Линклар

"Qiziriq hokimi byudjet tashkilotlari rahbarlarini qariyb tonggacha paxta terdirdi"


Qiziriq dalalarida paxta qolmaganidan¸ eng chaqqon termichining kuniga 10 kilo paxta teraëtgani aytilmoqda.

Qiziriq dalalarida paxta qolmaganidan¸ eng chaqqon termichining kuniga 10 kilo paxta teraëtgani aytilmoqda.

Surxondaryo viloyat, Qiziriq tumani hokimi 22 sentyabrga o‘tar kechasi paxta tozalash zavodidagi yig‘ilishga chaqirtirilgan mahalla va byudjet tashkiloti rahbarlarini sahargi soat 3¸5 gacha paxta terdirdi. Ayni paytda¸ Ozodlik bilan bog‘langan bir necha qiziriqlik manbaga ko‘ra¸ "hokim tuman paxta zavodi hisobchilarini qamoq bilan qo‘rqitib¸ undan yo‘q paxtani bor qilib yozishni talab qilgan".

Traktor chirog‘i yorug‘ida

Ozodlikning Qiziriq paxta tozalash zavodiga yaqin manbasiga ko‘ra¸ tuman hokimi Olim Alimardonov 22 sentyabrga o‘tar kechasi tumandagi mahalla raislari va ayrim byudjet tashkiloti rahbarlarining o‘zlarini tunda paxta terishga majburlagan.

“Har kecha hokim xlopzavodda selektor o‘tkazadi. Bu yerda bo‘layotgan haqorat va so‘kinishlarni takrorlashga tilim bormaydi. Kecha tunda mahalla raislari¸ kotibalari va byudjetchilarni etarli odam chiqarmayapsan¸ deb o‘zlarini paxtaga haydadi. Soat uch yarimgacha traktor yorug‘ida paxta terdirdi. Viloyatga Mirziyoev kelarkan kelasi hafta. Shunga jonini qutqarish uchun talvasaga tushayapti”, dedi bevosita selektor yig‘inida qatnashgan Ozodlik manbasi.

"Paxta zavodi hisobchilariga qo‘shib yozasan, deb tahdid bo‘layapti"

Ayni tumandagi fermerlardan birining aytishicha¸ hokim fermerlarni yo‘q paxtani sotib olib planni bajarishga¸ paxta zavodi hisobchilarini esa¸ yo‘q paxtani qo‘shib yozishga majburlamoqda.

“18 gektarlik paxtazordan 20 sentabr kuni 50 talaba 600 kilo¸ 21 sentabr kuni esa¸ 400 kilo paxta terdi. Paxta yo‘q¸ bu ko‘sakdan to‘plangani. Bu yil umuman paxta yo‘q dalada. Qiziriq kuniga paxta rejasining 1 foizini ham bera olmayapti. Xlopzavoddagi M.Sh. (ismi xavfsizlik bois ochiqlanmayapti -tahr.) qancha paxta topshirilgan bo‘lsa¸ viloyat shtabiga shuncha svodka bergan. Hokim unga qo‘shib yoz¸ degan¸ aytganini qilmagan. Bugun uni saharda uyidan olib ketishdi”¸ deydi Ozodlikka xavfsizlik bois o‘z shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan voqeaga yaqin fermer.

Ozodlikning paxta kampaniyasidan yaxshi xabardor boshqa manbasiga ko‘ra¸ paxta zavodi hisobchisi tahdid va bosimlardan keyin payshanba kuni yana ishiga qaytgan.

“Bu bola ikki o‘t orasida qoldi. Bir tomondan¸ respublika¸ viloyat shtabi paxta haqida aniq svodka ber deb¸ bosim qilayapti. Rosa tekshir-tekshir ketayapti hozir. Boshqa tomondan¸ Qiziriq hokimi¸ o‘z jonini qutqarish uchun¸ unga qo‘shib yozasan deb bosim qilgan. Bu bola ham o‘zidan qo‘rqib¸ viloyat shtabiga borini topshirgan. Shunga hokim uni qamataman¸ deb qo‘rqitayapti”¸ degan iddaoni qildi bu manba.

Rejaning to‘rtdan birini ham bajarish qiyin

Paxta shtabiga yaqin mahalliy mulozimga ko‘ra¸ yillik rejaga ko‘ra davlatga 40 ming tonna paxta topshirishi kerak bo‘lgan Qiziriq paxta zavodida ayni kunlarda 10 ming tonna ham paxta yo‘q.

“Ba’zi fermerlar paxtani surdirib¸ o‘rniga uje bug‘doy sepayapti¸ lekin hokim qog‘ozda nima qilib bo‘lsa ham rejani bajarmoqchi”, dedi bu manba.

(Qiziriqdagi vaziyat to‘g‘risida Ozodlikka ma’lumot bergan barcha manbalar bilan o‘tkazilgan suhbatlarning audioyozuvi bor)

O‘zbekistonning eng janubiy hududlaridan bo‘lgan Qiziriqda, Ozodlik manbalarining iddaosicha, paxta terish respublikada birinchilardan bo‘lib boshlanganiga qaramay¸ paxta rejasini bajarishda bu tuman viloyatda eng oxirgi o‘rinda bormoqda.

Qiziriqliklardan olingan ma’lumotlardan paydo bo‘lgan savollarni berish uchun Qiziriq tuman hokimi yoki hokimlikning boshqa mulozimlari bilan Ozodlik kun davomida bog‘lanishga urindi. Lekin hozircha buning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG