Линклар

Rossiyaning Chelyabinsk shahri xorij vatandoshlarini vaqtinchalik saqlash markazi (SUVSIG)da 100 ga yaqin mehnat muhojiri orasida o‘zbekistonlik ayol 3 oylik chaqalog‘i bilan ushlab turilibdi. Ozodlik murojaatidan so‘ng deportatsiya markazi rasmiysi joriy hafta davomida o‘zbekistonlik yosh bolali ayolni vataniga yuborishga va’da berdi.

Tilga olingan vaqtinchalik saqlash markazidan Ozodlikka murojaat qilgan Husain markazda 50 nafarga yaqin o‘zbekistonlik vataniga deportatsiya qilinishini kutib, toqatlari toq bo‘lganini bildirdi.

- Bizlarni vatanga deportatsiya qilishga oid qaror chiqarilganiga qaramasdan, yuborish muhlati cho‘zilib ketayapti. Markazda 1 oydan 4 oygacha kutib o‘tirganlar bor. Bu yerdan ketolmay, azobda qolganmiz. Xususan, o‘zbekistonlik yosh bolali ayollar qiynalayapti. Bechora bir ayol ham 3 oylik chaqalog‘i bilan shu yerda! Qamoqdagi sharoitdan farqi yo‘q. Bizga yordam kerak, hech kim yordam bermayapti. Sizlardan boshqa kimga murojaat qilishimizni bilmayapmiz, dedi Husain.

O‘zbek muhojiri so‘zlariga ko‘ra, deportatsiya markazida saqlanayotganlar bir necha marotaba telefon orqali Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi bilan bog‘lanishga uringan, biroq elchixonadan hech kim javob bermagan.

Ozodlik o‘zini Yelizaveta, deb tanishtirgan mehnat muhojirlarini deportatsiya qilish bo‘yicha Chelyabinsk viloyat sud pristavligi rasmiy vakilasi bilan telefon orqali bog‘lanib, o‘zbekistonlik yosh bolali ayollar va erkaklarning qachon vataniga yuborilishi haqida so‘radi.

- Men o‘zbekistonlik muhojirlar muammolarini yaxshi tushunaman. Muammo ularni uyga jo‘natish uchun pulning yo‘qligida edi. Bizga davlat byudjetidan 4 oy pul ajratilmadi. Hozir biz muhojirlarning ayrimlariga hujjat va pullarini to‘g‘riladik. Yaqin kunlarda yosh bolali ayol va bir necha kishi O‘zbekistonga yuboriladi. Bizda saqlanayotgan o‘zbekistonlik muhojirlarning asosiy muammolaridan biri ularda hujjat va ularni jo‘natib yuborish uchun pulining yo‘qligidadir, dedi Yelizaveta.

Rossiyada yosh bolali ayol muhojirlarini deportatsiya markazlarida ushlab turilishi bir necha bor mahalliy huquq faollari tanqidiga sabab bo‘lgandi.

Moskvadagi muhojirlar muammosi bilan shug‘ullanadigan “Tojikiston jamg‘armasi” tashkilotining eksperti Shahlo Mamadbekovaning fikricha, oxirgi paytlarda Rossiya deportatsiya markazlarida bolali ayollar uchun sharoit bir oz yaxshilangan.

- Spetspriyomniklarni, aniqrog‘i, xorijiylarni vaqtinchalik saqlash markazini, albatta, qamoqxonaga tenglashtirish noto‘g‘ri. Chunki muhojirlar, xususan yosh bolali ayollar uchun minimal sharoit yaratilgan: uch mahal egulik beriladi, yuvinish uchun sharoit yaratilgan... Biz Moskva va Moskva viloyatidagi spetspriyomniklarga borib, u erdagi sharoit bilan yaqindan tanishganmiz. So‘ngi paytlarda yosh bolali ayollar ehtiyojlariga jiddiy yondoshishadi. Albatta markazdan uzoq shaharlarda sharoit yomonroq bo‘lishi mumkin, dedi Shahlo Mamadbekova.

Chelyabinsk viloyati sud ijrochilari xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda ushbu viloyatdan 600dan ortiq mehnat muhojiri vataniga deportatsiya qilingan.

O‘tgan hafta Chelyabinsk viloyatidan 15 nafar o‘zbekistonlik avtobusda vatanga chiqarib yuborilgani haqida xabar berilgan edi.

Rossiyaning turli mintaqalarida deportatsiyaga hukm qilingan ko‘plab muhojirni O‘zbekistonga jo‘natish bo‘yicha tuli muammolar yuzaga kelib turgani haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan.

XS
SM
MD
LG