Линклар

logo-print

19 sentabr kuni, Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) Xarkov viloyatida josuslikda gumon qilib, O‘zbekiston vatandoshini qo‘lga oldi. Davlat Chegara xizmati o‘zbekistonlik “Pletenyovka” nazorat punkti borasida maxfiy texnika yordamida ma’lumot yig‘ishga Rossiya tomonidan jo‘natilganini iddao qilmoqda. O‘zbek muhojiri yashash muddatini buzgani uchun Rossiya migratsiya idorasi tomonidan ushlangani ma’lum bo‘ldi.

Joriy yilning 19 sentabrida Ukraina-Rossiya chegarasida ko‘ylak tugmasiga ayg‘oqchilik kamerasini o‘rnatib, ma’lumot yiqqanlikda gumonlangan 1991 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik qo‘lga olindi.

Ukraina Davlat chegara xizmatida Ozodlik so‘roviga o‘zbekistonlik yigit Xarьkov viloyatining “Pletenyovka” nazorat maskanida josuslik texnikasi bilan qo‘lga tushirilganini tasdiqlashdi.

Tugmaga o‘rnatilgan videokamera

Tugmaga o‘rnatilgan videokamera

​Ukraina Davlat chegara xizmati ma’muriyati rasmiysi Andrey Demchenko Ozodlikka O‘zbekiston vatandoshi xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tunda chegarani Rossiyadan Ukrainaga nazorat punkti orqali kesib o‘tayotganida hibsga olinganini bildirdi:

- U 19 sentabr kuni ushlandi, O‘zbekiston vatandoshi ekan. U Ukraina Xavfsizlik xizmati xodimlariga topshirildi va tafsilotlar ular tomonidan hozir o‘rganilmoqda. Chegarachilar uni ko‘zdan kechirayotgan paytda tugmasidan ayblanuvchining cho‘ntagida joylashgan maxfiy kameraga sim tortilganini ko‘rib qolgan. Boshqa cho‘ntagida ovoz yozish uskunasi ham aniqlandi,- dedi Andrey Demchenko.

Ukraina maxfiy xizmati Youtube portalida e’lon qilgan videoda qorachadan kelgan yigitning cho‘ntaklaridan turli video va audiomoslamalardan tashqari, o‘zbek pasporti ham chiqarganini ko‘rish mumkin.

(Video SBU matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi)

Ukraina Davlat chegara xizmati boshlig‘i muovini Oleg Slobodyan ushlangan 25 yashar o‘zbek muhojiri birinchi so‘roq vaqtidayoq Rossiya tomonidan jo‘natilganini aytib berganini o‘zining Feysbuk sahifasida ochiqladi:

Dastlabki so‘roq paytida xorijlik video va audio moslamalar unga Rossiya migratsiya xizmati xodimlari tomonidan berilganini tasdiqladi. U Rossiya Federatsiya hududida qaydga turish muddatini o‘tkazib yuborgani uchun ushlangani ma’lum qilindi”, deb yozdi Oleg Slobodyan.

Qo‘lga olingan shaxs Rossiya migratsiya xizmatida unga go‘yo kirdi-chiqdi uchun Ukraina chegarasiga borib, josuslik maqsadlarida video va audioyozuvlarni olib borish buyurilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning evaziga migratsiya idorasi uning qonunbuzarligiga “ko‘z yumishga” va’dalar bergan.

Tugmadan tortilgan sim chegarachilar e’tiborini o‘ziga tortgan

Tugmadan tortilgan sim chegarachilar e’tiborini o‘ziga tortgan

​Ukraina Davlat chegara xizmati vakili Andrey Demchenko o‘zbek muhojirining Ukrainaga o‘tish sabablari va aynan qaysi ob’ektlar u tomonidan videoga olinishi zarurligi hozirda tartib posbonlari tomonidan o‘rganilmoqda, dedi.

Josuslikda gumonlanayotgan o‘zbekistonlik yigit Ukraina Xavfsizlik xizmati xodimlariga topshirilgani aytildi.

Ukraina Chegara xizmati vakili Oleg Slobodyan “chetdan odamlarni ayg‘oqchilikka yuborish” Rossiya fsbchilarining odatiy ish uslubi ekanini ta’kidladi.

SBU musodara qilgan josuslik videokamerasi

SBU musodara qilgan josuslik videokamerasi

“Pletenyovkada” ushlangan o‘zbekistonlik Rossiya-Ukraina mojarosining birinchi qurboni emasligini qo‘shimcha qilish joiz.

2016 yilning 16 avgustida Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) Donbassdagi Shirokino qishlog‘i atrofida ukrain askarlarini o‘qqa tutganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston vatandoshini hibsga olgan edi. 1996 yilda tug‘ilgan toshkentlik Aleksandr Brikin Donbass ayirmachilari tarafida jangovar harakatlarga pul ishlash maqsadida qo‘shilganini bildirgan.

Ozodlik Ukraina sharqidagi mojaroda ham rossiyaparast Lugansk va Donetsk respublikalari, ham Ukraina muntazam qo‘shinlari safida jang qilayotgan turli millat vakillari, jumladan o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar to‘g‘risida so‘zlagan edi.

XS
SM
MD
LG