Линклар

O‘zbekiston rekord natijalarga erishgan paralimpiyachilarni tantanali kutib oldi


Paralimpiya chempioni O‘tkirjon Nigmatov (chapdan ikkinchi) Rio de Janeyroda medal olgan qo‘shni davlat sportchilari bilan.

Paralimpiya chempioni O‘tkirjon Nigmatov (chapdan ikkinchi) Rio de Janeyroda medal olgan qo‘shni davlat sportchilari bilan.

Bugun, 21 sentabr kuni erta tongda Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida o‘tgan paralimpiya o‘yinlarida 176 davlat orasida 16 -o‘ringa egalik qilib, rekord natijalarga erishgan O‘zbekiston terma jamoasi Toshkent aeroportida karnay-surnaylar bilan tantanali kutib olindi. O‘zbek sportchilarini kutib olish marosimida O‘zbekiston hukumati vakillari, Olimpiya qo‘mitasi rasmiylari, sportchilarning yaqinlari va ishqibozlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston sportchilari 6 ta jahon rekordi o‘rnatdi

O‘zbekistonning 32 kishidan iborat terma jamoasi Braziliyadagi Rio de Janeyro shahrida 7 sentabrdan 18 sentabrgacha o‘tgan paralimpiya o‘yinlarida 31 medalni qo‘lga kiritdi. Qo‘lga kiritilgan 31 medalning 8tasi oltin, 6 tasi kumush va 17tasi bronzadir.

Paralimpiya o‘yinlarida 176 mamlakatdan 4000 dan ziyod paralimpiyachi 23 sport turi bo‘yicha sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bordi. Bu mamlakatlardan 82tasigina paralimpiya medallarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Mana shu mamlakatlar orasida O‘zbekiston umumjamoa hisobida 16-o‘rinni, medallar soni bo‘yicha 12-o‘rinni egalladi.

Eslatib o‘tish joizki, 2012 yilda Londonda o‘tgan paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekistondan 10 sportchi ishitrok etib, 166 davlat orasida 71 o‘rinni egallagan edi.

Rio paralimiya o‘yinlarida yengil atletika, suzish, dzyudo, o‘q otish va og‘ir atletika bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etgan o‘zbek paralimpiyachilari musobaqlarda 6ta jahon, 7 ta paralimpiya va 12ta Osiyo rekordini o‘rnatdi.

Pralimpiyachilar medallarini "Islom Karimov xotirasiga bag‘ishladi"

O‘zbekiston paralimpiya jamoasiga birinchi oltin medalni olib kelgan dzyudochi Sherzod Namozov o‘zbek matbuotiga bergan intervyusida o‘z g‘alabasini marhum prezident Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlaganini aytgan edi.

-Men mana shu oltin medalimni birinchi prezidentimiz Islom Abdug‘anievich Karimovning ruhlariga bag‘ishlayman. Kelgusida ham, Xudo xohlasa, mana shunday medallarni ko‘p olamiz, deb niyat qilaman, -degan edi Sherzod Namozov 9 sentabr kuni bergan intervyusida.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Rio de Janeyroda bo‘lib o‘tgan XV yozgi paralimpiya o‘yinlari sovrindorlarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Farmonda aytilishicha, oltin medalga 200 ming dollar, kumush medalga 100 ming dollar, bronza medalga 75 ming dollar pul mukofoti beriladi.

“Pul mukofotlarini to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan xorijiy valyutada – AQSh dollarida, bankda jismoniy shaxslar uchun belgilangan tartibda ochiladigan depozit hisob raqamlaridan, soliq undirilmasdan amalga oshiriladi”, deb xabar berdi Kun.uz nashri. Shuningdek, sportchilarga “Malibu” avtomashinalari ham topshiriladi.

Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida avgust oyida o‘tkazilgan Yozgi Olimpiada o‘yinlarida ham o‘zbek sportchilari katta yutuqlarga erishib, birinchi marta jami 13ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida Olimpiadada medallarga sazovor bo‘lgan 87 davlat orasida 21-o‘rinni egallagan edi. O‘zbekiston terma jamoasi sazovor bo‘lgan 13 medaldan 4tasi oltin, 2 tasi kumush va 7tasi bronzadir. O‘zbekiston jamoasi2012 yildagi London Olimpiadasida bitta oltin, uchta bronza medal bilan 47-o‘rinni egallagandi.

XV Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston hisobiga medallar olib kelgan barcha sportchilar ro‘yxati.

Oltin medallar:

1. Sherzod Namozov - dzyudo (60 kg);

2. O‘tkirjon Nigmatov - dzyudo (66 kg);

3. Husniddin Norbekov - disk uloqtirish;

4. Odil Tulindebaev - dzyudo (100+ kg.);

5. Fotimaxon Amilova - brass usulida suzish (100 m.);

6. Firdavsbek Musabekov - brass usulida suzish (100 m.);

7. Aleksandr Svechnikov - nayza uloqtirish;

8. Nozimaxon Qayumova - nayza uloqtirish.

Kumush medallar:

1. Kirill Pankov - batterflyay usulida suzish (100 m.);

2. Muslima Odilova - batterflyay usulida suzish (100 m.);

3. Xaytjon Alimova - dzyudo (70+ kg.);

4. Fotimaxon Amilova - kompleks usulda suzish (200 m.);

5. Sofiya Burxonova - yadro uloqtirish;

6. Muslima Odilova - erkin usulda suzish (50 m.).Bronza medallar:

Bronza medallar:

1. Sevinch Salaeva - dzyudo (62 kg);

2. Muzaffar Tursunxo‘jaev - batterflyay usulida suzish (100 m.);

3. Fotimaxon Amilova - batterflyay usulida suzish (100 m.);

4. Tursunposhsha Nurmatova - dzyudo (63 kg.);

5. Feruz Sayidov - dzyudo (73 kg.);

6. Server Ibragimov - pistoletda 10 m.ga o‘q otish;

7. Shirin Sharipov - dzyudo (100 kg.);

8. Shuxrat Boboev - dzyudo (90 kg.);

9. Gulruh Rahimova - dzyudo (70 kg.);

10. Shohsanam Toshpo‘latova - kompleks usulda suzish (200 m.);

11. Doniyor Soliev - uzunlikka sakrash;

12. Ahror Bozorov - paurlifting (80 kg.);

13. Dmitriy Xorlin - erkin usulda suzish (400 m.);

14. O‘zbekiston jamoasi - 4x100 metrga yugurish bo‘yicha jamoaviy estafeta;

15. Husniddin Norbekov - yadro uloqtirish;

16. Muzaffar Tursunxo‘jaev - erkin usulda suzish (50 m.);

17. Shohsanam Toshpo‘latova - erkin usulda suzish (50 m.).

XS
SM
MD
LG