Линклар

logo-print

O‘zbekiston poytaxtida jasadlarni tahqirlagan qotil ayol qo‘lga olindi. O‘zbekiston ichki ishlar xodimlariga ruxsat etilmagan tinch namoyishlarni bartaraf etishda qurol qo‘llash man etildi. Marg‘ilonda tadbirkorga tegishli binoni qonunga zid ravishda buzib tashlagan hokimlik vakili ma’muriy jazoga tortildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Toshkentda ona-bolani o‘ldirib, jasadlarni tahqirlagan qotil ayol ushlandi

Toshkent shahri Shifokorlar shaharchasida yashovchi fuqaro Shohida Sodiqova mudhish jinoyat qo‘l urdi (“Huquq”, 22 sentabr). Qayd etilishicha, Sh. Sodiqova bilan dugona tutingan ayol ikki oyda qaytarish sharti bilan undan 5 million so‘m qarz oladi. Ammo oradan 2-3 yil o‘tsa-da, qarzni qaytarolmaydi. Bu esa opa-singil tutingan ikki ayol orasiga sovuqchilik soladi. Sh. Sodiqova 2015 yil 12 oktyabrda Shifokorlar shaharchasidagi uyiga qarz olgan dugonasining onasini chaqirib, uni bolta bilan urib o‘ldiradi. O‘sha kuni qarz olgan dugonasini ham aldov yo‘li bilan uyiga olib kelib, ayni o‘sha usulda qatl qiladi. So‘ng jasadlarni tahqirlab, bo‘laklaydi va tsellofan paketlarga solib, Yuqori Toshkent kanaliga tashlab yuboradi. Bu orada Sh. Sodiqova qarzdor dugonasining voyaga yetmagan o‘g‘lini ham o‘ldirishga urinadi – uning bu rejasi amalga oshmay qoladi. Bosh prokuratura vakili Alisher Sultanovga ko‘ra, Sh. Sodiqova xavfli retsidivist deb topilgan va 13 yilu 4 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘zbekiston ichki ishlar xodimlariga g‘ayriqonuniy tinch namoyishlarni bartaraf etishda qurol qo‘llash taqiqlandi

O‘zbekiston ichki ishlar idoralari xodimlari kuch ishlatmasdan, jamoat tartibini buzmasdan o‘tkazilayotgan g‘ayriqonuniy yig‘ilishlar, mitinglar, namoyish, ommaviy chiqish va piketlarni bartaraf etishda maxsus vositalar, shu jumladan, gazli va shikastlantiruvchi qurol qo‘llashi taqiqlanadi (“Postda”, 20 sentabr). Joriy yil 16 sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev imzolagan “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunda ana shu talab ilgari surilgan. Qonunda jinoyatlarga chek qo‘yish va ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun jismoniy kuch ishlatishga izn beriladi. Ammo har qanday holatda ham odamning boshiga, bo‘yniga, o‘mrov suyagiga, qorniga, jinsiy a’zolariga, yurak sohasiga rezina tayoq bilan zarbalar berish taqiqlanadi. Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan olti oy keyin kuchga kirishi belgilangan.

Farzandini tungi ko‘ngilochar joylarga yuborgan 260 ga yaqin ota-ona javobgarlikka tortildi

Ota-onaning axloqsizligi, farzandiga befarqligi va oilaviy janjallar voyaga etmaganlarning jinoyatlarga qo‘l urishiga sabab bo‘lmoqda (“Oila davrasida”, 22 sentabr). O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklarning oldini olish bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2015 yilda respublika bo‘yicha 600 mingga yaqin oilada voyaga etmaganlarning turmush tarzi o‘rganilgan. O‘tkazilgan 6000 dan ortiq tadbirlarda voyaga yetmaganlar vaqtini tungi ko‘ngilochar joylarda o‘tkazishga yo‘l qo‘ygani uchun 178 nafar muassasa rahbari va 257 nafar ota-ona ma’muriy javobngarlikka tortilgan. 427 nafar qarovsiz bola vasiylik va homiylik organlari tasarrufiga olingan.

Tadbirkorning imoratini qonunga zid ravishda buzib tashlagan hokimlik vakili jazolandi

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri hokimligi mansabdori A. Kadirov tadbirkorga tegishli ob’ektni qonunga zid ravishda buzib tashlagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. “Huquq” nashri xabariga ko‘ra, Marg‘ilon shahridagi “Ziyo boqiy baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyati va yakka tartibdagi tadbirkor F. Karimovga tegishli qurilish ob’ektlari qiymati oldindan va to‘liq qoplanmagan holda buzib yuborilgan. Prokuratura aralashuvi bilan bunga yo‘l qo‘ygan hokimlik kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha guruh rahbari A. Kadirov javobgarlikka tortilgan. Qayd etilishicha, hokimliklar sodir etgan yerga oid yana uchta qonunbuzarlik aniqlangan.

XS
SM
MD
LG