Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:11

Toshkentdagi "Chinni bozor" savdogarlarga 1 mln. so‘mdan paxta solig‘i soldi


Toshkentdagi hunarmandlik mahsulotlari va xo‘jalik mollari bozori - “Chinni bozor”da ishlaydigan tadbirkorlardan bozor ma’muriyati “paxta harajatlariga” pul yig‘moqda.

Ozodlikka shikoyat qilgan tadbirkorlardan birining aytishicha, har bir tadbirkordan 1 million so‘mdan olinmoqda.

Bozor ma’muriyati paxtaga mardikor yuborish har bir do‘konchining o‘ziga yuklatilganini bildirish bilan savdogarlar tilga olgan faktni bilvosita tan oldi.

Toshkentning “Ippodrom” bozori ro‘parasida, “Abu-Sahiy” savdo majmuasi yonida joylashgan “Chinni bozor”da savdo qilayotgan Shoira Sodiqbekova Ozodlikka bunday dedi:

- Bu bozorda meniyam do‘konim bor, bolalarim ishlashadi. Shulardan paxta mavsumiga “2016 yilga 1 million so‘mdan pul berasizlar”, deb so‘ragan. Bozor ma’muriyati inspektorlarga buyruq bergan yig‘ishga. Ular “Bizga pul berasizlar – biz mardikor qo‘yib paxtaga olib chiqamiz”, deyishdi, dedi Shoira Sodiqbekova.

2014 yilning avgustida Chinni bozor yonib, kul bo‘lgandi
2014 yilning avgustida Chinni bozor yonib, kul bo‘lgandi

2014 yilning avgustida yonib ketgan va keyin qayta tiklangan “Chinni bozor”da shu kunda 400 dan ortiq savdogar ishlaydi.

Shoira Sodiqbekova o‘shalardan biri va "paxta solig‘i", boz ustiga, naqd pulda talab qilinayotganidan arz qildi.

- Biz mas’uliyati cheklangan jamiyatmiz. Qo‘limizda pulimiz yo‘q – inkassatsiya qilamiz, davlat bankida aylanadi. Qo‘limizda naqd 1 million pul yo‘q. Ular esa naqd so‘rayapti – o‘tkazib berishga ko‘nmadi. Bu talab "Chinni bozor"dagi barcha tadbirkorlarga qo‘yilayapti. Berolgan – beryapti, berolmagan bermayapti. Ertaga bizga xavf tug‘ilishi mumkin, chunki ortiqcha tekshiruvlar bo‘lishi mumkin, dedi tadbirkor ayol.

Shoira Sodiqbekovaning aytishicha, bundan bir necha yil oldin 100 dollar miqdoridagi shunga o‘xshash “soliq”ni to‘lay olmagan o‘g‘illaridan birining do‘konida tekshirish uyushtirilgani, 9 million so‘mlik tovar musodara qilingani, u javobgarlikka tortilib, 6 million so‘m jarima ham to‘laganini iddao qildi.

Bunaqa ishlarni qo‘rib, odamlar qarshilik ko‘rsatishga ko‘rqadi”, dedi Shoira Sodiqbekova.

Ozodlik toshkentlik tadbirkorning shikoyati yuzasidan "Chinni bozor" ma’muriyatiga murojaat qildi. Bozor inspektorlaridan biri Ozodlikka telefon orqali bunday dedi:

- Yo‘q, unaqa gap yo‘q. “Odam ber”, deyapmiz. 20-25 ishchimiz bor o‘zi. Bizga hokimiyatdan tadbirkorlarni hisobga olgan holda, paxta terimiga 400-440 odam chiqarish topshirilgan. Terimga odam bermaganlar hisobiga mardikor yollab qo‘yganmiz. Paxtaga ketganlarning ish oyligi, yotari, ichari bor. 50-60 tadbirkor berdi ishchi – 3 kunda qochib keldi. Boz ustiga bizga 70-80 kilo norma qo‘yib qo‘ygan. Borganlarning birortasi 70-80 kilo termaydi. O‘zingiz hisoblang – 500 ming so‘mga kim paxta teradi?! dedi "Chinni bozor" ma’muriyati vakili.

Bozor inspektorining aytishicha, "Chinni bozor" rahbarining shaxsan o‘zi paxta terimiga ketgan va terimchilar ishini nazorat qilmoqda.

Bozor rahbariyati paxtaga chiqqan terimchilar soni bo‘yicha har kuni yuqoriga hisobot ham berib borayotganini aytdi.

XS
SM
MD
LG