Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:09

Asakada o‘quvchilarning ota-onalaridan paxta uchun pul yig‘ilmoqda


Andijon viloyati, Asaka tumanidagi maktablar o‘quvchilari ota-onalarining Ozodlikka aytishicha, ulardan 5000 so‘mdan pul yig‘ilib, bu pulga har bir sinf uchun bittadan mardikor yollab paxtaga jo‘natilgan.

Mutasaddilar ota-onalardan pul yig‘ilganini bilvosita tasdiqladi, lekin ularning aytishicha, ota-onalar "o‘z ixtiyori bilan paxtaga terimiga hissa qo‘shmoqda".

Asaka tumanidagi 59-maktabda farzandi o‘qiyotgan ota-onalardan biri Ozodlikka murojaat qilib, paxta uchun pul yig‘ilayotganidan shikoyat qildi:

“20 sentabr kuni maktabda majlis bo‘ldi. Har-bir sinfning ota-onalarini navbati bilan chaqirib, paxta uchun pul so‘rashdi. Boshida “Har-bir o‘quvchining ota-onasidan 10 ming so‘mdan yig‘amiz” deyishdi. Ko‘p bolasi borlar rozi bo‘lmagandi. 5000 so‘mga tushirishdi. Bu pulni hamma o‘quvchining ota-onasi berishi shart deyishdi. “Agar pul bermasang, o‘zing paxtaga chiqasan” deyishdi. Shunga hamma pul yig‘ib berdi. 1- sinfdan 9- sinfgacha hamma o‘quvchilarning ota-onasi pul berdi”, dedi ismi-sharifi oshkor qilinmaslik sharti bilan gapirgan asakalik erkak.

Unga ko‘ra, yig‘ilgan pul 20 sentabrdan boshlab o‘n kunlikka ekani va keyingi o‘n kunliklar uchun yana alohida pul yig‘ilishi aytilgan.

59-maktabda jami 3000 bola o‘qiydi. Ozodlik bilan suhbatda ushbu maktabda o‘g‘li o‘qiydigan asakalik bir ayol ham paxta uchun pul yig‘ilganini aytdi. Ota-onalarning hisob-kitobi bo‘yicha, 10 million so‘mdan ziyod pul yig‘ilgan, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalardan paxta uchun pul so‘ralmagan.

Ushbu maktab o‘qituvchilaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda yig‘ilgan pulga 20 nafar mardikor yollab, paxtaga jo‘natilganini tasdiqladi:

“Men jami qancha pul yig‘ilganidan xabarim yo‘q. Lekin ota-onalardan yig‘ilgan pulga, 20 kishini paxtaga jo‘natdik. Yana maktab xodimlaridan 20 kishi Qo‘rg‘ontepada yotog‘i bilan paxta terayapti. Farroshlar, laborantlar, qorovullar paxtaga ketishdi. O‘qituvchilar keyingi o‘n kunliklarda chiqishi mumkinligini aytishdi. Endi direktorimiz Dilfuza Jo‘raboevaga ham tepadan aytishgan. Hamma maktabda shu ahvol”, dedi xavfsizlik yuzasidan ismi ochiqlanmaslikni so‘ragan o‘qituvchi.

Asaka markazidagi 58- maktabda farzandi o‘qiyotgan yana bir asakalik ayolga ko‘ra, maktabda 16 sentabr kuni paxta bo‘yicha ota-onalarni yig‘ib, majlis qilingan va ulardan paxta uchun pul so‘ralgan:

“5000 so‘mdan pul berdik. Bizku, pul berib qutildik. Tumanimizning Kattatojik qishlog‘ida yashaydigan dugonamning aytishicha, kimning bolasi maktabda o‘qisa, ular navbati bilan paxta terishga chiqayapti ekan. Men o‘zim savdo bilan shug‘ullanaman. Topishim yaxshi. Maktabda bitta qizim o‘qiydi. Shuning uchun menga 5000 so‘mni berish qiyin bo‘lmadi. Lekin 3-4 ta bolasi o‘qiydiganlarga qiyin albatta. Har o‘n kunlik uchun 15 ming- 20 ming so‘mdan pul berish ularga qiyinda”, deydi asakalik ayol Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Asaka shahridagi 52-maktabda o‘g‘li o‘qiyotgan boshqa bir ayolning aytishicha, ushbu maktabda ham paxta uchun ota-onalardan pul yig‘ilgan:

“Men o‘zim majlisiga bormadim. O‘qituvchiga telefon qilib, qancha berish kerak deb so‘radim. Keyin o‘g‘lim bilan o‘sha pulni berib yubordim. 10ming so‘m dedi. Firmamiz bor. Balki shuning uchun bizdan ko‘proq so‘rashdi. Boshqalardan kamroq pul olishibdi. Endi hamma pul berayapti. Chunki pul bermasangiz, bolangizni chetlab qo‘yishadi. O‘qishiga e’tibor qilishmaydi. Shuning uchun kambag‘almi- boymi, hamma qancha so‘rasa, shu pulni berishadi”, dedi ismi oshkor qilinmaslik va ovozi yozib olinmaslik sharti bilan gapirgan asakalik ayol.

Asaka tumanida jami 60 ta maktab bo‘lib, ularda 40 ming o‘quvchi o‘qiydi. Asaka tumani Xalq ta’limi bo‘limi xodimlaridan biri hamma maktablarda ota-onalar nomidan hasharchilar guruhi borligini tasdiqladi. Biroq boshqa tafsilotlardan bexabarligini aytdi.

Ozodlik Asaka tumani Xalq ta’limi bo‘limi rahbari O‘tkirbek Sulaymonov bilan telefon orqali bog‘lanib, izoh so‘radi. Sulaymonov ota-onalardan pul yig‘ilganini inkor qilib, ular o‘z xohishi bilan paxta terimiga yordam berayotganini ta’kidladi:

- Bizda paxtaga ixtiyoriy ravishda paxtaga chiqishga topshiriq berilgan. Xohlovchilar chiqib paxta tersin degan. Lekin pul yig‘ish to‘g‘risida hech kimga hech qanaqa topshiriq berilmagan. Xohlovchilar bo‘lsa, chiqib, paxtaga jalb qilinishi mumkin. Xohlovchi ota-onalar ixtiyoriy ravishda xohlasa borib tersin. Paxtasini pulini oladi. Bemalol terishi mumkin, degan narsani aytganmiz. Lekin birovdan pul yig‘ish degan gap bo‘lmagan,- dedi O‘tkirbek Sulaymonov Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlikka mamlakatning boshqa hududlaridagi maktablarida paxta uchun pul yig‘ish holatlari bor yoki yo‘qligi noma’lum. Lekin ota-onalardan paxta uchun pul yig‘ish amaliyoti avvalgi yillar ham kuzatilgandi.

Jumladan, o‘tgan yili Toshkent viloyati Chirchiq shahrining 18-sonli maktabida har bir o‘quvchidan paxta uchun 12 ming so‘mdan pul yig‘ilgani haqida yoritgan edik.

Aziz mushtariy, siz yashayotgan hududlardagi maktablarda paxta bilan bog‘liq vaziyat qanday? Bilganlaringizni Telegram va WhatsApp: +420 727 971 539 raqami orqali Ozodlikka yo‘llang.

XS
SM
MD
LG