Линклар

logo-print

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora Yunusova dublyaj sinxron tarjimaga aylanib qolganini bildirdi. Qoraqalpog‘istondagi qadimiy qal’adan Xorazm malikalari surati topildi.

Qadimiy qal’adagi Xorazm malikalari surati

Qoraqalpog‘iston hududidagi qadimiy qal’alarda Avstraliyaning Sidney universiteti mutaxassislari bilan hamkorlikda qazishma ishlari olib borilmoqda (“O‘zbekiston ovozi”, 22 sentabr). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpoq bo‘limi mudiri Qayrat Xo‘janiyozovga ko‘ra, hamkorlikdagi qazishmalar payti miloddan oldingi davrga oid zardushtiylar ehromidan devor suratlari topilgan. Ayni paytda Fransiya, Avstraliya va O‘zbekiston mutaxassislari restavratsiya qilayotgan suratda xorazmiy malikalar qiyofasi aks etgan. Avvalroq Elliqqal’a tumanidagi Tuproqqal’adan milodning II-III asrlariga oid loydan ishlangan haykalchalar, To‘rtko‘l tumanidagi Qo‘yqirilganqal’adan esa inson suyagi solingan ostadon, miloddan avvalgi IV-III asrga oid astrologiya asboblari topilgan.

Aktrisa Sayyora Yunusova: Dublyajda ijod yo‘qolib, qiyinchilik ko‘paygan

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora Yunusova dublyaj sinxron tarjimaga aylanib qolganini bildirdi (“Darakchi”, 22 sentabr). “Ijod yo‘qolib, qiyinchilik ko‘paygan, xolos. Nazarimda, har biri 10 ta qahramonga ovoz beradigan to‘rtta aktyorning o‘rniga, matnni bitta aktyor o‘qiydigan qilib qo‘yish kerak. Dublyaj maktabini qayta tashkil etish uchun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida dublyaj yo‘nalishini ochish kerak. Har yili qanchadan-qancha talabalar bitiradi, lekin teatrlarda bo‘sh ish o‘rni yo‘q. Natijada ular tirikchilik qilish uchun to‘yga chiqishni boshlashadi”, deydi aktrisa S. Yunusova.

Qarshi va Samarqandga chipta narxi 15 foizga oshdi

Toshkent-Qarshi-Toshkent va Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishidagi yo‘lovchi poezdlarining chipta narxlari 20 sentabrdan boshlab 15 foizga oshdi. Bu haqda bir qator matbuot nashrlari xabar berdi. Shuningdek, Toshkent-Andijon-Toshkent yo‘nalishi “O‘zbekiston” yo‘lovchi poezdi vagonlari narxi ham e’lon qilindi. Bunga ko‘ra, econom klass – 45 ming, business klass – 68 ming, VIP klass – 130 ming so‘m. Qayd etilishicha, yangi yo‘lovchi poezdi haqidagi batafsil ma’lumotlarni 1005 qisqa raqami orqali olish mumkin.

XS
SM
MD
LG