Линклар

Jizzax viloyati, Zarbdor tumani, Mustaqillik mahallasida paxtaga terimiga haydalgan 28 yashar kelinchak Dilorom Jo‘raeva olti oylik homilasidan ayrildi. Zarbdorliklarga ko‘ra, kelinchak mahalla faollarining bosimi ostida terimga majburlangan. Mutasaddilar esa mazkur voqeada kelinchakning oila a’zolarini ayblashga urindi.

Zarbdorlik kelinchakning paxta bois homilasidan ayrilgani haqida voqea guvohlaridan biri Ozodlikka ma’lum qildi.

Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan guvohga ko‘ra, voqea bir hafta avval bo‘lgan:

“Mustaqillik mahallasining fuqarolar yig‘ini raisi 6 oylik homilador ayolni majburiy paxtaga chiqardi. "Agar paxta terimiga chiqmasang, tug‘iladigan farzandingga bolalar nafaqa pulini bermaymiz", deb aytgan. Shuningdek, u ayolni majburlab paxta terimiga haydash uchun yoniga IIB xodimini olib borgan. Ayolga siyosiy gaplar gapirib, uni qo‘rqitgan. Homilador ayol paxtaning birinchi kunida paxta terish vaqtida homilasidan ayrildi. Bu voqeani o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim uchun haligacha o‘zimga kela olmadim. Aynan shu mahalla raisi va IIB xodimi jinoiy javobgarlikka tortilishini istayman", deya xabar yo‘lladi voqea guvohlaridan biri bo‘lgan zarbdorlik.

Ozodlik Mustaqillik mahallasidagi boshqa manbalar orqali kelinchakning ismi-sharifi Dilorom Jo‘raeva ekanini aniqladi.

O‘sha kuni dalada bo‘lgan yana bir manbaga ko‘ra, 28 yashar Diloromning bitta qizchasi bo‘lib, bu ikkinchi homilasi bo‘lgan:

“Bizni ertalab avtobusda olib ketishdi. Dalaga borgach, ozgina paxta terganidan so‘ng Diloromning to‘lg‘og‘i tutdi. Bundan xabar topgan boshliqlar vahimaga tushib qolishdi. Keyin xo‘jalik raisi mashinasida Diloromni tuman shifoxonasiga olib ketdi. Eshitishimizcha, tuman shifokorlari Diloromning ahvoli og‘irligini ko‘rib, uni viloyat kasalxonasiga jo‘natishgan. Kasalxonaga yetib borishgan, lekin u yerda Diloromning bolasi tushib ketgan. O‘g‘il bola ekan. Qaynonasi eshitib rosa yig‘ladi, “beshik to‘yi qilaman deb o‘tirgandim”, deb. O‘sha kuni Diloromning o‘zi kasalxonada qolgan, homilasining murdasini uyiga olib kelishgan. Hozir Diloromning o‘zi ham kasalxonadan uyiga qaytgan”, dedi xavfsizlik yuzasidan ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan manba Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Manbaning aytishicha, voqeadan bir kun avval mahalla raisi Ismoil Latipov mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan birgalikda uyma-uy yurib, paxtaga chiqishni talab qilishgan:

“Ismoil aka yonida militsiyadan, hokimlikdan vakillar bor edi. Hammasi besh kishi edi. Ular har bir oiladan kamida bittadan odam paxta terimiga chiqishi majburiy ekanini aytishdi. Bu tepadan kelgan buyruq ekani, hamma uni bajarishi lozimligini aytishdi. Bola puli oladiganlarga nafaqa pulini qirqamiz, agar paxtaga chiqmasang deyishdi”, deydi Mustaqillik mahallasida yashovchi manba.

Ozodlik Mustaqillik mahallasi raisi Ismoil Latipov bilan telefon orqali bog‘lanib, voqea yuzasidan izoh so‘radi.

Latipovga ko‘ra, haqiqatan Dilorom homilasini yo‘qotishidan bir kun avval uning uyiga borishgan. Lekin u homilador kelinchakni paxtaga chiqishga majburlash holati bo‘lganini inkor qilib, voqeada kelinchakning o‘zi va oilasini ayblashga urindi:

- Biz uni majburlab chiqarganimiz yo‘q. Uyida xo‘jayini, ikkita qaynisi ishsiz. “Paxta sezon boshlandi, sizlar ham pul ishlab olinglar”, deb uyiga bordik. Kelini men havo almashib kelay, men chiqib kelay, deb chiqdi. Uni hech kim zo‘rlagani ham yo‘q, boshqa ham qilgani yo‘q. Buning o‘zi chiqqan. Mening o‘zim shu kuni gaplashganimda aytdi, “Hech kimga da’vomiz yo‘q, kelinning o‘zi bekor chiqdi” deb qaynonasi gapirdi, - dedi Ismoil Latipov.

Ayni paytda Mustaqillik mahallasida yashovchi Ozodlik manbalariga ko‘ra, homilador ayolning paxta dalasida homilasidan ayrilganidan so‘ng tuman hokimligi rasmiylari Diloromning uyiga kelib, uning oila a’zolari bilan “tushuntirish” o‘tkazgan:

“Hokim o‘rinbosari Marhamat opaning shaxsan o‘zi kelgan. Miltsiyadan ham borishgan. Ular voqeaning shov-shuv bo‘lib ketishining oldini olish maqsadida, Diloromning uyidagilar bilan gaplashib, hammasini bosti-bosti qilishgan. Uyidagilar hozir “Ayb o‘zimizda, hech kimdan da’vomiz yo‘q” degan gapni gapirishayapti”, deydi Mustaqillik mahallasida yashovchi Ozodlik manbasi.

Ozodlik Diloromning turmush o‘rtog‘i Faxriddin Abdusalomov bilan bog‘langan payti, u rafiqasining homilasi paxta siyosati bilan bog‘liqligini inkor qildi:

- Paxta-maxta bo‘lmagan. Uyda shunaqa bo‘ldi (bola tushdi demoqchi. -tahr). Noto‘g‘ri ma’lumot berishgan sizga. Uyda yuribdi, - dedi Faxriddin va rafiqasi bilan gaplashishimizga ruxsat bermadi.

Zarbdordan olingan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, Dilorom Jo‘raeva bilan bog‘liq voqeadan so‘ng tumanda homilador ayollarni paxtaga chiqarish to‘xtatilgan bo‘lib, hozirda 1-2 oylik homilasi borlar ham paxtaga chiqirilmayapti.

Yosh bolali onalarni farzandlari uchun beriladigan nafaqa pulini qirqish tahdidi bilan paxtaga jalb qilish O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham kuzatilmoqda. Bu haqda joriy yil paxta manzarasini yoritayotgan PaxtaGram sahifasi orqali qator xabarlar berilayapti.

XS
SM
MD
LG