Линклар

Prezident Karimov vafoti ortidan O‘zbekistonda hokimiyatning yangi qo‘lga o‘tgani Rossiya isteblishmentida O‘zbekistonga nisbatan bayonotlarning yangicha ritorikada yangrashiga sabab bo‘ldi. Ozodlik radiosi o‘zining yangi "GOVORIT MOSKVA" ruknida bu bayonotlarni savol ostiga oladi.

Rossiya ommaviy axborot vositalari va rasmiylari O‘zbekistonda prezidentlikka asosiy nomzodlardan bo‘lgan Shavkat Mirziyoevning “rossiyaparast” ekani va O‘zbekiston yaqin orada Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashga kirishishidan gapirmoqda. Siyosiy ekspertlar esa Moskva “ko‘rgisi kelgan narsani ko‘rayapti” demoqda.

Rossiyada O‘zbekiston va uning amaldagi boshqaruvchisi bosh vazir Shavkat Mirziyoev masalasida yangicha fikr-mulohazalar yangramoqda. Ulardan biri – “Mirziyoev rossiyaparast”dir va yaqin orada O‘zbekiston yangi hukumatining Moskva bilan yaqinlashishi kutilmoqda, degan fikrdir.

Rossiyaning TVTs kanalidagi “Pravo golosa” dasturida O‘zbekistonga bag‘ishlangan navbatdagi ko‘rsatuvda chiqqan qator ekspertlar tomonidan Shavkat Mirziyoevning “tashkilotchilik talantiga” hamdu-sanolar aytildi:

- Ana o‘sha Shavkat Mirziyoev mayda va o‘rta biznesni ko‘targan, Karimov emas. Bu sohada u ajoyib natijalarga erishdi! Biz YaIMga qarashga o‘rganib qolganmiz. To‘g‘ri, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hatto Qozog‘istonnikidan 6 marotaba kam – 60 mlrd dollar. Lekin bu raqamning 25 foizi sanoatda shakllantiriladi. Ya’ni bu modernizatsiyalashayotgan mamlakat! Mana shuning barchasi premьer Miziyoev xizmatlari, dedi siyosatshunos Sergey Stankevich.

("TVTs" kanalining "Pravo golosa" ko‘rsatuvi)

“Polit-Gramota” nashriga ko‘ra, Mirziyoev davrida O‘zbekiston Islom Karimov siyosatini davom ettiradi, ammo “uning Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlarni yaxshilashi ehtimoli juda yuqori”.

Rossiya siyosiy doiralari tomonidan mahalliy ommaviy axborot vositalariga sizdirilayotgan “Mirziyoev – o‘zimizniki!” g‘oyasiga rus nashrlari va televideniesida bir qator “dalil”lar ham keltirilmoqda.

Demak, bu dalillar quyidagilardir...

“1 dalil”

“Mirziyoevni hukumatga O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatov olib kelgan”.

Zamonaviy Afg‘onistonni o‘rganish bo‘yicha markaz mutaxassisi Andrey Serenko Gazeta.ru nashriga bergan intervьyusida Mirziyoev “qora kardinal Inoyatov bilan birga mustahkam ma’muriy boshqaruvni shakllantirgani” borasida fikr yuritdi.

U Inoyatov bosh vazir ortida turib mamlakatni boshqarishni davom ettirishi, sobiq Ittifoq KGBsidan chiqqan ma’mur sifatida esa Rossiya maxfiy xizmatlari orqali Kreml bilan yaqinlashishi mumkinligini taxmin qildi.

“2 dalil”

“Shavkat Miromonovichni Vladimir Putinning ishongan odamlaridan biri - rossiyalik multimilliarder va biznesmen Alisher Usmonov bilan mustahkam qarindoshlik rishtalari bog‘lab turibdi.”

Rossiya ommaviy axborot vositalari aynan Alisher Usmonov Kremlning Shavkat Mirziyoev hukumatiga o‘z ta’sirini o‘tkazish quroli sifatida ishlatilishi mumkinligini gapirmoqda.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoevning farzandlari biznesi Rossiya bilan bog‘liq ekani aytiladi. Mirziyoevning Saida ismli qizi va uning eri Oybek Tursunov Moskvaning boylar yashaydigan "Rublevka" mavzesida yashagan.

“3 dalil”

“Mirziyoev institutda avvaliga boshlang‘ich komsomol tashkiloti kotibi bo‘lgan. Shavkat Mirziyoev Toshkent Irrigatsiya va Melioratsiya instituti Kommunistik partiya qo‘mitasida rahbar¸ ya’ni partkom lavozimiga ko‘tarilgan.”

Ayrim rossiyalik ekspertlar kommunistik Rossiya tarbiyasini olgan Shavkat Miziyoev Rossiya bilan nafaqat siyosiy-harbiy sohadagi hamkorlik, balki iqtisodiy integratsiyani boshlab yuborishi mumkinligini gapirmoqda.

“4 dalil”

“O‘zbekistonning yangi rahbari Islom Karimovdek mavqe va obro‘ga ega emas

Rossiya Geosiyosiy muammolar akademiyasi prezidenti general-polkovnik Leonid Ivashov “Den TV” telekanaliga bu masalada quyidagi fikrni bildirdi:

- Mamlakat manfaatlarini himoya qilish va teng huquqli muzokaralarni olib borish uchun yangi rahbarning na obro‘si, na imkoni bor. Shu uchun u izlaydi. Toshkent-Moskva munosabatlarida bizni qiziqtirayotgan yana bir masala – O‘zbekiston KXShT, EAESga va boshqa tuzilmalarga qanday munosabatda bo‘ladi? Menimcha, yangi hukumat Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning chuqurlashish yo‘nalishini tanlaydi, dedi Leonid Ivashov.

("Zvezda" kanalining "Teoriya zagovora" ko‘rsatuvidan parcha)

Bosh vazir tashqi siyosat yo‘nalishini belgiladi

O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoev mamlakat tashqi siyosatidagi asosiy yo‘nalishlarni belgilab berishga ulgurdi.

"O‘zbekistonning tashqi siyosatida birlamchi e’tibor MDH davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirish va eng avvalo Rossiya bilan do‘stona aloqalarni izchil va har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan bo‘ladi", dedi Shavkat Mirziyoev.

Unga ko‘ra, AQSh bilan ham har tomonlama manfaatli va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga birlamchi e’tibor beriladi.

“Mirziyoev – Karimov ishi davomchisi”

Ayni paytda, Rossiya ommaviy axborot vositalari Shavkat Mirziyoevning “rusparastligiga” javoban O‘zbekistonda “g‘arbparast” sifatida Rustam Azimovni gavdalantirib kelgan. Vitse-premyer Azimovning prezident sayloviga nomzodi ko‘rsatilmagani ham Rossiya isteblishmenti tomonidan Mirziyoevning mutlaq g‘alabasi sifatida qabul qilinayotgani ma’lum.

Rossiya hukumati rasmiy fikrini bildirayotgan OAVga javoban, Rossiyadagi mustaqil tadqiqotchilar Mirziyoev masalasida biroz boshqa fikrda ekanini gapirmoqda.

“Marjoni” jamg‘armasi eksperti, Rossiya Fanlar Akademiyasi Umumiy tarix instituti va MDH mamlakatlari tahliliy-tarixiy tadqiqotlar markazi katta ilmiy xodimi dotsent Tatyana Kotyukova Ozodlik bilan suhbatda yangi hukumat rahbari har qanday vaziyatda Islom Karimov boshlab bergan “muvozanatli” siyosatini davom ettiradi, deydi.

- Rossiya kuchog‘iga tashlanishdan nima naf? Afsuski, Rossiya iqtisodiyoti juda og‘ir ahvolda qolmoqda. Har bir harakat ortida manfaat yotadi. Qolaversa, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Rossiyada ommaviy ishlab yotibdi. Yangi hukumat AQSh va Xitoy bilan munosabatlarni uzish niyati yo‘qligini bildirdi. Ayni paytda, Rossiya bilan aloqalar yomonlashishini ham kutmang – O‘zbekiston Karimov siyosatini davom ettiradi, dedi ekspert Tatьyana Kotyukova.

Tatyana Kotyukova oxirgi 25 yil davomida O‘zbekistonda olib borilgan “sovetlashish va ruslashishga qarshi” hamda “milliylashish” siyosati natija berib, bugungi kunda O‘zbekistonning bir kunda “rusparast” bo‘lib qolishiga ishonmaslik kerakligini uqtirdi.

Moskvadagi Karnegi tinchlik jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha etakchi mutaxassisi Aleksey Malashenko O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevni “Islom Karimov davomchisi”, deb atadi.

U bir vaqtlar Islom Karimov ham rus siyosatchilari tomonidan “rusparast” deb aytilganini eslatdi.

- Birinchidan, Moskva ko‘rgisi kelgan narsani ko‘rayapti. Ikkinchidan, O‘zbekiston ko‘p vektorli mamlakat bo‘lib qolishi aniq. Shavkat Mirziyoev Karimov ishining davomchisidir. To‘g‘ri, Moskva nisbatan qandaydir yumshashlar kuzatilishi mumkin. Ammo, O‘zbekistonning Rossiya integratsiyasi doirasi – Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va KXShTga kirishi qanchalik haqiqatga mos?! Karimov siyosati o‘zini oqladi – menimcha, yangi boshqaruvchilar ham Xitoy, ham AQSh bilan munosabatlarini yaxshiligicha saqlab qoladi. Shu sababli, bo‘rttirishning hojati yo‘q, deya xulosa qildi Aleksey Malashenko.

XS
SM
MD
LG