Линклар

O‘zbekistonda yoymachi savdogarlarga kassa apparatsiz savdo qilishga ruxsat berilgani to‘g‘risidagi ma’lumotni Ozodlik O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasidagi o‘z manbasidan oldi.​

Buxoro va Jizzax viloyat hokimligidagi manbalaridan olingan ma’lumotlarga qaraganda, viloyatlar hokimlarining "O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning buyrug‘iga tayanib" chiqargan farmoyishi bilan kichik tadbirkor va hunarmandlarning kassa aparatlarisiz ishlashiga ruxsat berilgan.

Bundan buyon yagona soliqqa tortiladigan kichik tadbirkorlik sub’ektlari va individual tadbirkorlar¸ yodgorlik va xalq hunarmandligi mahsulotlari bilan savdo qiladigan do‘kondorlar¸ ko‘chma va ëyma savdo nuqtalari egalariga kassa-nazorat texnikasini qo‘llamasdan naqd pul yoki plastik karta terminallari orqali savdo qilish huquqi berildi.

O‘zbekiston Davlat soliq idorasidagi Ozodlik manbasining aytishicha, Vazirlar Mahkamasining 2002 yil dekabridagi "Ulgurji va chakana savdo to‘g‘risida"gi 407- qaroriga 2016 yilning 15 sentabrida o‘zgartirish kiritilgan.

Bu o‘zgartirishga ko‘ra¸ yoyma va ko‘chma do‘konlar¸ yodgorlik va hunarmandlik mahsulotlari sotadigan savdo shohobchalarida kassa apparatisiz naqd pul bilan savdo qilishga izn beriladi.

Ozodlik manbasining aytishicha¸ "kassa apparatisiz ishlashiga izn berilgan" savdogarlar Davlat soliq idorasidan yagona soliq to‘laydigan savdogar sifatida qayddan o‘tishlari lozim.

Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 2013 yildagi qaroriga binoan, chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yagona soliq miqdori eng kam ish haqining 10 baravari qilib belgilangan.

Ayni paytda kassa apparatlaridan foydalanmaslikka ruxsat olgan tadbirkorlar zimmasida xaridor oldidagi mas’uliyat saqlanib qoladi.

- Hozir iqtisodiyat majmuasi soliq idorasi bilan birgalikda tadbirkorlar orasida tushuntirish olib boryapti. Kichik tadbirkor kassa apparatisiz savdo qilganida mijoz so‘roviga ko‘ra, tovar sotilgani yoki xizmat ko‘rsatilgani haqida kvitantsiya yoki chek berishi kerak. Chekda tovar yo xizmat uchun qancha pul olingani aniq yozilishi kerak. Chek ustida do‘kon yoki tadbirkorning aniq ismi yozilishi kerak. Shuningdek, soliq to‘lovchining identifikatsion nomeri¸ savdoni amalga oshirgan kishining ismi¸imzosi va muhr bo‘lishi kerak¸ dedi Jizzax viloyat hokimligidagi Ozodlik manbasi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ “chek qog‘ozini mijozga berishdan bosh tortgan tadbirkorlar huquqbuzar sifatida jarimaga tortiladi”.

Kichik tadbirkorlarga kassa apparatidan foydalanmaslikka ruxsat berishdan tashqari ularni ortiqcha tekshirishdan ham ixotalamoqchilar.

Buxoro viloyat hokimligi iqtisod majmuidagi manbaning aytishicha¸ shu kunlarda soliqchilarga xaridor qiyofasida sinov xaridini amalga oshirish taqiqlab qo‘yilgan:

-Tadbirkorlarga bir oz bo‘lsa ham erkinlik kerak ekanligini farmoyishsiz ham tushunib turuvdik. Shu kunlarda viloyat hokimi o‘rinbosari soliqchilarga ortiqcha nazoratdan tiyilishni tayinladi¸ dedi manba.

O‘zbekiston savdo shahobchalaridagi nazorat-kassa apparatlarini tekshirish tartibi 2011 yil 17 noyabr kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinib¸ 2012 yil 1 yanvardan kuchga kirgan qarorga ko‘ra, soliq xodimlari qonunbuzarlik holatini aniqlash uchun xaridor qiyofasida maxfiy tekshiruv o‘tkazib kelgan edi.

Buxoro markazida yodgorliklar bilan savdo qiladigan do‘koncha egasining Ozodlikka aytishicha, O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi xodimlarining kassa apparatini maxfiy tekshiruvlari o‘ziga hos qaroqchilikka aylanib ketgan:

- Soliq idoralari xodimlari berilgan cheklarni kassa apparati xotirasi bilan solishtirib¸ ustingdan ish ochaman deb pul undirib kelishdi. Shoyad shu farmoyishning umri uzun bo‘lib kassa apparati boshqa qaytib kelmasin¸ deydi ismi aytilishini istamagan do‘kon egasi.

Ayni paytda mamlakatning ko‘pgina savdo shahobchalarida kassa apparatlari xo‘jako‘rsin uchun turgani, asosiy xaridlar uni chetlab amalga oshirilgani haqida ham Ozodlikda ma’lumotlar bor.

XS
SM
MD
LG