Линклар

Davlat idoralari boshliq va xodimlari ish soatini Mirziyoevga moslamoqda


Shavkat Mirziyoevning Islom Karimovni tuproqqa qo‘yish ma’rakalarida ham tunu-kun tinim bilmay¸ bosh-qosh bo‘lgani kuzatildi.

Shavkat Mirziyoevning Islom Karimovni tuproqqa qo‘yish ma’rakalarida ham tunu-kun tinim bilmay¸ bosh-qosh bo‘lgani kuzatildi.

Ozodlik manbalarining bildirishicha¸ Bosh vazir va muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev davlat tizimlari rahbarlaridan “oldingiga qaraganda kamida ikki baravar ko‘proq ishlash”ni talab qilgani ortidan bu idoralardagi ish soati og‘zaki buyruq bilan 9 dan 9 gacha qilib belgilangan.

8 soatlik ish kuni bitta do‘q bilan 12 soatga aylandi

Ish soatining qonunga xilof ravishda 12 soatga uzaytirilgani haqida Ozodlikka O‘zbekiston adliya tizimida ishlovchi mulozim xabar qildi.

“Yaqinda Mirziyoev majlis o‘tkazib¸ “hozir ishlash vaqti¸ oldingidan ko‘ra kamida ikki marta ko‘proq ishlaysanlar”¸ depti. Shunga boshliqlar kelib bizga “9 dan kelib¸ 9 dan keyin ketasanlar¸ Mirziyoev qattiq ishlaysanlar desa¸ endi qattiq ishlaymiz” dedi. 9 gacha hech kim uyiga ketolmaydi¸ bir-birimizga qarab¸ o‘zimizning ustimizdan o‘zimiz kulib o‘tiribmiz”¸ deb yozdi xavfsizlik xavotirlari bois o‘z shaxsi va lavozimi ochiqlanmasligini so‘ragan Ozodlik manbasi.

"Miya dam olishga ulgurmay¸ yana ishga qaytayapmiz"

Ozodlik bilan suhbatda yuqori darajali hukumat mulozimlaridan yana biri O‘zbekiston Mehnat Kodeksining ochiqchasiga buzilayotgani¸ o‘z tizimida bo‘lim boshliqlaridan tortib¸ yuqori lavozimli xodimlarning hammasi og‘zaki buyruq asosida kuniga 12 soatdan ishlayotganini tasdiqladi.

"Bu oddiy xodimlarga emas¸ ko‘proq boshliq va katta boshliqlarga tegishli. Hamma ish joyida kami 9 gacha o‘tirishi kerak. Hisobot¸ yoki alohida topshiriq berilsa¸ shanba-yakshanba ham chiqib ishlashi kerak. Adashmasam¸ Mehnat Kodeksida kunlik 8 soatdan ortiq ishlaganda ortiqcha haq to‘lash haqida gap bor. Lekin bizga birov bu haqda g‘ing degani yo‘q. Bularni dam olmasdan kuniga 12 soatlab ishlaydigan odamlarning mehnati qanday samara berishi mutlaq qiziqtirmayapti. Umuman dam olmasdan ishlayapmiz¸ miya dam olishga ulgurmayapti. Ish sifati ham shunga yarasha"¸ deydi ismi va xizmat joyi ochiqlanmasligini so‘ragan yana bir Ozodlik manbasi.

Ozodlik muxbiri poytaxt Toshkent va viloyatlardagi bir qator davlat idoralariga qo‘ng‘iroq qilib¸ ish vaqtining norsamiy uzaytirilgani ularning mijozlar bilan ishlash tartibida aks etish-etmasligini aniqlashga urindi.

Muxbirning bu savolidan sergak tortgan mulozimlar¸ ish soatining rasman 9 dan kechki soat 6 gacha ekani va mijozlar bilan ishlash soatlarida hech qanday o‘zgarish yo‘qligini aytish bilan cheklandilar.

"Kuchishlatar tizimlarida 8 soatlik ish kuni asli bo‘lmagan"

Ayni paytda¸ Ozodlikning huquq tizimlaridagi manbalari¸ militsiya¸ prokuratura va MXX tizimida 9 dan 6 gacha¸ degan ish tartibi aslidan bo‘lmaganini aytadilar.

“Ko‘pchilik kerak bo‘lsa¸ tungi 12 gacha qoladi¸ yoki shanba-yakshanba degan narsalar yo‘q hisobi. Boshliq istagan mahal ishga chaqiradi. Oldinlari¸ hali Karimov baquvvat paytlarda¸ hamma Islom Karimovning Oqsaroydan ketishini kutardi. Shungacha hamma vazir va boshqa boshliqlar kabinetida kutib o‘tirardi “qachon prezident Do‘rmonga ketarkin”¸ deb. Endi Mirziyoevning ketishini kutishadi. Lekin bunisi hali yosh¸ g‘ayratlik. Yarim kechagacha ishlaydi¸ deyishadi. Bu degani¸ vazir va boshqa rahbarlar ham kabinetiga mixlanib o‘tiradi bu yog‘iga. Pastdagilar esa¸ boshliq ketmaguncha¸ ketishga qo‘rqadi”¸ deydi Ozodlikning huquq tizimlaridagi manbalaridan biri.

"Mirziyoev 4 soat uxlab¸ 20 soat ishlaydigan rahbar"

Shavkat Mirziyoevning ishga mukkasidan ketgan rahbarligi haqida uzoq yillardan beri Mirziyoevning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan Moliya vaziri Rustam Azimov ham¸ Konstitutsiyaning 96-moddasiga zid ravishda Bosh vazirning muvaqqat prezidentlikni qo‘lga olishini quvvatlar ekan¸ alohida ta’kidlagan edi:

- Shavkat Miromonovichning uchinchi fazilati¸ ishchanligi. Man hukumat a’zosi sifatida aytishim mumkin¸ kechasi soat 2 dan ham telefon qiladilar topshiriqlar berib. Ertalab biz ishga kelganda savollar bo‘ladi¸ “ulab beringlar” deb so‘raganimizda¸ “yo‘q” deydi - soat ertalabki 6 dan uje selektor o‘tkazayapti. Ikkida kechasi topshirib¸ ertalab 6 dan uje qishloq xo‘jalik yoki boshqa masalalar bo‘yicha selektor o‘tkazadilar. Bunaqangi ishchanlikni manimcha kamdan-kam¸ nafaqat bizning davlatimiz¸ balki dunyoda ham ko‘rish mumkin¸ dedi Rustam Azimov.

Rozilik va haq to‘lamasdan 40 soatdan ortiq ishlatishni qonun taqiqlaydi

Ushbu xabarni o‘rganish davomida Ozodlik O‘zbekiston rasmiy saytlarida chop etilgan quyidagi huquqiy izohga duch keldi.

Unda yozilishicha:

"O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 114-moddasiga asosan, xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq o‘z mehnat vazifalarini bajarishi lozim bo‘lgan vaqt ish vaqti hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining 115-moddasiga asosan, xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim.

O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining 124-moddasiga asosan, xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatidan tashqari ishlash ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi.

Ish vaqtidan tashqari ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi. To‘lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, - ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.

Bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin. Xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda otgul berilishi ham mumkin. Bayram yoki dam olish kunidagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanadi (Mehnat Kodeksining 157-moddasi).

XS
SM
MD
LG