Линклар

O‘zbekistonda paxta terimi mavsumi avj pallaga chiqqan bir paytda mamlakat jome masjidlarida juma kungi namozlarda aholi paxta terimiga chiqishga da’vat qilindi. Ba’zi imomlar, hattoki, paxta terish har bir musulmon uchun "vojib amal" deya hukm chiqargan. Shu bilan birga aksar masjidlarda namozxonlardan paxta terimi uchun pul ham yig‘ilmoqda.

O‘zbekiston masjidlarida juma kungi namozlarda Allohdan mo‘l paxta hosili so‘rab, aholini terimga chorlovchi va’zlar aytildi.

23 sentabr kuni Toshkentdagi "Hazrati Ali" jome masjidiga juma namoziga borgan toshkentlikliklardan biri imom paxta terishni vojib deb, e’lon qilganini aytdi.

"Imom-xatibimizni aytishlaricha paxta terishlik vojib ekan. Paxta terib, mamlakatimiz xirmoniga hissamizni qo‘shishimiz, terimchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlashimiz kerak ekan," dedi ismi sir qolishini istagan toshkentliklardan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Toshkentdagi "Hazrat Ali" jome masjidi mutavallilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda juma namozlarida aholini paxta terimiga chorlovchi da’vatlar O‘zbekiston Musulmonlar idorasi topshirig‘i bilan bo‘layotganini tasdiqladi.

"Bizga berilayotgan tezislarda kelyapti, "paxtani yoritinglar" deb. Kecha jumada alohida tezis kelgandi, imomimiz shuni chiroyli qilib gapirib berdilar. "Paxta milliy boyligimiz uni uvol qilmay terib olish vojib, ya’ni shart", deb aytdilar, to‘g‘ri," dedi masjid mutavallisi.

Ozodlik O‘zbekistondagi boshqa masjidlarda ham o‘xshash chaqiriqlar bo‘lganini aniqladi.

Fiqhshunos olim Muhiddin Shirinovning izoh berishicha, vojib - bajarishi talab qilinadigan amallardan hisoblanadi.

Paxta terimiga chaqiriqlar bilan birga masjidlar aholi va homiylardan tushgan sadaqa va ehsondan paxta terimi uchun ham mablag‘ yig‘ib bermoqda.

"Tepadan paxta terimini moliyaviy qo‘llab-quvvatlanglar, degan topshiriq ham bo‘lyapti. Dam olish kungi paxta terimi uchun bizga tushgan ehsonlar va homiylardan berilgan mablag‘lardan 360 ming so‘m pul yig‘ib berdik. Bu pul terimchilarga berilar ekan," dedi Toshkentdagi boshqa bir masjid mutavallisi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasining joylardagi bo‘limlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, paxta mavsumida imomlar zimmasiga yuklangan mas’uliyatli vazifa faqat paxta targ‘iboti yoki paxta uchun pul yig‘ish emas.

Qishloq joylaridagi ayrim masjidlarda imomlar bu yil ham paxta terimiga chiqarilgan.

O‘zbekistonda din davlatdan ajratilgan esa-da, kuzatuvchilarga ko‘ra, mamlakatdagi diniy muassasa va tashkilotlar faoliyati huquq-tartibot idoralari tomonidan qattiq nazorat qilinadi.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda odamlarning majburlab paxta terimi, dala mehnatiga jalb etishini tankid qilib keladi. Bir qator tashkilotlarni birlashtirgan Cotton Campaign guruhi ham O‘zbekistonda insonlar o‘z ixtiyorlariga qarshi dala mehnatiga majburlanayotganini aytib, hukumatni majburiy mehnatdan voz kechishga davomli chaqirib keladi.

XS
SM
MD
LG