Линклар

logo-print

O‘zbekistonning muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoevning Andijonga safari arafasida shaharning "Eski shahar" bozoridagi tadbirkorlarga narxlarni tushirish, paxtakorlarga esa yo‘l bo‘yidagi paxtazorlardan paxta termay turishlik buyurildi. Bu chora Mirziyoevni ko‘zini "mo‘l-ko‘lchilik"dan yayratish maqsadida amalga oshirilayotgani aytilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajarayotgan Shavkat Mirziyoevning yakshanba kuni Andijonga safar qilishi kutilarkan viloyat hokimligi mulozimlari dehqonlarga oliy mehmon yurishi mumkin bo‘lgan dalalardan paxta termay turishni buyurdi.

Andijonning Shahrixon tumani Nazarmahram qishlog‘ilik fermer Ozodlik bilan suhbatda Mirziyoev tashrifiga 90 million so‘mlik yangi shiypon qurilganini aytdi.

"Yangi prezident kelishiga Andijon shahridan Shahixonni yo‘liga ketaverishdagi Dalvarzin qishlog‘i yonidagi dalalarda, asosan, old qatordagi paxtazorlarda paxta terilmasin, deyishdi. Mehmonga paxta ochilib turganini ko‘rsatish uchun maxsus dorilarni sepib barglarini tushirishyapti. O‘sha erda 90 million so‘mga shiypon ham qurishdi. Bu shiyponda Mirziyoev paxtakorlar bilan uchrashar ekan," - dedi shahrixonlik dehqon.

Suhbatdosh o‘z so‘zlariga isbot tarzida Ozodlikka video va fotosuratlarni ham yo‘lladi.

Bu amal O‘zbekistonda birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

O‘tgan yili Mirziyoevning Farg‘ona safari chog‘ida yo‘l bo‘yidagi paxtazorlardan terib olingan paxtalar¸ chanoqqa qaytadan yopishtirilib qo‘yilgandi.

Ayni paytda Andijon viloyati hokimligi binosi va "Eski shahar" bozori atrofidagi qurib yotgan archalarga yashil rangli bo‘yoqlar ham sepilmoqda.

Bozorda narxlar tushirildi

Ayni paytda Andijon shahrida byudjet tashkilotlari, kollej va maktab o‘quvchilari Mirziyoev kelishiga shaharni tozalash ishiga jalb etilmoqda.

Shahardagi "Eski shahar" bozoriga kiraverish qismi ta’mirlanmoqda.

Andijonga safari chog‘ida Shavkat Mirziyoev "Eski shahar" dehqon bozorini ko‘zdan kechirishi va u erdagi tadbirkorlar bilan uchrashishi kutilmoqda.

Bu bozorda go‘sht maxsulotlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda bozor ma’muriyati ularga mamlakat vaqtli rahbari keladigan kunda narxlarni tushirishga buyruq berganini aytdi.

"Narxlarni tushirasizlar, deyapti. Nima qilasiz endi, bir kunlik tashrif, ilojimiz yo‘q, tushirsak tushiraveramiz zarariga bo‘lsa ham," deydi ismini aytmagan andijonlik savdogar.

Andijonlik savdogarlarga ko‘ra, muvaqqat rahbar kelishidan oldin shahar do‘konlarida plastik kartalar va naqd pulga bir xil narxlar belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekistonda davlat yoki hukumat rahbari tashrifi munosabati bilan bozorlarda narxlar ataylab tushirilishi, oliy martabali mehmon ketishi bilan ko‘tarilishi avvallari ham bo‘lgan.

Uch kun avval Mirziyoev Toshkent yaqinidagi Angren shahriga borganida shahar Dehqon bozorida narxlar sun’iy tushirilgan, mehmon ketishi bilan avvalgi holiga qaytgan edi.

"Bularni hammasi xo‘ja ko‘rsin uchun, "katta" ketishi bilan hammasi avvalgi holiga qaytadi," deydi angrenlik tadbirkor.

Prezidentlikka nomzodi ilgari surilgan Mirziyoevning Andijonga tashrifi uning saylovoldi tadbiri o‘laroq ko‘rilayotir.

O‘tgan haftada O‘zbekistondagi O‘zLiDeP partiyasi siyosiy kengashi a’zolari Shavkat Mirziyoev nomzodini prezidentlikka ilgari surgan edi.

O‘zbekiston prezident saylovi 4 dekabrda bo‘lib o‘tadi.

8 sentyabrda O‘zbekiston Senati tomonidan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston konstitutsiyasining 96-moddasiga zid tarzda O‘zbekiston muvaqqat prezidenti etib tayinlangan edi.

XS
SM
MD
LG