Линклар

Tojikistonda Fathulloh Gulanga aloqador so‘nggi muassasa yopildi


"Dialog" xodimlari ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirmoqda.

"Dialog" xodimlari ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirmoqda.

Tojikistonda Turkiya rasmiylariga muxolif Fathulloh Gulanga tegishli bo‘lgan “Dialog” tashkiloti faoliyati to‘xtatildi.

Shu kunlarda “Dialog” xodimlari Dushanbening Rudakiy shohko‘chasida joylashgan binoni bo‘shatish bilan bandlar. Tashkilotning qaerga ko‘chishi hozircha noma’lum.

“Dialog” tashkiloti rahbari Emsol Ko‘ch Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda o‘z tashkiloti faoliyati moliyaviy muammolar tufayli vaqtincha to‘xtatilayotganini aytgan. Ayni paytda u “Dialog” faoliyatining to‘xtatilishiga Tojikiston xavfsizlik tizimlari tazyiqi sabab bo‘lganiga oid iddaolarni rad etgan.

Tashkilot rahbarlaridan yana biri – professor Nodir Odilov ham “Dialog” o‘z faoliyatini mablag‘ tanqisligi sababli to‘xtatayotganini aytarkan, bu qarorga tojik rasmiylarining hech qanday aloqasi yo‘qligini urg‘ulagan. Odilovga ko‘ra, “Dialog” faqat madaniyat, fan va ta’lim masalalari bilan shug‘ullangan hamda siyosatga aralashgan emas.

Tashkilot rahbariyati moliyaviy imkoniyat paydo bo‘lishi bilan “Dialog” yana o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkinligini bildirgan.

Fathulloh Gulanga aloqadorligi aytilayotgan “Dialog” tashkiloti Dushanbeda 2007 yildan beri faoliyat yuritib kelardi. Tashkilot tadbirlarida Tojikistonda taniqli bo‘lgan siyosat, davlat, madaniyat va fan arboblari ishtirok etib kelganlar.

Joriy yil 15 iyulida Turkiyada sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishi urinishi ortidan Anqara rasmiylari xorijdagi hamkorlaridan Fathulloh Gulanga tegishli ta’lim muassasalari faoliyatini to‘xtatishni so‘ragan. Turk rasmiylari Gulanni bu to‘ntarish urinishi tashkilotchisi, deb biladi. O‘z navbatida, hozir AQShda istiqomat qilayotgan Gulan Anqaraning bu iddaosini rad etib kelmoqda.

Gulanga aloqador o‘rta ta’lim maskanlari Tojikistonda so‘nggi yillarda birin-ketin yopilgan. Bu maktablar Tojikistonda mamlakat hukumati va “Shalola” shirkati o‘rtasidagi shartnoma asosida 1993 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelgan.

“Shalola” shirkati Dushanbe, Qo‘rg‘ontepa, Tursunzoda, Ko‘lob va Xo‘jandda oltita litseyga ega bo‘lgan. Tojikistonda mahalliy aholining bu litseylar faoliyati haqidagi fikri turlicha bo‘lgan. Ayrim ota-onalar bu maktablarda yashirin diniy tashviqot olib borilishini aytganlaridan keyin Tojikiston Ta’lim vazirligi ulardagi ta’lim jarayonini o‘z nazorati ostiga olgan. Bu maktablar asta-sekin Ta’lim vazirligining to‘la nazoratiga o‘tgan va o‘zining “turkcha” maqomidan ayrilgan. O‘tgan yil sentabridan Tojikistonda Fathulloh Gulanning “Xizmat” harakatiga aloqador barcha litseylari faoliyati taqiqlangan. O‘sha paytda Tojikiston Ta’lim va fan vazirligi mulozimlari bu qarorning Turkiya rahbariyati iltimosiga aloqasi yo‘qligini bildirgandilar. Tahlilchilar esa turkiyalik muxolifatchining Tojikistondagi va boshqa mamlakatlardagi maktablari yopilishi tasodif emas, deb hisoblaydilar. Ularga ko‘ra, bu mamlakatlar xavfsizlik masalalarida bir-birlari bilan faol hamkorlik qiladilar va zarurat tug‘ilgan paytda “barter asosida o‘zaro oldi-berdi” qiladilar.

Fathulloh Gulan.

Fathulloh Gulan.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida Gulan maktablarini yopish bo‘yicha Turkiya chaqirig‘iga rad javobi bergan yagona mamlakat Qirg‘iziston bo‘ldi. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Anqaraning iltimosini to‘g‘ri tushunishi, biroq Qirg‘iziston mustaqil davlat ekani hamda nima yaxshiyu nima yomonligini o‘zi hal qilishini bayon qilgan.

Kuni kecha BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib so‘zlagan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on jahon mamlakatlarini Fathulloh Gulan va uning “terror tarmog‘i”ga qarshi chora ko‘rishga chaqirdi.

Vashington Gulanni vataniga ekstraditsiya qilish bo‘yicha Anqara talabini haligacha rad qilib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG