi. Shuningdek, Mirziyoev mazkur tuman prokurori Timur Normuhammedov bilan tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbari Abdurauf Karimovga jiddiy ogohlantirish berdi.

Muvaqqat prezident Mirziyoev bu haqdagi qarorini 18 sentabr kuni Yunusobod tumani hokimligida Toshkent shahri va tumanlari mutasaddilari bilan o‘tkazilgan yig‘ilish payti e’lon qilgan.

Toshkent shahar hokimligi saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shomansur Ahmedov va Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Saidakbar Po‘latov ​“Ish faoliyatida muntazam qoloqlik va jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun" lavozimidan olingan.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston prezidenti vakolatlarini vaqtincha qo‘lga olganidan bir hafta o‘tar-o‘tmas o‘z komandasini tuza boshladi.

13-14 sentabr kunlari Mirziyoev ikki o‘rinbosarini "yangiladi"¸ bir vazirni almashtirdi¸ Bosh prokurorga yangi o‘rinbosar tayinladi.

Shuningdek, Mirziyoev Ichki ishlar vazirining muovinlari hamda ayrim viloyatlarning ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarini ishdan olib, o‘rniga boshqa odamlarni tayinladi.

Butun mamlakat bo‘ylab vertolyotda aylanayotgan Mirziyoev borgan joyida albatta mulozimlarni ishdan olish va ularga jiddiy ogohlantirish berish bilan shug‘ullanayapti.

XS
SM
MD
LG