Линклар

logo-print

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 23 sentabr kuni BMT Bosh assambleyasining 71-sessiyasida qilgan ma’ruzasida O‘zbekiston hech bir harbiy-siyosiy blokga qo‘shilmasligini aytdi. U O‘zbekiston hukumati bundan buyon ham davlat manfaatini himoya qilishga qaratilgan tashqi siyosatini saqlab qolishini ta’kidladi.

BMTning Nyu-York shahrida o‘tayotgan 71-sessiyasida nutq so‘zlagan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘z mamlakati hech bir harbiy-siyosiy blok yoda ittifoqqa qo‘shilmasligi va o‘z hududida xorijiy harbiy bazalarni joylashtirmasligini aytdi.​

"O‘zbekiston boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik hamda vujudga kelgan barcha ziddiyat va mojarolarni tinch, siyosiy yo‘llar bilan hal etish tarafdoridir. Mamlakatimiz harbiy-siyosiy blok va ittifoqlarga qo‘shilmaslik, o‘z hududida xorijiy harbiy bazalarni joylashtirmaslik, qurolli kuchlarimizni mamlakat hududidan tashqariga safarbar etmaslik qoidalarini printsipial va yagona tanlov sifatida qabul qilgan. Masalaga shunday yondashuv, biz uchun eng to‘g‘ri qaror deb hisoblaymiz," dedi Komilov.

O‘zbek diplomatiyasi rahbarining bu bayonoti mamlakat birinchi prezidenti Islom Karimov belgilab bergan tashqi siyosat yo‘nalishi o‘zgarmaganini ko‘rsatadi.

Islom Karimov ham o‘z chiqishlarida mamlakati harbiy bloklarga qo‘shilmasiligi va xorijiy harbiy bazalarning o‘z davlati hududiga joylashtirilishiga qarshi ekanini bir necha bor ta’kidlagan.

Karimov o‘limidan so‘ng xalqaro yig‘ilishlarda O‘zbekistonni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov tamsil etmoqda.

Shu oy o‘rtalarida Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDHga a’zo davlat rahbarlari sammitida ham O‘zbekiston muvaqqat rahbari Shavkat Mirziyoevning o‘rnida Komilov ishtirok etgan edi.

"O‘zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev aytganlaridek, O‘zbekiston bundan buyon ham barcha davlatlar bilan tenglik va o‘zaro hurmatga asoslangan do‘stona va konstruktiv hamkorlikni amalga oshiradi," dedi Komilov BMT sessiyasidagi nutqiga yakun yasarkan.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq muammolarni kamaytirish borasida qabul qilingan dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish va bu borada zarur moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish lozimligini ham ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG